Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Orzu” adabiy toʻgaragi aʼzolari mashqlaridan

Yangiyoʻl tuman gazetasi qoshidagi Orzu adabiy toʻgaragiga Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tamal toshini qoʻygan. Mana yarim asrdirki, bu toʻgarak yangiyoʻllik isteʼdodlarga ustozlik qilmoqda. Bolalar adabiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshgan Abdurahmon Akbar, Muhayyo Toʻlaganova, Obid Rasullar ham shu toʻgarakda kamol topishgan. Bugungi kunda toʻgarakka isteʼdodli yozuvchi-pedagog, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ulugʻbek Mustafo rahbarlik qilmoqda. “Orzu” toʻgaragi faoliyati 2019-yilda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan viloyatda eng yaxshi toʻgarak deb topildi.

Bugun yangiyoʻllik yosh qalamkashlar sahifamiz mehmoni.

 

Aqlim sultoni

Yoʻl oldim bagʻring tomon,

Ilm-u irfonga makon.

Onam kabi mehribon

Aqlim sultoni – maktab.

 

Ilmga oshno qilding,

Togʻdek suyanchim boʻlding.

Bizlarni farzand bilding,

Aqlim sultoni – maktab.

 

Oʻrgatding hayot yoʻlin,

Choʻzib kelajak qoʻlin.

Sen sabab oyim toʻlin,

Aqlim sultoni – maktab.

 

Yuksaladi savodim,

Dadil tashlayman odim.

Qalbimda yashar oting,

Aqlim sultoni – maktab.

 

Diyora BAXTIYOROVA,

27-maktabning 8-sinf oʻquvchisi

 

Havas

Baxshidadir bizga umri,

Qalbi daryo ustozim.

Bilimingiz misli ummon,

Sizga baland ixlosim.

 

Siz-la bizga ertaklarday

Moʻjizali bu olam.

Tilsimotlar sir-asrori

Ochiladi har qadam.

 

Mehringizdan olib quvvat,

Dilda oshdi ezgu niyat.

Katta boʻlsam sizga oʻxshab,

Ustoz boʻlaman, albat.

 

Sayyora MIRZARAHMATOVA,

23-maktabning 7-sinf oʻquvchisi

 

Buyuk kelajak sari

Shirin orzu, cheksiz umidlar

Ogʻushida yashaymiz bugun.

Bizga hamroh goʻzal tilaklar,

Bel bogʻlaymiz kelajak uchun.

 

Kitob sochgan maʼno durlarga,

Ziyo istab boʻldik bahramand.

Bormoq uchun ravon yoʻllardan

Xayollarim ilm ila band.

 

Gulbonu ABDUJAMILOVA,

49-maktabning 11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.