Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xayollar…

Mening xayollarim... Oh, buncha chiroylisizlar-a! Hayot bermagan zavqni sizlar berasizlar go‘yo. Men sizlarni dunyodagi eng chiroyli gullarga o‘xshatgim keladi, ifori olamni tarovatga to‘ldiradi. Gulni shunchalar sevamizki, uni ko‘rgandan so‘ng qanday uzib olganimizni sezmay qolamiz. Keyin... Keyin so‘lib qoladi.

Yo‘q! Go‘zallik so‘lmasligi kerak. Demak gul emas. Balki bahordir! Chunki bahor chiroyli-da! Ayniqsa, yomg‘irdan so‘ng, rango-rang kamalak jilosi... Qaldirg‘ochlarning vijirlashini aytmaysizmi! Daraxt bag‘ridagi kurtaklarning gulga aylanishi! O, bularning barchasi go‘zal! Sevinchim ichimga sig‘may yonidan ketgim kelmaydi. Keyin gullar mevaga aylanadi, bahor o‘rnini yoz egallaydi... E yo‘q, nega faqat o‘tkinchi narsalarni eslayapman. Bahor foniy, men esa abadiylarini topishim kerak.

Osmonmi? Osmon bilan bulut. Biri oq, biri ko‘k. Bundan ortig‘ini topib bo‘ladimi?! U faqat yaxshilik qiladi. Qishda bolalar quvonchi uchun qor yog‘diradi. Boshqa fasllarda yer, daraxtlar uchun ko‘kni qora bulut qoplab bo‘lsa-da, yomg‘ir yog‘diradi.

Menimcha, bu ham to‘g‘ri kelmaydi. Chunki men qora bulutni inobatga olmabman. Afsus.

Topdim! Ha, ha, topdim. Eh, nega oldinroq sezmabman-a! Xayol! Eng chiroyli, eng go‘zali ham o‘zingsan. Chunki men aytganlarning barchasi senda mujassam. Dunyoda so‘limaydigan gul ham, yil o‘n ikki oy bahor ham, osmonda suzib yuradigan eng chiroyli bulut ham, senikidir. Sen bor ekansan, hayotga ishonch bilan boqaman. Orzularim jo‘shaveradi va o‘sha orzular meni olg‘a yetaklaydi. Hayot bor ekan xayol ham yashayveradi. Har kimning o‘z xayolot olami bo‘ladi. Men ham hozir xayolim bilan suhbat qurdim. Chunki u xayol – mening xayollarim.

 

Madina MAMASAIDOVA,

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 24-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.