Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qorboboning tugʻilgan kuni

Yangi yil kunida biz quvonch bilan kutadigan, sovgʻalar bilan birga yoshimizga yosh qoʻshib beradigan Qorboboning tugʻilgan kuni qachonligini bilasizmi? Aslo, 31-dekabr yoki 1-yanvar deb oʻylamang, xato qilasiz.

Qorbobo 18-noyabrda tugʻilgan ekan. Ishonmasangiz oʻsha kuni Rossiyaning Vologda viloyatidagi Velikiy maydoni, Buyuk Ustyug tepaligiga keling. Chunki Qorbobo tavallud kunini shu yerda nishonlayotgan boʻladi. Darvoqe, bu yerda xuddi shu kuni rosmana qish kirib, havo rekord darajada sovub ketadi.

 

Oppoq qiz

Eng qizigʻi, Qorboboning suyukli nabirasi Qorqiz tugʻilgan kunini qahraton qishda emas, balki havo ilib, chechaklar ochilgan bahorning aprel oyida, yana ham aniqrogʻi esa 4-apreldan 5-aprelga oʻtar kechasi Rossiyaning Kostroma oblastidagi Shelkovo qishlogʻida nishonlaydi. Qadimiy Rus afsonalarining qahramoni boʻlgan Qorqizning tarixi juda ajoyib. Aslida bu sohibjamol qiz Rus ertaklariga XVIII asrdan kirib kelgan. Ammo u Qorbobosi bilan 1935-yildagina uchrashgan. Qorbobo birinchi marta 1937-yil Moskvadagi Uyushmalar uyida oʻtkazilgan Yangi yil kechasiga Qorqizini olib kelib, odamlarga tanishtirgan. Oʻshandan buyon Qorqiz Qorboboning doimiy hamrohi, suyukli nabirasi va u bilan bolalar oʻrtasidagi aloqachiga aylandi. Shuni aytib qoʻyish joizki, faqat rossiyalik Qorboboninggina chiroyli nabirasi bor. Boshqa hech bir mamlakat Qorbobosining bunday goʻzal hamrohi yoʻq.

 

Yangi yil qachondan boshlab 1 yanvarda kutib olinadi?

Avvallari, yil boshi – yangi yilni Sharq va Gʻarb xalqlari ham mart oyida qarshilashgan. Rossiyada yangi yilni 1-yanvar kuni qarshi olish haqida 1700-yili podsho Pyotr I farmon bergan. Bunga qadar yangi yilni cherkovdagilar 1-martda, oddiy odamlar esa 1-sentabrda nishonlashardi. Dunyo boʻylab 1-yanvarni 1949-yildan boshlab Yangi yil va dam olish kuni sifatida bayram qilinadi. Ammo, bu qoidaga hamisha sovuq hukm suradigan Eskimoslar yurtida hali ham amal qilishmayapti. Ular Yangi yilni qachon birinchi qor yogʻsa, oʻsha kuni nishonlashadi.

 

Qorboboning qarindoshi

Qish fasli boʻlmaydigan, qor umuman yogʻmaydigan Afrika qitʼasidagi kambodjalik bolalarning ham yangi yilda sovgʻa beradigan bobosi bor ekan. Ammo ular sizga oʻxshab bu saxiy sehrgarni Qorbobo emas, Issiqbobo deb atashadi.

 

Internet maʼlumotlari asosida

Nodira Xudoynazarova tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.