Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi nomlar kashf etib...

(havaskorlar mashqlariga bir nazar)

 

Tahririyatdagi ish kunimiz Xatlar bo‘limidan boshlanadi. Pochtalyon amaki erta tongdan qo‘limizga bir dasta konvert tutqazadi-da, buyurtma xatlar uchun imzo qo‘ydirib oladi. “Hayotni, atrof-borliqni his etish – bizga bolalikdan ato etilgan qobiliyat”, – degan edi rus adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Konstantin Paustovskiy. Demak, Paustovskiy ham sizning yoshingizda tahririyatlarga xatlar yuborgan.

Biz bir boshdan konvertlarni ochishni boshlaymiz.

Mana bu maktub Navoiy shahridagi 2-maktab o‘quvchisi Jamshid Eshpo‘latovdan kelibdi. Keling, Jamshidning ustoz haqidagi she’rini birgalikda o‘qiymiz:

Onam kabi bilaman,

O‘gitingiz olaman.

Mehrim sizga poyandoz –

Yo‘lingizga solaman.

Ko‘rinib turibdiki, bu o‘quvchimiz she’r yozish qoidalari haqida ustozlarining ko‘rsatmasiga amal qilgan. Qofiyadosh so‘zlarni o‘rinli qo‘llab, bo‘g‘inlariga yaxshi e’tibor bergan. Chiroyli badiiy ifoda ham bor. Demak, Jamshidning she’rini jurnalning keyingi sonlaridagi “Nishona” sahifasiga berish uchun olib qo‘ysak bo‘ladi. Navbatdagi maktubni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani 23-maktab 8-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Obloqulova yuborgan. Yoshlar ittifoqi faoliyatidan to‘lqinlanib yozilgan she’r:

Dillarga umid berding,

Orzularni ro‘yo qilding.

Biz yoshlarga imkon yaratding,

O‘zimizga bo‘lgan ishonchni

Qaytarding bizga, ittifoq!

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi ro‘yo so‘zining tagiga chizib qo‘ydik. Ko‘pchilik yosh qalamkashlarimiz so‘zning yukini, ma’nosini bilib-bilmay qo‘llashadi. Chiroyli ifoda, o‘xshatish yarataman deb ishlatgan so‘zi jumlaning mazmun-mohiyatini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Ro‘yo so‘zi mantiqan amalga oshmaydigan istak, sarob orzu ma’nolarini anglatadi. Aslida Shahrizoda ro‘yob so‘zi bilan ro‘yo so‘zini adashtirib yuborgan.

Bo‘kalik Ro‘za Toliboyeva ham Yoshlar qanotiga bag‘ishlangan she’rida “Ro‘yo topayotir dildagi tilak” deya xuddi shu xatoni takrorlagan.

She’r yozish uchun qo‘liga qalam olgan havaskor avvalo, badiiy bo‘yoqdor so‘zlar, qofiya, ritm haqida dastlabki tushunchaga ega bo‘lishi kerak. Misol qilib namanganlik Behzod Nazarovning “Chust zamini” she’rini olamiz:

Bunda hamma ijodkor,

Dovrug‘i elga doston.

Xalqi azal bunyodkor,

Chustiy kabi g‘azalxon...

Demak, Behzodning qoralamalari haqida ijobiy xulosa yasasak bo‘ladi.

Ba’zan yosh qalamkash kattalarga taqlidan “aqlli” fikrlar bildirmoqchi bo‘ladi. O‘zi tushunmagan, tasavvurga ega bo‘lmagan mushohadalarni qalamga oladi:

Dunyodan odamlar ketadi, ammo

Boylik, davlatini olib ketolmas, deb yozadi andijonlik Muazzam Valiyeva. Yoki buxorolik Muhabbat Ahmatovaning “Dunyo o‘yini” mashqiga e’tiboringizni qaratsak:

Bu dunyo aslida o‘yin maydoni

Kimdir rost o‘ynaydi, kimdir yolg‘onchi...

O‘z yoshiga munosib bo‘lmagan fikrlarni aytish bichimi o‘ziga katta libosni kiyib olib, yurishga qiynalayotgan odamni yodga soladi. Hamma narsa o‘z o‘lchami bilan, o‘rnida, chiroyli. Bundan tashqari nasihat mazmunidagi she’rlar o‘quvchi tomonidan yaxshi qabul qilinmaydi. Qolaversa, har ikkala havaskor qizimiz bergan fikrlar allaqachon boshqalar tomonidan aytilaverib eski gapga aylanib bo‘lgan. She’r – bu yangi qarash, ifodalarning dunyoga kelishi, yangilik demak. Ko‘chirib olingan tashbehlar, tasvirlar shunchaki ko‘chirmakashlik yoki taqlidning ayni o‘zidir.

