Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qoʻshaloq omad

Bolalik bogʻlarida quvnab yurish, bu davrning yoqimli onlarini his etish dunyodagi eng katta baxt hisoblanadi. Garchi oʻsmir boʻlsam ham, ijod bilan bolalikka qaytgandek boʻlaman. Eng quvnoq, eng aziz va latif hisoblangan bu davr haqida toʻlib-toshib, jon dilim bilan ijod qilgim, barcha mavzularni pokiza tuygʻular egasi boʻlgan bolalar nigohida tasvirlagim keladi. Yaqinda, Xalq taʼlimi vazirligi Respublika bolalar kutubxonasi hamkorligida “Men eshitgan ertaklar” tanlovini oʻtkazishi haqidagi eʼlonni oʻqib suyunib ketdim. Chunki anchadan buyon ertaklar yozyapman-da. Tanlovda qatnashish uchun yangi “Oltin ketmon” degan sheʼriy ertak yozishga kirishdim. Xuddi, ertak qahramoni oʻzimdek xotimaga gal kelishini xohlamas edim. Sababi, qancha koʻp davom etsa, qahramonlarning qirralari shuncha koʻp namoyon boʻlardi-da. Lekin, tanlovning ham, ertakning ham talabi bor. Koʻp yozaman, deb mazmunga putur yetsa, shuncha qilingan ijod oʻz qadrini yoʻqotishi mumkin. Yozib boʻldim-u ustozim, sevimli yozuvchimiz Xudoyberdi bobo Toʻxtaboyevga qoʻngʻiroq qildim.

– Assalom-u alaykum, ustoz. Yaxshimisiz? Sogʻliqlaringiz yaxshimi?

– Vaalaykum assalom, oʻgʻlim. Sirdaryodan Yorqinjonmisan?

– Ha, ustoz. Menman. Ustoz, ertaklar tanlovida qatnashyapman. Oq fotiha bersangiz, deb qoʻngʻiroq qilayotgan edim.

– Barakalla. Ertak yozgan kishidan yomonlik chiqmaydi. Shunchalik mehnat qilib, shijoat koʻrsatib, ertak yozayotgan ekansan, yuzing yorugʻ boʻlsin. Ilohim, gʻoliblik nashidasini surgin, – duo qildilar ustoz.

Bu suhbatimizning eng shirali joyi edi. Telefonda ustozdan shu qadar foydali maslahatlar oldimki, bunga Janni Rodarining “Telefonda aytilgan ertaklar” turkumi ham teng kela olmasa kerak, menimcha. Ertakni yuborgach, yakunni hayajonda kutdim. Shu orada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan “Men muallifman” tanlovining Respublika bosqichida hikoya yoʻnalishida sovrindor boʻldim. Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning qoʻlidan diplom va mukofotlarni qabul qilib, joyimga oʻtirishim bilan, qoʻl telefonimga xabar keldi. Xabarda, “Men eshitgan ertaklar” tanlovida 3000 ta ertakni ichida mening ertagim birinchi oʻringa loyiq topilgani yozilgan edi. Qoʻshaloq omad deb shuni aytishsa kerak. Yaqinda bolalar kutubxonasida taqdirlash marosimi boʻldi. Respublikaning barcha hududlaridan ijodkor uka-singillarim qatnashgan tadbirda menga notebook sovgʻa qilishdi. Xullas, ertaklar yaxshilikka yetaklar, deganlari kabi bolalar adabiyotidagi harakatlarim meni faqat va faqat yaxshiliklar sari undamoqda. Shu oʻrinda barcha uka-singillarimga ijodga qiziqishlarini, koʻp ertak tinglab, ularning magʻzini chaqishga harakat qilishlarini tilab qolaman. Sababi biz, kelajakning Xudoyberdi Toʻxtaboyevi, Janni Rodarisi va Anvar Obidjonlari boʻlishimiz kerak.

 

Yorqinjon HAYITBOYEV,

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 15-maktabning 11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.