Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng... Eng... Eng...

Buqami bu yo?

Kamerun va Angola koʻlmaklarida yashovchi Goliaf nomli baqa dunyodagi barcha baqalarning polvoni ekan. Uning boʻyi 76 santimetr, boshi 33 santimetr, oyoqlarining uzunligi salkam yarim metr, ogʻirligi naq 5 kilogramm. Tavba qildim, hovuzimizdan ana shunday bahaybat baqa kallasini chiqarib baqrayib tursa, holimiz nima kechardi-ya!

 

Kapalakmi yoki qush?

Dunyodagi eng yirik tungi kapalak Attasus atlas Janubiy Amerika chakalakzorlarida kun kechiradi. Chakalakzordagi daraxtlar ustida uchayotgan Attasus atlasni koʻrganlar uni qush deb oʻylashadi. Nega desangiz, “nafis qanotlari” “atigi” 30 santimetr-da.

 

Ari emas, naq zaharli ilon

Siz arilarning kattasi bizning qovoqari deb oʻylayotgan boʻlsangiz, xato qilasiz. Oʻzbekistonlik qovoqari Yaponiyada uchraydigan qovoqarining oldida beozorgina, mitti boʻlib qolarkan. Chunki yapon qovoqarisining boʻyi salkam yarim qarich – 7 santimetr. Kattaligi mayli-ya, yirtqichlikda ham unga yetadigani yoʻq ekan. U oʻzidan ikki baravar katta hasharotlarni ham ikki yamlab bir yutib yuboradi. Chunki uning jagʻlari nihoyatda oʻtkir. Eng yomoni bu qovoqari zahari odamlar uchun ham havfli. Uning mesh qornidan otilib chiqadigan zahardan har yili 40 ta kishi halok boʻladi.

 

Avtobusni qoldirib dogʻda

Biz ninachini ochofatligini sizga aytgandik-a, esingizdami? Shu nozikkina ninachi bir kunda bitta sigirdan koʻproq ovqat yeydi, degandik-ku. Ninachining yana bir xususiyatini bilib hayron qoldik. U tez yurishda yoʻgʻ-e, tez uchishda uncha-muncha avtobusni yoʻlda qoldiribi bir soatda 57 kilometr masofani uchib oʻtar ekan.

 

Ana yurag-u mana yurak

Ginnesning rekordlar kitobiga eng jasur hayvon sifatida kiritilgan mitti asalxoʻrning ishtahadan shikoyati yoʻq. U yoʻlida uchragan barcha hayvonni – ilon, kaltakesak, sichqon yoki kalamush deb tanlab oʻtirmay, yeb ketaveradi. Hayronmiz, unga kim asalxoʻr deb nom bergan ekan? Axir u asal bilan emas, asalari lichinkasi bilan oziqlanadi-da!.

 

MUHABBAT tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.