Quyoshga kulib qara
Tun tashlar qora poʻstin,
Tong ajoyib manzara.
Gar mahzun boʻlsang, doʻstim,
Quyoshga kulib qara.
His qil quyosh taftini,
Dard-u gʻamlaring unut.
Choʻzsa nurli kaftini,
Sen ham unga qoʻling tut.
Tomchi-tomchi koʻzyoshing,
Toʻkilsa qatra-qatra.
Boʻlar yaqin sirdoshing,
Quyoshga kulib qara.
Qolmagin zulmat aro,
Oftobdayin porlagin.
Qalbingga berib oro,
Ezgulikni chorlagin.
Arofatbonu MULLAJONOVA,
Namangan davlat universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetining Tarix yoʻnalishi 1-kurs talabasi