Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chanqovuz

Sakson bilan sirlashib, ko‘zoynaksiz kitob o‘qiydigan buvim bor edilar. Har gal pochtachi amaki nafaqa pullarini olib kelganida sevimli chanqovuzlarini labiga qo‘yib kuy chalib berar edilar. Biz kuydan sarmast bo‘lib, ularga tikilgancha atroflariga to‘planardik. Pochtachi amakining kelishi bizga ikki hissa bayram bo‘lar edi.

Yuqori hovlining burchagidagi uyga onda-sonda kirib qolsam, taxmondagi javonda qalin kitoblar, taxlam-taxlam gazeta-jurnallardan ko‘zim qamashib bir zum to‘xtardim. Shu kitoblar qatorida ularning hech kimga ishonmaydigan, bobosidan qolgan, kichkinagina, baxmal matoga o‘ralgan chanqovuzi turardi. Uni chalishga juda qiziqar edim. Kunlardan bir kuni bolalik qilib o‘sha chanqovuzni olib, dalaga chiqib ketdim.

“O‘g‘irlab olganimni” buvim ko‘rgan ekanlar. Kechki payt echkilarni daladan haydab kelib, qo‘raga qamayotganimda “qo‘lga tushdim”.

 – O‘g‘lim, tunov kuni kitoblarim orasiga qo‘yib qo‘ygan chanqovuzga ko‘zing tushmadimi?

– Tilim aylanmay qoldi. Chunki uni dalada bolalar bilan mushtlashib oldirib qo‘ygan edim. Rangim oqarib ketdi. Zo‘rg‘a “Yo‘q, joyida turgandir...” – dedim yerga qaragancha...

Chidab turolmadim, nima bo‘lsa bo‘lar, da­damga aytsalar, nari borsa bir tarsaki yerman yoki pensiyasidan menga beradigan maktab pulidan mahrum bo‘larman, de­gan o‘yda kechki ovqatdan so‘ng hammasini aytib berdim. Avvaliga ishonqiramay qaradilar, so‘ng peshonalari tirishib kuldilar: “Chalib ko‘rdingmi? Qiziqasanmi, agar shunday bo‘lsa, senga buni o‘zim o‘rgataman...”

Ertasi kuni mendan chanqovuzni tortib olgan bolaning dadasi uni buvimga olib kelib, uzr so‘rab ketdi. Shundan keyin buvijonim menga chanqovuz chalishni o‘rgatishni boshlagan. Men juda yosh edim. Har qancha harakat qilsam ham o‘rgana olmasdim. Lekin uning sehrli navosi yuraklarni titratib yuborar, buvim esa kuy yangray boshlaganda ko‘zlariga yosh olardi.

Buvimning bolaligi ayni ikkinchi jahon urushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, unda ikki akasi hamda otasini yo‘qotgan. Ehtimol, bizga chalib beradigan kuylarda ana shu shonli tarix, ayovsiz urush dahshatlari aks etgandir. Biz yosh bo‘lganimiz bois buning sababini ko‘p ham bilmas edik.

Buvimning vafotlaridan keyin ularning kitoblari hamda sevimli chanqovuzlari menga qoldi.  Har gal qishloqqa borib mo‘jazgina kutubxonamga kirsam buvim bilan o‘tgan damlarga xayolan sayr qilaman.  Kitoblarni ko‘zdan kechirar ekanman, xotiralarga qaytaman. Ichim to‘lib ketsa chanqovuzni chalaman, kuy ta’sirida beixtiyor pinhona yig‘lab, yengil tortaman.

 

Islom ASILBEKOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.