Maqtar har kuni onam
Majnuntol
Sen betartib qiz bo‘psan,
Hoy, majnuntol, majnuntol,
Yo‘qmi, axir bog‘iching?
Sochlaringni yig‘ib ol.
O‘zga yurt
Barcha sharoit bor-ku,
Ammo meni aqlim lol.
– Nima uchun bananvoy,
Boshing egik, qadding dol?
– Sharoit yomon emas,
Yo‘q kamchilik demasman.
Lekin, tushun birodar,
O‘z yurtimda emasman.
Ko‘makchi
– Ko‘makchi nima ekan?
So‘radi ustoz kulib.
Sakrab o‘rnidan Aziz,
Javob berdi shoshilib.
– Idishlarni yuvganda,
Uyni supurganda ham.
Ko‘makchi deb singlimni,
Maqtar har kuni onam.
Mehr qo‘shib
Ovqatning ham bo‘ladi,
Achchiq yoki shirini.
Men bilaman haqiqiy,
Shirin ovqat sirini:
Kim agar tayyorlasa
Taomni dildan jo‘shib,
Eng muhimi, ovqatni,
Pishirsa mehr qo‘shib.
Dilnoza Tillaboyeva
bir necha yillardan beri she’rlar mashq qilmoqda. O‘tgan 2016-yili Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Sharqshunoslik akademik litseyini tamomladi. Dilnozaning yangi yozgan she’rlarini o‘qib behad quvondik. Chunki u muxlislar qalbiga kirib boradigan she’rlar yozibdi.