Aql zakovat – bebaho ne’mat
Maqsad – mehnatsevar, o‘z ustida ishlaydigan, bilimlilarning do‘sti. U vaqtdan unumli foydalanishga undaydi. Maqsadimiz bo‘lsa, hayotda yo‘limizni topishga qiynalmaymiz.
Mohinur Nasimova ana shunday yoshlardan. U Toshkent shahridagi 294-maktabning 11-sinfida o‘qiydi. Kelajakda turizm bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, yurtimizda soha rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi.
Mohinur 2022-yil sentyabr oyida poytaxtimizdagi maktablar o‘rtasida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan O‘zbekiston davlat san’at muzeyida o‘tkazilgan “Yosh gid” (“Junior guide”) tanlovida 12 ta maktab o‘quvchilari orasidan 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Tanlov shartiga ko‘ra, yurtimiz, urf-odat va an’analarimiz, milliy qadriyat va boy tarixiy merosimiz haqida ingliz tilida gapirib berish kerak edi. Tanlovgacha bir hafta davomida muzeyning xalq amaliy san’ati bo‘limida tayyorgarlik ko‘rdim. Shu haqidagi adabiyotlarni o‘qidim. Ulardagi ma’lumotlarni ingliz tiliga tarjima qildim. Kitoblarni o‘qir ekanman, kashtado‘zlik san’atida turli belgi va tasvirlar tarixi, nimani anglatishi haqida tasavvurga ega bo‘ldim. Har kuni deyarli 8 soat mobaynida muzeyga tashrif buyurgan sayyohlar bilan muloqotga kirishish menga juda ham yoqdi, umuman charchamadim.
Bu yil sentyabr oyi ham quvonchli keldi. Mohinur IELTS test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, 7 ballni qo‘lga kiritdi.
– Mohinur o‘ziga nisbatan juda ham talabchan, – deydi ingliz tili o‘qituvchisi Dilrabo Yusupova. – Ba’zida xafa bo‘lmasin deb “besh” baho qo‘ysam, “Aslida a’lo bahoga loyiq javob bera olmadim”, deb o‘sha mavzuga boshqatdan tayyorlanib kelardi. Bilasizmi, til o‘rganishning eng samarali yo‘li – kundalik hayotimizda qayta-qayta uni eslash. O‘quvchim darsdan tashqarida ham men bilan ingliz tilida gaplashadi. Bo‘sh vaqtida quloqchin taqib, inglizcha qo‘shiqlar, ovozli matnlar eshitar, shu orqali talaffuzi, lug‘at boyligi ustida ishlardi. Odatda ko‘pchilik bolalar IELTSga o‘quv kurslariga qatnab tayyorlanadilar. Mohinur bundan mustasno bo‘ldi. U bilan umumiy mashg‘ulotlar (IELTS General Training)ni o‘zim olib bordim. O‘z ustida ko‘p ishlagani uchun darslarni o‘zlashtirishi qiyin kechmadi va yaxshi natijaga erishdi. U koreys, xitoy, arab tillarida ham so‘zlasha oladi.
Odatda intiluvchan yoshlar fan va texnika olamidagi yangiliklarga o‘ch bo‘lishadi.
Mohinur sun’iy intellekt, logistika va sportga qiziqadi. Taekvondo bo‘yicha yashil belbog‘ sohibi.
– Sun’iy intellekt deganda, insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sun’iy tizim tushuniladi. Ikki yil avval Raqamli texnologiyalar vazirligining “Inson ongi va sun’iy intellekt”, “Atrof-muhit, ekologiyani muhofaza qilishda sun’iy intellektning o‘rni” mavzusida tashkil etilgan 3 kunlik seminar-treningda ishtirok etdim va dastur yaratishni o‘rgandim. Ayni paytda esa logistika kursiga qatnamoqdaman. Logistika deganda, resurslar – yirik mahsulotlarni ma’lum bir davlatdan qabul qilinishi, saqlanishi va manzilga yetkazilishini boshqarish jarayoni tushuniladi. Meni asosan, Amerikadan O‘zbekistonga yuk tashish yo‘llarini boshqarish tizimi qiziqtiradi.
Bugun taraqqiyotga erishish uchun har bir yosh zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirmog‘i, axborot texnologiyalarini chuqur egallamog‘i zarur. Chunki yangiliklar barcha sohalarga kirib bormoqda.
Zero, donishmandlar aytganidek, “Eng katta boylik – aql-zakovat va ilm, eng katta meros – yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik bilimsizlikdir”.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA