Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Guruchning kurmagi

O‘tgan sonimiz uchun “Bulling” haqidagi maqolani tayyorlar ekanman maktab o‘quvchilarini kuzatdim, suhbat qurdim. Kuzatish chog‘ida,  maktabda hali yechimini kutayotgan, ko‘tarishimiz kerak bo‘lgan mavzular talaygina ekanligini angladim. Maktabdagi tartib-qoidalar uyoqda tursin, biz uchun qadriyatga aylangan “Kattaga hurmat, kichikka izzat”, hamjihatlik, do‘stlik, hattoki salom berish odobi ham yo‘qolib borayotgani achinarli holat. Bu hamma o‘quvchilar shunday degani emas, albatta. Lekin guruchning ham ichida kurmagi bo‘lar ekan-da.

Shularni o‘ylab, siz bilan qadriyat haqida suhbat qurishni maqsad qildim.

Qadriyat  muayyan bir elat, millat, xalqning hayoti, turmush tarzi, tili, madaniyati, ma’naviyati, urf-odat va an’analaridir. Ota-bobolarimiz qiyin kechgan zamonlarda ham unga sodiq qolishgan.  Kattalardan avval ovqatga qo‘l uzatmaslik, salom berish, baland ovozda gapirmaslik, keksalarga joy berish...  Biz bugun shu qadriyatlarimizga bolta urib qo‘yayotgan bolalar soni ko‘payib borayotganining guvohi bo‘lyapmiz. 

 Millatning birinchi belgisi – til, ma’daniyatning ilk belgisi – odob. Odob esa salomlashishdan boshlanadi. Tili, dini turlicha bo‘lgan xalqlar bir-birini ko‘rganda salomlashadilar. Salomlashish so‘zlarining ma’nolari negizi “omonlik”, “salomatlik”, “sog‘liq tilash”ga borib taqaladi. Shunday ekan siz qanday ruhiy holatda bo‘lmang, qo‘lni ko‘ksingizga qo‘yib, labingizda nimtabassum bilan salom berishingiz va alik olishingiz madaniy va ma’naviy hayotimizning dastlabki nishonasidir.

Qadimdan bu  so‘zning ma’nosini uqqan kattalar kichiklarga  ham salom berishgan. Salom berish, qo‘l berib so‘rashish, salomga alik olish, ro‘baro‘ kelganda insonlarga tinchlik-xotirjamlik tilash  go‘zal axloqlarimizdan biri bo‘lgan. Imom Buxoriy to‘plagan hadislarda ham “Oralaringizda salom berishni keng tarqatinglar – bir-birlaringizga muhabbatlaringiz ziyoda bo‘ladi,” – degan hikmatlar bejiz aytilmagan. Bir kuni yonimdan o‘tib ketayotgan ikki o‘quvchining suhbati diqqatimni tortdi.

–   U amakini taniysanmi,  nega salom berding? – dedi bir bola o‘rtog‘iga yuzlanib.

–   Tanimayman, lekin bobom kattalarga salom berish kerakligini aytganlar, – dedi o‘rtog‘i.

–   Menga esa, begonaga salom berilmaydi, deb o‘rgatishgan. Nima keragi bor? Maktabda ham faqat o‘zim tanigan ustozlarga salom beraman, – dedi birinchi o‘quvchi.

O‘ylanib qolaman, hayotimiz yaxshilanib, yurtimiz yuksalib borayotgan, bolalarning fikrlashi kengayib, dunyo bolalariga tenglashayotgan bir paytda nahotki qadriyatlarimiz zaiflashayotgan bo‘lsa?...

Maktabda deyarli hamma  o‘quvchida qo‘l telefoni bor.  Bu avvalo o‘quvchining ma’lumot olishi, ota-onasi bilan muloqot qilishi uchun zarur bo‘lsa, ikkinchidan o‘zining huzurlanishiga xizmat qilmoqda. O‘quvchilar ijtimoiy tarmoqlardagi turli videolar, o‘yinlardan bosh ko‘tara olmayaptilar. Virtual olamga butunlay kirib ketgan o‘smirlar  talaygina. Ular bugungi kun yangiliklaridan qanchalar boxabar bo‘lsalar, qadriyat tushunchasidan  shunchalar yiroqlashib ketmoqdalar. Farzandlarini yaxshi boqish, ularga sharoitlar yaratish ilinjida erta tongdan ishga oshiqayotgan ota-onalar bolalariga ishongilari keladi va ularga eng yaxshi telefonlarni sovg‘a qiladilar. Oqibati esa...  

Ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalarida yoshlar o‘rtasidagi tartibsizliklar, ustozga, maktabga bo‘lgan hurmatsizliklarni ko‘rib odamning dili xira bo‘ladi. Bizning qadriyatlarimizda, tarbiyamizda ustozni otadek ulug‘lashgan, hurmat qilishgan va shunga javoban buyuk insonlar yetishib chiqqan. Al-Buxoriy bobomiz ustozidan kelgan xabarni o‘rinlaridan turib eshitganlar.  Shu o‘rinda bir rivoyat esimga tushdi:

Bir ustoz shogirdiga yigirma yil ta’lim-tarbiya beribdi, o‘qitib, o‘zi bilgan barcha ilmni o‘rgatibdi. Bir kuni shogirdiga “Bo‘ldi, mana yigirma yil davomida bilgan barcha narsalarimni o‘rgatdim. Ertaga oxirgi kun, yasanib chiroyli bo‘lib keling, sizga fotiha beraman, endi siz olim bo‘ldingiz”, – debdi. Ertasi kuni shogirdi chiroyli, ozoda kiyimlarini kiyib kelibdi. Ustozi mehmon qilib, so‘vg‘a-salomlar bilan fotiha berib, qulog‘iga bir tarsaki urib chiqarib yuboribdi. Shunda shogird xafa bo‘lib qulog‘ini ushlagancha ketib qolibdi. Besh yil o‘tib ustoz shu shogirdi bir viloyat qozisi bo‘lgani haqida eshitibdi va tabriklab kelish uchun yoniga boribdi. Lekin shogirdi hech ochilib kutib olmabdi.

–   Ustoz, sizga bir savolim bor. Oxirgi kun qulog‘imga urgan tarsakingiz og‘rig‘i hali ham yuragimda qolgan. Nima uchun bunday qilgan edingiz? – deb so‘rabdi shogirdi. Shunda ustozi:

– Sizga ham savolim bor. Sizni yigirma yil davomida o‘z bolamdan ham afzal ko‘rib, bilganlarimning barini o‘rgatdim, yedirib, ichirdim. Shuncha yil qilgan yaxshiligim esingizda yo‘g‘-u, bir marta urgan shapalog‘im zarbi hali yuragingizda gina bo‘lib qo‘libdi. Men sizning martabali inson bo‘lishingizni bilardim, ishonardim. Ko‘rdingizmi, zulm ko‘nglingizdan ketmagan. Odamzot zulmni esdan chiqarmaydi. Siz ham kelajakda odamlarga zulm qilmasligingiz uchun shunday qilgan edim. Doimo xalqning duosini olib yurishingiz uchun qulog‘ingiz ostiga zarba berganman, – debdi. Shunda shogird xatosini tushunib, ustozini quchoqlab, uzr so‘rabdi.

Biz bir nihol bo‘lib maktab ostonasiga boramiz. Shu niholni sug‘orib, mehr berib, quyosh nuri bilan siylaydigan maskan bu maktabdir.  Shu niholga zarar beradigan, uni erta qurishiga sababchi bo‘ladigan yomon illatlar (chekish, zararli ichimliklar, tabletkalar), odatlar (so‘kinish, kaltaklash, zo‘ravonlik), turli aqidalardan saqlanish, ularga qarshi immunitetni shakllantirishimiz lozim. Qurigan niholni yana tiklash, uni hayotga qaytarish har doim ham natija bermaydi.

 Axir, davlatimiz tomonidan berilayotgan bepul ta’lim, zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlangan maktab, undagi sport zallari, to‘garaklar, kutubxonalar – barchasi sizning ilm olishingiz, kelajakda yetuk inson bo‘lishingiz uchun yaratilgan-ku.

 

Hilola ABDURASULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.