Shahzoda va gado
Klassik bolalar adabiyoti har qanday yoshdagi odamni o‘ziga jalb qiladi, har safar qayta o‘qiganimizda yangi olamni kashf qilamiz. Shunday asarlar yaratgan insonlardan biri Mark Tven – satirik, yumorist, yarim asrdan ortiqroq vaqt davomida Amerikaning chuqur va batafsil hayotini aks ettirgan hikoya va romanlar muallifi. Uning asl ismi Semyuel Klemens bo‘lib, yurist oilasida tug‘ilgan. Bolalik chog‘ida, otasining o‘limidan keyin tipografiyaga matn teruvchiga shogird qilib beriladi. Klemens ko‘p vaqtini nashriyot kutubxonasida o‘tkazar, Amerika va Yevropa adabiyotining qiziqarli tasviri yosh yigitni o‘ziga jalb qilardi. 18 yoshidan Missisipi shaharlari bo‘ylab sayyor matn teruvchi bo‘lib ishlab yuradi. Katta daryo bo‘yidagi hayot qiziquvchan yigitga ko‘plab taassurotlar beradi. Va daryo yozuvchining “Mark Twen” (suv darajasini o‘lchash atamasi: ikki o‘lcham) taxallusini olishiga sabab bo‘ldi.
“Shahzoda va gado” Mark Tvenning birinchi va eng mashhur tarixiy romanidir. Asar Konnektikutdagi uyda yaratilib, 1881-yilda Kanadada nashr etilgan. Mamlakatimizda romanning turli ijodkorlar tomonidan qilingan tarjimasi bir necha bor qayta nashr etilgan. 16-asr Angliya hayoti haqidagi roman voqealari Londonda boshlanadi. Xuddi shu kuni ikki o‘g‘il tug‘iladi: qirol oilasida shahzoda Eduard va qashshoq Jon Kenti oilasida qo‘shimcha og‘iz – Tom. Eduard va Tom turlicha hayot kechirishdi. Tomga kambag‘al ruhoniy ta’lim berdi, Kentilar oilasining uyi badbo‘y boshi berk ko‘chada bo‘lib, bolalar polda uxlashardi. Ota va buvi tez-tez janjallashib, bolalarni urishardi. Ular bolalarni tilanchilikka o‘rgatishdi. Bu dahshatli dunyoda bo‘lgan Tom doimiy ehtiyojga, sovuq va ochlikka qaramay, o‘zini baxtsiz his qilmasdi. Eduard esa bolaligidan saroy odob-axloq qoidalarini o‘rgandi va merosxo‘r sifatida o‘z vazifalarini bajarishga tayyor edi.
Bir kuni shahzoda va tilanchi taqdir taqozosi bilan uchrashib, joylarini o‘zgartiradilar. Sababi Tom asilzodalar kabi yashashni orzu qilardi, Eduard esa oddiy bolalar kabi o‘ynab-kulishni istardi. Bir-biriga juda o‘xshash bo‘lgani tufayli ularning o‘rin almashganini hech kim sezmaydi. Bu hikoya xatarli, qo‘rqinchli, qayg‘uli va kulgili voqealarga to‘la. Asar davomida bolalarning har biri qimmatli saboq oladi. “O‘z xalqingizni tushunmasangiz, siz hech qachon yaxshi hukmdor bo‘lolmaysiz”. Tom (tilanchi) buni yangi hayotining birinchi kunidanoq tushundi, shuning uchun u hammaga mehr bilan munosabatda bo‘ldi. Eduard (shahzoda) vaqt o‘tishi bilan turli qiyinchiliklarni boshdan kechirdi va shundan keyingina mamlakatdagi o‘zgarishlar haqida o‘ylay boshladi. Qahramonlar duch keladigan vaziyatlarning g‘ayrioddiyligi roman muvaffaqiyatining asosidir. Qirol saroyi va sarqitxonadagi kulbalar o‘rtasidagi ajoyib kontrast kitobga qiziqish va uni oxirigacha o‘qish istagini uyg‘otadi.
