Tush
Abdugʻani darsxonasiga kirib qarasa, stoli ustida turgan darsliklar oʻzaro gaplashayotganmish:
– Bu bolakay rosa oʻzbilarmon, bezori. Chunki darsda mashqlarni kitobdan koʻchirmay, daftariga allanimalarni yozib tashlaydi, – debdi “Ona tili”.
– Mendagi masala va misollarni notoʻgʻri bajarib, shakllarni yaxshi chizmagan, – debdi “Matematika”.
– Mavzu tabiatning rasmini chizish edi, bu esa bir-biridan xunuk maxluqlarni rasmini chizib, meni rosa xafa qilgan, – debdi “Tasviriy sanʼat”.
– Shuning uchun bu bolakayni jazolash kerak! – debdi darsliklar baravariga.
– Yoʻ-oʻ-q! – deb bor ovozi bilan qichqiribdi Abdugʻani va uygʻonib ketibdi. Xayriyatki, koʻrganlari tush ekan. Darrov oʻrnidan turibdi-da, yuz-qoʻlini yuvib, dars qilishga tutinibdi. Bundan keyin darsliklarni xafa qilmaslikka ahd qilibdi...
Asrorbek MADALIEV,
Toshkent viloyati Angren shahridagi
22-maktab oʻquvchisi