Qo‘lingizga qalam olarkansiz, boshqalarni hayron qoldirish uchun emas, qalbingizni to‘lqinlantirgan, hayajonga solgan hislarni boricha tizginga solish uchun yozing. Bunda so‘z boyligingiz darhol yordamga keladi. Qog‘oz qoralashda shoshqaloqlik yaramaydi. Yarim soatda 16 qatorli mashqni qalashtirib tashlash, ko‘p yozish jo‘shqin ijodni anglatmaydi. Aksincha, yozganlarimiz xom-xatala bo‘lib qolishi mumkin.

Yana qoralamalarga diqqatimizni qaratsak. “Yeyib bo‘lgach olmani”, debdi yakkabog‘lik Ra’no Erkinova, qarshilik Sabrina Jo‘rayeva esa “Hilol suvlar sharqirar”, deya o‘xshatish qilibdi. Samarqandlik Sarvinoz Abdullayevaning “Milliyliklar boshlandi”, bekobodlik Malika Saidbekovaning esa “Padarkumushing bor, mehribon onang” degan fikrlari qanday ma’no anglatishini bilolmadik. O‘zbek tilida “yeyib”, “padarkumush” degan so‘zlar mavjud emas. Milliy an’analarni milliyliklar deyish, suvga nisbatan “hilol” so‘zini ishlatish xato. Hilol – bu oy, suv – zilol bo‘ladi.

Buxorolik Zulxumor Yo‘ldoshevaning she’riga qo‘yilgan “Ilmning kuchi” sarlavhasi e’tiborimizni tortdi. Husnixati ham chiroyli ekan. Biz kutgan she’r bo‘lsa kerak, deya satrlarga ko‘z yugurtirdik:

Mehr berma, olma ham, toki yuraging,

Aylanib qolguncha sovuq temirga.

Senga hech kim kerakmas, yo‘qdir keraging

Ishonchga, umidga, do‘stga, mehrga!

Zulxumorninng fikrlariga mutlaqo qo‘shilmaymiz. Vatanimiz bag‘rida ulg‘ayayotgan har bir o‘g‘il-qiz millatimiz boyligi, ota-ona umidi. Ozgina xafagarchiliklar sabab tushkunlikka berilib ularni she’rga singdirish yaramaydi. Bunday pessimistik ruhdagi o‘ylardan voz keching, jaholatga yo‘l bermang. Aksincha, do‘stlaringizni ham yorug‘ kelajak tomon intilishga ilhomlantiring!

Qo‘limizda xatlar ko‘p, ammo ba’zi juz’iy kamchiliklardan xoli bo‘lmagani uchun ulardan foydalana olmadik. Navoiy viloyati Nurota tumani 10-maktab 6-sinf o‘quvchisi Dilnura Ismatova, Buxoro viloyati 4-maktab 5-sinf o‘quvchilari Gulniso Subhonova, Mehrangiz Qo‘shshayeva, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 34-maktab 8-sinf o‘quvchisi Aziza Xayrullayeva, Farg‘ona viloyati Beshariq tumani 32-maktab 8-sinf o‘quvchisi Iqboljon Abdurahmonov, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 85-maktab 8-sinf o‘quvchisi Ma’ruf Boymatov, Buxoro viloyati Romitan tumani 29-maktab 8-sinf o‘quvchisi Muazzam Safarova, G‘ijduvon tumani 4-maktab o‘quvchisi Durdona Nabiyevalarga qunt, e’tibor va qiziqishlari uchun minnatdorlik bildiramiz.

Mashqlaringizni konvertga joylashdan oldin ustozingizga ko‘rsatib oling. Ba’zan imlo xatolarga g‘ij-g‘ij to‘la, bo‘yalgan, o‘chirilgan xatlarni o‘qiyolmay qiynalib ketamiz. Avvali tahririyatga jo‘natayotgan she’rlaringiz ustida pishiq, puxta ishlang, ustozingiz tahrir qilib bersa xafa bo‘lmang, kamchiliklaridan xulosa chiqaring. Shoira opangiz Shodiyona Ahrorovaga o‘xshab:

“Sodda dildan to‘kilgan bari

Tahrirlarning ostida toldi”, deya ranjimang. Ijod qozonida qaynab, toblanish, charxlanish har bir ijodkor qismati.

Maqsadimiz xayrli – o‘zbek adabiyotida yangi nomlar, yangi iste’dodlarni kashf etish.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.