Orzular ushaladi
Adabiyot darsida “Mening orzuim”, degan mavzuda insho yozdik. Mening inshoimda “Kelajakda jurnalist bo‘lmoqchiman. Jamiyatdagi muammolarni ochiq-oydin yozib, ularning bartaraf qilinishiga hissa qo‘shmoqchiman”, degandim. Inshoim yaxshi baholandi. Ustoz yuqoridagi satrlarni ovoz chiqarib o‘qib berdi. Shunda guruhdoshim Jamshid, jurnalist bo‘lish oson ekanmi?! Jurnalist gapga chechan, hozirjavob bo‘ladi. Sen indamasdan jurnalist chiqishiga ishonmayman, deb ustimdan kuldi. Men ikkilanib qoldim. Uyga kelgach, o‘zimni chalg‘itish uchun qo‘limga kitob oldim. Bu kitob Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Jannati odamlar” asari edi. Kitobda muallifning bolalarga qarata aytgan “Orzusi bor odam – eng kuchli odam. U orzularidan ruhiy quvvat oladi. Maqsadlariga intiladi”, degan so‘zlari xuddi menga atalganday edi. Bu da’vat qulog‘im ostida tinmay jarangladi.
Noxush xayollardan qutqargan kitobni asta silarkanman, ha, mening orzuim bor. U tomon intilaveraman, qiyinchiliklardan sirayam qo‘rqmayman, deb o‘zimga so‘z berdim.
Zarina AHMEDOVA,
Toshkent pedagogika kolleji o‘quvchisi