Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ma’rifatchi buvijonim

Buvim Mashhura Normatova oliy ma’lumotli o‘qituvchi. Uyimizda juda katta kutubxonamiz bor. Hatto mahalladoshlarimiz ham oilaviy kutubxonamizdan foydalanishadi. Buvim o‘rganib chiqibdilar. Yil davomida “Ikki eshik orasi” romanini 110 ta qo‘shnimiz, “Yulduzli tunlar” va “Ulug‘bek xazinasi” kitoblarini 100 ta qo‘shnimiz o‘qib chiqibdi. Anvar Obidjon va Xudoyberdi To‘xtaboyev kitoblariga bolalar navbatga turishadi. Men o‘zim esa Oqiljon Husanovning “Tog‘da o‘sgan bola” kitobini 5 marta o‘qidim. Sinfdoshlarimga ham shu kitob yoqdi. Uni hazillashib “O‘zbekning Mauglisi” deymiz. Mahallamizdagilar buvijonimni “Ma’rifatchi opa”, deyishadi. Buvijonimning sharofati bilan barcha qo‘shni bolalar ham kitob bilan do‘stlashishdi.

Buvijonim, mahallamiz bolalariga ko‘proq she’r yodlashni maslahat beradilar. She’r yodlagan bolalarning xotirasi o‘tkir bo‘larmish.

Men shu kungacha 300 ga yaqin she’rni yod olganman. O‘tgan yili “Eng ifodali she’r o‘qish” mavzusida o‘tkazilgan shahar tanlovida g‘olib bo‘ldim. Bundan quvongan buvijonim menga yana kitob sovg‘a qildilar.

 

Zumrad ABDULLAYEVA,

Surxondaryo viloyati Termiz shahar 3-maktab 4-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.