Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Agar biz do‘st bo‘lsak…

Shoshib-pishib ish tomon yugurib ketayotgandim. Bir noxush manzarani ko‘rib, to‘xtab qoldim. Axlatxona yonida yotgan itning og‘zidan qon tirqirab oqar, og‘riqdan bo‘lsa kerak, behuzur g‘ingshibgina qo‘yardi. Yaqinroq borib qaradim, kimdir ovqat qoldiqlari bilan singan shisha bo‘laklarini qo‘shib, sellofan paketda chiqindixonaga tashlab ketibdi. Chamasi, ko‘chada qolgan bechora it ovqat qoldiqlarini yeyman deb, shishani ham qo‘shib chaynab yuborgan, natijada shu achinarli ahvolga tushib qolgan. Itning ko‘zlaridan marjondek yoshlar dumalar, tim qora ko‘zlari yanada yaltirab ko‘rinardi. Nimaga shoshayotganim  esimdan chiqdi-yu, gangib joyimda tosh qotdim. Bir zum bolalik xayollarimga g‘arq bo‘ldim, oltin-u zarga alishmaydigan xotiralarim ko‘z oldimda gavdalandi...

Mening ham Bembi laqabli kuchugim bo‘lardi. Ko‘pincha do‘stlarim bu nomga piqillab kulishardi. Axir bu kuchuk bo‘lsa, Bembi esa multfilmdagi kiyikchaning ismi-ku, deb, tinmay savolga tutishardi. Yo‘q, biz avval Bembi deb ism qo‘yganmiz, multfilmdagilar bizdan o‘g‘irlashgan, deya yengish bermasdim ularga.

Men qayerga borsam Bembi ham menga ergashib borardi. Ayam har gal non yopayotgan payt, Bembiga ham kulcha yasang, deya xarxasha qilardim.

Qo‘ysangchi, qayerda ko‘rgansan kuchukka kulcha yasashganini, deb beparvogina ishini davom ettirardi onam. Ichimda yasamasangiz yasamang, derdim-u Bembini “o‘z hisobimdan” mehmon qilardim. Ayamdan yashirincha unga issiq kulchalarimni berardim.

Vaqtlar o‘tdi. Men maktabga chiqdim. Yillar unga o‘z kuchini ko‘rsatdi. Yunglari to‘kilib, yo‘taladigan bo‘lib qoldi. Hayvonning qarishi odamga g‘alati eshitilsa kerak-a? Ammo Bembi chindanam o‘zining keksalik davrini yashayotgan edi. U xuddi jussasi kichrayib, hassaga tayanib qolgan keksa cholni eslatardi. Qulog‘i, dumi va tanasining uch to‘rt joyidagi katta-katta qora xollari kulrang tusga kirib ulgurgan edi.

Uni avvalgidek yaqindan quchib erkalashimga onam ruxsat bermasdilar. Oxirgi paytlar u bilan o‘ynashimni ham ta’qiqlashdi. Dadam veterinarni chaqirtirib, nimadir dori-darmonlar qildirdi, lekin natija bo‘lmadi. Bembining yo‘talishi uyimizdagilarni bezor qilib ulgurgan edi. Kunlardan bir kun dadam uni mashinaning yuk soladigan bo‘lmasiga soldi. Qarib holdan toygan bechora itning qarshilik qilishga ham majoli yo‘q edi. Dadam mashinani minib ketdi hamki nima bo‘layotganini tushunmay, ancha payt ortidan karaxtdek qarab turdim. “Aya, dadam Bembini qayerga olib ketdi?” – desam, “Uni doktorga ko‘rsatar ekan, butkul sog‘aygandan so‘ng yana olib keladi”, – deb qo‘ydi. Endi uning sog‘ayib kelishini intiqib kuta boshladim. Bir kuni dadam bilan ayamning suhbatini bexosdan eshitib, yuragimda nimadir darz ketganday bo‘ldi. Eshitishimcha, o‘sha kuni dadam uni uzoq, kimsasiz joylarda tushirib qoldirgan ekan...

Men yig‘lamadim... Lekin eng yaqin do‘stimga aylangan jonivorning qismati bu tarzda tugaganiga ich-ichimdan o‘ksinardim. Balki ota-onam kasali boshqalarga yuqmasin, deya shunday qilishgandir...

Shu bilan biz boshqa kuchuk boqmadik... Bembini esa anchagacha o‘ylab yurdim. Balki yaxshi insonlar uni o‘zi bilan olib ketgandir, deya faqat yaxshi gumonda bo‘ldim...

Axlatxona yonida uchragan jonivorning ko‘zlari yiltillab turishini ko‘rib, bolalik do‘stimning ahvoli ne kechdi ekan, deb o‘ylab ichim achishdi. Shu paytdayoq bechora itni shahardagi veterinariyaga olib bordik. Veterinar itning og‘zidagi shisha bo‘laklarini ehtiyotkorlik bilan olib tashladi-yu tezda malham surib qo‘ydi. Ko‘chada qandaydir kasallik yuqtirgan-yuqtirmaganini ham tek­shirib ko‘rdi. Yaxshiyamki, bechora it shisha qoldiqlarini yutib yubormagan, salomatligi ham joyida ekan. Uning ahvoli yaxshilanganidan so‘ng ko‘nglim ancha taskin topdi. Mening bechora Bembiyim ham shu beozor jonzot kabi qayerlarda sarson bo‘lgan ekan-a, deb o‘ylab qolaman.

Zabonsiz jonivorlar shunday og‘riqlarga loyiqmikan? Ko‘chada axlat titayotgan, ikkita-uchta bo‘lib sang‘ib yurgan itlarni ko‘ramiz-ku, lekin bularga qanday yordam kerak ekan, deb o‘ylamaymiz. To‘g‘ri, ularning ba’zilari quturgan, kasallik yuqtirib olgan, inson va atrof-muhitga zarar yetkazayotgan bo‘lishi, xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday hayvonlardan, albatta, ehtiyot bo‘lish kerak, tegishli joylarga qo‘ng‘iroq qilish zarur. Ammo unutmang, odamlar ularni ko‘chaga tashlab ketmasa, ozor bermasa, shaharlarimizdagi boquvchisiz hayvonlarni parvarishlash mas­kanlari yaxshi ishlasa, xavfli hayvonning o‘zi qolmaydi. Hamma gap biz – odamlarda. Jonivorlarga qandaydir yordam berish in­songa qilgan yordamimiz bilan barobar-ku. Qani endi hammamiz jamiki jonzotlarga do‘stona munosabatda bo‘lsak! Shunda tabiat, hayvonot va nabotot ham bizga faqat do‘st bo‘larmidi?!

 

Dildora DO‘STMATOVA,

O‘zJOKU talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.