Istiora
Meni nimaligim, qandayligim bilan qiziqyapsizlarmi? Men ISTIORAMAN. Qadim zamonlarda ibtidoiy odam hayotini yashash uchun kurashdan boshlagan. Ushbu yo‘lda birinchi qadamlar qo‘ygan. U asta-sekin olov yoqishga, ekin ekishga, uy qurishga moslashgan va mehnati davomida uning tili, nutqi rivojlanavergan. U tabiatdagi o‘zgarishlarni o‘zining xatti-harakatlari bilan solishtirib borgan. Masalan, u Quyosh xuddi odam kabi uyg‘onadi, degan. Daraxtlarni shiqirlaydi, deb aytgan. Daryoning yugurganini, tog‘larning ulg‘ayganini ifodalagan. Mening nomim, Istiora – ya’ni “metafora” so‘zi yunon tilidan kirgan bo‘lib, o‘tkazish ma’nosini bildiradi. Men insonning xususiyatlarini tabiatga, yoki aksincha tabiat, hayvonot olamidagi xususiyatlarni odamlarga o‘tkazaman. Men ko‘pincha sizning oddiy suhbatingizda ham uchrayman. Ammo men, badiiy asarlarda, adabiyotda nihoyatda ko‘pman.
Masalan, qulog‘ini ding qilmoq, sudralib yurish, qanot yozmoq, akillamoq, ildiz otmoq, yaxshilik urug‘i, arraning tishi. Bolalarning bir-biriga laqab to‘qishi ham metaforadan kelib chiqqan. Bo‘yi uzun bolani “terak” deb atashlarini yoki biron kishining yurishiga qarab “tuyaqush”, “o‘rdak” deb laqab qo‘yishganini eshitgandirsiz. Demak, Istioraning paydo bo‘lishi, narsalarning shakl, rang, ko‘rinishi, harakat va boshqa ko‘pgina tashqi belgilariga asoslangan ekan. Bilimli bolalarga qarata boshining ichi to‘la tilla deyishadi. Aytmoqchi, Alisher, sen ham shunday bolalardanmisan?
Kavsar TURDIYEVA