Kompyuterdan kasb qiling
Kelajakda qaysi kasbni egallash haqida ko‘p o‘ylaysiz, to‘g‘rimi? Do‘stlaringiz bilan bu mavzuda tez-tez suhbatlashib tursangiz kerak?
Keling, sanaylikchi, qanday kasblarni bilasiz: o‘qituvchi, duradgor, yurist, jurnalist, konchi, haydovchi, tadbirkor, payvandlovchi...
Kasblar ko‘p... Jamiyatimizda ba’zi yo‘qolib, noyoblashib ketayotgan kasblarning o‘rnini yangilari, davrimizga xoslari egallaydi. Ularni “zamonaviy kasblar” ham deyishadi. Masalan, IT mutaxassisligi.
IT sohasi haqida jurnalning avvalgi sonlarida ham ma’lumotlar berganmiz. Siz-chi, bu haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Siz kabi turli texnika, texnologiyalarni hech qiyinchiliksiz tushunadigan avlod uchun bu kasb ayni muddao. Axir, kompyuterda o‘yin o‘ynash, rasm chizish, film tomosha qilish kabilar yoqadi-ku. Keling, vaqtingizni o‘yinlarga behuda sarflamang-da, ITni o‘rganing. Tasavvur qiling, odamlar siz yaratgan dastur orqali ishlab, muammolarini hal qilishadi. Hammaga foydangiz tegadi. Qiziqmi? Demak, dasturchilik haqida gaplashamiz.
IT “information technology”, ya’ni “axborot texnologiyalari” demakdir. Bu soha egalarini “dasturchilar” deyishadi.
Yurtimizda IT borgan sari rivojlanib, o‘zbekistonlik dasturchilar chet el dasturchilari bilan teng raqobatlashadigan darajaga chiqishdi. Ular, hatto, rivojlangan mamlakatlarning buyurtmalarini bajarishmoqda.
Shunday mohir dasturchilar qatorida Muhammadsaid Mamasaidov ham bor. U o‘zining “Tahrirchi” loyihasi bilan sovringa 100 ming AQSH dollar mukofot puli qo‘yilgan “President Tech Award” tanlovida ishtirok etib, birinchi o‘rinni egalladi. Bugun u asos solgan “Tahrirchi” dasturi matnlar bilan ishlaydigan juda ko‘p soha vakillariga samarali xizmat qilmoqda. Boisi, dastur siz yuborgan matnni tahrirlab, imloviy va punktuatsion xatolarini ko‘rsatib beradi. Ishingiz yengillashib, vaqtingiz tejaladi.
Toshkent shahridagi Inha universitetining uch talabasidan iborat kichkina jamoa bugun kattagina “Tahrirchi” loyihasiga aylanib, butun xalqimizga xizmat ko‘rsatmoqda.
Muhammadsaid Mamasaidov yana “Tilmoch” deb nomlangan “o‘zbekcha tarjimon”ni yaratish, rivojlantirish ishlarini ham boshlagan.
O‘z ona tilini, Vatanini sevadigan, sohasining eng yuqori cho‘qqilarini zabt etishni niyat qilgan ana shunday kishilarga havas qilsangiz arziydi.
Agar dasturchilik sizga ham qiziqarli tuyulgan bo‘lsa, albatta, o‘rganishni hozirdan boshlang. Avvalo, informatika faningizdan barcha mavzularni o‘zlashtiring, yana o‘z hududingizdagi IT bo‘yicha ochilgan to‘garaklarga qatnang. Unutmang, barcha maqsadlaringizga tinimsiz o‘qib-o‘rganish, ularni amalda sinab ko‘rish, hamisha yangiliklarga qiziqish orqali erisha olasiz. “Gulxan” esa sizning yorqin kelajagingizga aslo shubha qilmaydi!
Muhammadali PO‘LATOV