Oltin-kumush tosh ekan
Rivoyat qilishlaricha, bir savdogar xurjunning bir yog‘iga oltin, bir yog‘iga kumush to‘ldirib, shu boyligiga ishongan holda, hech qanday oziq-ovqat olmay safarga jo‘nabdi. Uning yo‘li kimsasiz cho‘l-u biyobonga tushibdi. Zog‘ uchmaydigan bu yerlarda na suv, na ovqat bor edi. Haligi boy bir necha kun och-nahor nihoyatda holdan toyib, nima qilarini bilmay ketayotsa, qarshisidan bir gado chiqib qolibdi. Uning xaltasi to‘la non ekan. Boyning ko‘zi nonga tushib, suyunganidan sal bo‘lmasa o‘zidan ketayozibdi. “Mana bu xurjunimdagi oltin-kumushlarga noningni ayirboshlaysanmi?” – debdi boy gadoga. Gadoning ko‘zi xurjun to‘la oltin va kumushga tushib, yuragi yorilayozibdi va taklifga darhol jon deb rozi bo‘libdi. Boy unga oltin va kumushlarini berib, non yeb qornini to‘yg‘azib, darmonga kirib, yana yo‘lga ravona bo‘libdi. Gado bo‘lsa xurjunni yelkasiga tashlab bir kun yuribdi, ikki kun yuribdi, qorni o‘lguday ochibdi. Biror yegulik qayoqda?! Oltin va kumushni esa yeb bo‘lmaydi. Axiyri ochlikdan sillasi qurib, holdan toyib yotib qolibdi. O‘lar holga kelganda oltin va kumushlarni oldiga qo‘yib, qo‘li bilan qumga o‘yib: “Arpa va bug‘doy osh ekan, Oltin va kumush tosh ekan”, – deb yozibdi-da, olamdan o‘tibdi. Bu maqolni odam och qolsa, boylik ko‘ziga ko‘rinmaydi, degan ma’noda ishlatiladi.