Harflarga haykal
Kitoblar – tafakkurni oʻstiruvchi omil. Kitoblar soʻzlardan, soʻzlar esa harflardan tashkil topishini hammamiz yaxshi bilamiz. Ana shu bilimlar kaliti boʻlgan harflarni qadriga birinchi boʻlib yetgan rossiyaliklar mamlakat shaharlarida ularga haykal qoʻydi.
Alifboni boshlab bergan “A” harfiga Novosibirsk shahrida haykal oʻrnatilgan. Aslida, novosibirskliklar shahar tumanlarida alifbodagi har bir harfga yodgorlik oʻrnatishga ahd qilishgan. Bu loyiha “Shahar alifbosi” deb atalgan. Biroq “A” harfi savlat bilan qad rostladi-yu shaharda ishlar taqqa toʻxtadi-qoldi.
“M” harfini eslatuvchi minorasifat baland koʻprik tayanchi Moskvada joylashgan deb oʻylasangiz, xato qilasiz. U Tataristonning Qozon shahri husnini ochib turibdi. Zero, u Tatariston poytaxtining ming yillik toʻyiga toʻyona sifatida tiklangan.
“O” harfining qaddini koʻz-koʻzlagan haykal vologdaliklar faxri. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, “O” Vologda aholisining shevasidagi eng suyukli harf. Chunki rossiyaliklar suhbat chogʻida “a” oʻrniga “o”lab gapirayotgan suhbatdoshini Vologdadan ekanligini darrov bilib olishadi.
Toʻgʻri oʻyladingiz, “P” harfiga Perm shahrida haykal qoʻyilgan. Permliklar 12 metrli bu ulkan arkani yasashga naq 5200 dona yogʻoch toʻsin ishlatishgan.
Mashhur rus yozuvchisi Nikolay Karamzin vatani Ulyanovsk shahrida “Yo” harfiga hurmat koʻrsatishgan. Sababi, aynan Karamzin oʻzining “Aoinidlar” almanaxida ilk bora “Yo”ni harf sifatida isteʼmolga kiritgan.
“E” harfiga esdalik oʻrnatish esa sobiq ittifoq davrida peterburgliklarning esiga tushib qolgan. “E” shaharning temir-beton konstruksiyalari eksperemental zavodining kiraverishida savlat toʻkib turibdi. Darvoqe, 3 metrli ushbu gigant harf chindan ham temir betondan yasalgan.
Kirill alifbosining eng kenjasi boʻlgan “Ya” Tver oblasti markazi – Kalashnikovdagi maydonda meʼmorchilik kompozitsiyasi boʻlib boʻy koʻrsatdi. Talabalarga bagʻishlangan yodgorlik haykaltaroshlarning fikriga koʻra “koinot markazi”ning tasviri ekan.
Har bir harfga alohida haykal qoʻyish ortiqcha xarajat ekanligini his qilgan klinliklar tejamkorlik va zukkolikning ajoyib yoʻlini topishdi. Toshdan yasalgan ustoz qoʻliga alifbodagi 35 ta harfning barchasi joy olgan doskani tutqazib qoʻyishdi.
Toʻgʻri-da, oʻqituvchisiz harflarni oʻrganib boʻlarkanmi? Ammo, nima boʻlgan taqdirda ham insoniyat tarixini yaratuvchi yozuvni, alifboni hurmat qilish juda yoqimli va ibratli, shunday emasmi?
Ehtimol, bizda ham yozuvni eʼzozlab harflarga haykal qoʻyishar. Axir buyuk asarlar kamtarin harflar tufayli dunyoga keladi-ku!
Muhabbat HAMIDOVA tayyorladi.