Ammo bu o‘rin almashish qayg‘uli sarguzashtga aylandi. Shahzoda vaqtini qiyin o‘tkazdi: itlar tashlandi, odamlar ta’qib qilishdi, ular uni va uning qirol oilasidan ekanligi haqidagi so‘zlarini masxara qilishdi. Va keyin Jon Kenti bilan uchrashib qoladi, u shahzodani o‘zining o‘g‘li Tom deb o‘ylab, uyiga sudrab olib keladi. Buvisi va otasi uning qirol oilasiga mansubligi haqidagi so‘zlarini eshitib, uni aqldan ozganga chiqaradi. Faqat Tomning onasi unga mehr bilan munosabatda bo‘ladi. Tom esa ikki qator zarhallangan saroy a’yonlari ta’zim qilgani sari bu yerda asir ekanligini va, ehtimol, bu qafasdan qochib qutula olmasligini anglab, o‘zini baxtsiz his eta boshladi. Va avvalgi erkin hayotiga qaytishni istaydi.
Roman oxirida yozuvchi syujetni shunday o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldiki, qahramonlarning har biri bir qancha hayot darslarini olishdi: orzular ro‘yobga chiqadi, lekin har doim ham siz kutgan natija bilan emas; jazolash va rahm-shafqat qilish imtiyoz emas, balki og‘ir mas’uliyatdir; mustaqillik va ozodlikka erishish uchun mehnat, azob va yo‘qotishlarga tayyor turish kerak; or-nomus va qadr-qimmat quruq so‘z emas, ularni amalda ko‘rsatish kerak va ba’zida ularni saqlab qolish uchun butun dunyoga qarshi chiqishingizga to‘g‘ri keladi; eng tepada (qirol saroyi) yoki eng pastda (tilanchilar ko‘chasi) azob, sadoqat, muhabbat, inson dardi bir xil.
Mark Tven o‘zining “Shahzoda va gado” romanini ajoyib insoniy fazilat sifatida rahm-shafqatga bag‘ishladi. Odamlarga yaxshilik qilish orqali inson o‘ziga ham yaxshilik qiladi. Buni sarqitlar mahallasidan kelib qirol taxtiga o‘tirgan Tom ham, gadoylar, beva-bechoralar, dehqonlar, kamsitilganlar orasida yashab, sargardon bo‘lgan shahzoda Eduard ham tushunib yetdi.
Kitob juda rang-barang va qiziqarli. Syujet ham ko‘p narsani o‘rgatadi. Bu roman ibrat olishga arziydi, lekin bunday almashish doim ham yaxshilik bilan tugaydi deb bo‘lmaydi. Jon Boynning “Yo‘l-yo‘l poyjoma kiygan bolakay” kitobida natsistning o‘g‘li qiziquvchanligi tufayli konslagerdagi bola bilan o‘rin almashganidan so‘ng sodir bo‘lgan voqealar bunga yaqqol misol. Shu sabab “Shahzoda va gado” asariga xos bo‘lgan mohiyatni tushunish muhimdir. Siz hukm qilishdan oldin har doim o‘zingizni boshqa odamning o‘rniga qo‘yishingiz kerak. Hozir bor narsangiz uchun minnatdor bo‘ling. Eng yaxshisiga intiling, lekin halollik bilan.
Endi esa asarni mutolaa qilib, quyida berilgan savollarga javob toping va bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manzilimizga yuboring. Faol ishtirokchini mukofotlaymiz va jurnalimiz sahifasida e’lon qilamiz. Topqirligingiz bilan do‘stlaringizni lol qoldiring!
Savollar:
1. Rohib Tomning opalariga savod o‘rgatmoqchi bo‘lganida nega qizlar buni xohlashmaydi?
2. “Agar yurak va aql och qolsa, oshqozonning to‘qligi sariq chaqagayam arzimaydi”. Ushbu fikr kimga tegishli?
3. Jon Kenti nega oilasi bilan uydan qochib ketadi?
4. Tomning qirol sifatidagi birinchi buyrug‘i nima edi?
5. London ko‘chalarida Eduardni kim himoya qilib yuradi?
6. Tom 3 kishini nega o‘limdan qutqarib qoladi?
7. Eduardni nima sababdan sudyaning huzuriga olib kelishadi?
Shahribonu RAHMATOVA