Sizga haykal qo‘ydik Qashqadaryoda
Bizga hamroh “suhbat, saboq, qayd”ingiz,
O‘qiyapmiz she’r-u doston, baytingiz.
Madhiyasiz tong otarmi, ayting Siz?
Nomingiz o‘chmagay, takrordir yodda –
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
“Jannatga yo‘l”, “Ranjkom” va “Sohibqiron”
Yetti iqlim aro dovrug‘i doston.
“Munojot”ni o‘qib yig‘lar olomon,
Bahr-u bayt jaranglar, har bir davrada,
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
O‘zbek qahramoni, shoir-sardori,
Sizning har baytingiz elning ash’ori,
Yuksak sharaflandi ijod diyori,
Iqboli kulgan yurt, ilmi ziyoda –
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
Aziz boshda do‘ppi, yelkada chopon,
Qo‘lda kitob mangu hamroh begumon,
Qaroqlar quvnaydi ko‘rib, dilda shon.
Izdoshlar nomidan berishib va’da –
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
Yoshligingiz o‘tdi mo‘jaz qishloqda,
Xayol og‘ushida kezib ovloqda.
Ustoz, har satringiz o‘tli, qaynoq-da,
Mumtozlar safida, adabiyotda –
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
Har shoirga bir bog‘ qoldirmoq – tilak,
She’r ishqida yonib, tepmoqda yurak.
Sizga taraf yo‘qdir, yo‘lingiz bo‘lak,
Hayotingiz ibrat bizga dunyoda –
Sizga haykal qo‘ydik, Qashqadaryoda.
E’zoza YO‘LDOSHEVA,
Abdulla Oripov nomidagi
Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi