So‘zlar cho‘ntakka sig‘masa
Lisonbek bugun xo‘rozdan oldin uyg‘ondi. Rejalashtirgan ishlari ko‘p: bankka, universitetga, bozorga borishi kerak. Sochini eng so‘nggi yevropacha usulda orqaga qilib taradi, gulli ko‘ylagini kiydi. Hozir aksariyat yoshlar shunday kiyinayotgani, erkak-u ayolning libosini farqlab bo‘lmay qolgani haqida o‘yladi ichida. Eshik yoniga keldi, ostonada uni eng mashaqqatli ish kutib turibdi. “So‘z qopi”dan bugun uchun zarurlarini olishi kerak. “Assalom-u alaykum”, “rahmat”, “marhamat”, “metro” “avtobus”, “universitet”, “chipta”, “non”, “kitob”, “bozor”, “narx”... so‘zlarini oldi va 2 bo‘lak qilib cho‘ntagiga soldi. Endi yo‘lga chiqsa ham bo‘ladi.
Ko‘chada saharlab hayot qaynayapti. Turfa nigoh, rangli liboslar, uzun-kalta sochli insonlar o‘ng-u so‘lidan tinimsiz oqadi. Metroga keldi. Vagon to‘la odam, kimdir Lisonbekni turtib, “izvinite” dedi-yu tushib ketdi. Lisonbek har ehtimolga qarshi bu so‘zni cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Turtilib-surtilib bankka yetib keldi. 10 daqiqa turdi, 20 daqiqa o‘tdi, yarim soat bo‘ldi, navbati kelavermadi. O‘zidan oldingi insonga vaziyatini tushuntirdi, “pojaluysta” dedi qosh-ko‘zi qora qiz unga javoban. Lisonbek xodima yoniga borar ekan, kerak bo‘lib qoladi degan o‘yda bu so‘zni ham cho‘ntagiga joyladi. Xodima bilan suhbat boshlandi:
– Qarz olmoqchi edim.
– “Kredit”mi? Qancha muddatga? Bizda foiz “stavka”si buncha... “depozit”ga biror nima qo‘yishingiz kerak. Bank “byudjet”idan pul ajratamiz va “plastik karta”ngizga tushirib beramiz... Ha aytgancha, “dokument”laringiz qani? “propiskangiz” bormi?
Qahramonimizning ishi bitdi, “kassa”dan pullarini oldi. Cho‘ntagiga ham yangi so‘zlar qo‘shildi, axir yana bankka ishi tushishi mumkin.
Endi ishga borish lozim. Bekat to‘la odam, bir yo‘lovchi boshqasidan so‘radi: “Bunyodkor “stadion”i qaysi tomonda?” Suhbatni eshitib turgan Lisonbek ularning nutqidagi yangi so‘zlarni ham oldi. Qarasa, cho‘ntagi to‘lib boryapti. Hamma so‘zni qanday sig‘diradi? Ishlatilmayotganlarini olib tashlasa-chi?..
Mana, Lisonbek universitetda. Kiraverishga “turniket”, yangi binoga “lift”, xonalarga “kompyuter” va “konditsioner” o‘rnatilibdi, “tyutor” tayinlanibdi. Muntazam dars qoldirgani uchun “dekonat”ga chaqirtirishibdi, “kafedra” ustozlari shikoyat yozishibdi. O‘qishda ham, so‘z cho‘ntagida ham yangiliklar ko‘paydi. Ammo muammo kattalashib, cho‘ntak og‘irlashib boryapti. Biror chorasini ko‘rmasa bo‘lmaydi.
Kunning asosiy qismi o‘tdi, talabaning hayoti teskari. Avval iqtisod, keyin siyosat qabilida ish tutish yaramaydi. Bozor esa har galgidan gavjum. “Market”lar ko‘payib ketibdi. Onasi yozib bergan ro‘yxatga qaradi: “yogurt”, “shokolad”, “kofe”. Obbo, endi nima qiladi? Ertalab olgan so‘zlardan 4-5 tasini olib tashlashi kerak. Yo‘qsa, onasi doim ro‘yxat berib yuborishiga to‘g‘ri keladi.
Tong, Lisonbek yana ko‘chaga otlandi. Kerakli so‘zlarni olishi, muloqotda qiynalmasligi kerak. Eshik oldida ancha o‘ylanib qoldi. Kayfiyati tushgancha so‘zlarni tanladi: “zdravstvuyte”, “izvinite”, “pojaluysta”, “kassa”, “kredit”, “telefon”, “gadjet”, “market”, “tyutor”, “dekonat, “dokument”...
Shahribonu RAHMATOVA