Qish tongi
Qishning yana bir tongi otdi. Tongning kuzgi barglarni chirpirak qilib o‘ynaydigan, bir tezlashib, bir yuvosh tortib qoladigan qaysar shamoli nimadir o‘ylab terak uchida to‘xtab qoldi. Ana ko‘k yuzida oy suvda qalqqan olmadek suzib yuribdi. Tun bo‘yi chaqnab turgan yulduzlar hademay bo‘y ko‘rsatadigan quyoshning porloq nurlaridan xijolat chekkandek musaffo osmonga jimgina singib ketayapti. Yorug‘lik xuddi tun atalmish zulmat bilan jang qilayotgandek butun borliqni qamrab olyapti. Havoni aytmaysizmi, naqadar sof, naqadar toza. To‘yib-to‘yib nafas olaman. Sog‘lom bo‘lish uchun, albatta.
Yozda chug‘ur-chug‘ur qilib suhbat quradigan qushlar yo‘q. Ular o‘rnida qop-qora qarg‘alar daraxtlarga tarnovdagi sumalaklardek tizilib olishibdi. “Qag‘-qag‘”. Men ularning bu ma’noli sayrashlarini fahmlashga urinaman. Balki ular “qor-qor” deyishayotgandir. Ehtimol bu qushlarning sirtlari zulmat kabi qop-qora bo‘lsa ham ko‘ngillari qordek oppoq, ezgulikka oshnodir. Shu zumda sho‘x shamol yurmaysanmi, degandek yelkamni turtib o‘tdi.
Uzun, katta ko‘cha bo‘ylab yurar ekanman, tabiat go‘zalligidan ko‘nglim ochilib bordi. Atrof oppoq qor. Ko‘chaning bir tomoni daraxtlar, daraxtlar ortida tomini qor bosgan uylar. Bir tomoni esa oppoq dala, qarg‘alarni qo‘shmaganda, albatta, ular kuzda yashirgan yong‘oqlarini qidirish bilan band. Shu choq qalin bulutlar orasidan chiqqan quyosh nurlari sovuqdan qizargan yuzlarimni erkaladi-yu, yana yashirinib oldi. Balki kimlardir bu holatni sezmagandir. Shukurki, men bu go‘zallikni ko‘rdim, ko‘ra oldim. Ko‘nglim ham shu tongdek oq, oppoq orzularga to‘ldi.
Gulchiroy HUSANOVA,
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani
3-maktab 7-sinf