Tanishing gʻoliblar
“Sehrli qalpoqcha”dagi sayohat
Reja:
1. Xudoyberdi To‘xtaboyev ijodida sarguzasht va fantastikaning o‘rni.
2. “Sariq devni minib” asarining tili.
3. Yozuvchi hikoyalaridagi qahramonlar xarakteri, tarbiyaviy ahamiyati.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarini o‘qib tugatishim bilanoq Xudoyberdi boboning nevarasiga aylandim.
Men odatda katta asarlarni o‘qishga erinar edim. Ammo “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Besh bolali yigitcha” asarlarini mutlaqo zerikmasdan, erinmasdan o‘qidim.
Bilamizki, bolaning ko‘nglini olish ancha qiyin. Xudoyberdi To‘xtaboyev – biz kabi o‘jarlarni ijodi bilan o‘zgartira olgan, ko‘nglimizni topgan yozuvchidir. Uning asarlari bebaho boylikdir. Adibning har bir asari yumorga boy; bolalarning o‘ziga xos tabiati, o‘ylari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarga xos yo‘sinda mahorat bilan tasvirlangan. Yozuvchining asarlarini bolajonlar bilan bir qatorda kattalar ham miriqib o‘qiydi. Xydoyberdi To‘xtaboyev bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkordir.
Bola paytimizda onalarimiz, buvilarimiz ko‘plab ertak, rivoyatlar aytib uxlatar edilar. Biz bolalarni ovutishda xalq og‘zaki ijodidan foydalanilar edi. Endi esa bu manbaga Xudoyberdi To‘xtaboyevning ham asarlari qo‘shildi. Yozuvchining “Sariq devni minib” romani asosida suratga olingan kinoni ham katta-yu kichik qiziqish bilan ko‘rmoqda. Bu ham, aslida, Xudoyberdi To‘xtaboyev mahoratidir. Ana shunday ruh ostida maydonga kelgan “Sariq devni minib” asarida o‘qish, ilm cho‘qqilarini egallash, insonning o‘z orzu niyatiga erishish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan zamonamizda yashashiga qaramay, dangasalik, yalqovlik qilgan, hayotda yengil-yelpi yo‘l axtargan va adashgan bolalar – Hoshimjonlar kulgi ostiga olinadi.
Inson tabiatan sirli-sehrli narsalarga, g‘aroyibotlarga o‘ch bo‘ladi. Uning qalbida moddiy dunyo tashvishlaridan qutulish, orzu-umidlariga yetishish xayoliy, sehrli tarzda ro‘y berish istagi yashagan. Roman mavzusini sehrli qalpoqcha belgilaydi. Chunki qahramonning xayoliy sarguzashtlari uning vositasida amalga oshadi. Eng avvalo, yozuvchi tabiiylikka erisha olishi kerak. Asarda bu holat quyidagicha keltirilgan: avvalo, hikoyachi sehrli qalpoqchani izlab yurganligidan kitobxonni ogoh etadi, buvisining ertaklaridan so‘ng unga yetishishni orzu qilganligini aytadi: “Bir oy avval Qashqir qishlog‘ida turadigan buvim biznikiga kelib, sehrli qalpoq haqida ertak aytib berdi. Qalpoqni kiyib olgan azamat yigit biram ishlar qiladiki, og‘zingiz ochilib qoladi. U hammani ko‘rib turadi. Uni esa hech kim, eng ko‘zi o‘tkir odamlar ham ko‘rolmaydilar”.
Qahramon, nihoyat, qalpoqchani topadi. Ajoyib hodisa ro‘y beradi, o‘quvchi ertaklarda eshitib, ko‘nikkan hodisa voqelikka ko‘chadi.
Yozuvchi bu hodisa ertakda emas, hayotda chindan ham ro‘y berayotganiga kitobxonni ishontirdi. Xudoyberdi To‘xtaboyev yolg‘on va haqiqatni bir-biriga bog‘lab tabiiylikni yaratdi.
Asarni o‘qir ekanman, Hoshimjon sehrli qalpoqchani topishi bilan undan avval men nimalar qilish mumkinligi haqida orzu qila boshladim.
Asarning eng yaxshi fazilatlaridan biri tilining o‘quvchiga yaqinligidir. Bu til jonliligi, shu bilan birga bolalar tiliga mos holda soddaligi bilan ajralib turadi. Qahramonning xarakteri uning so‘zidan shundoqqina bilinib turadi. Masalan, “Sariq devni minib” asari biz tengi bola – Hoshimjon, tilidan kulgili voqealarga boy tarzda hikoya qilinadi. Hoshimjon ustidan kulgan odamlar jamiyatimizda mavjud. Qahramonlarning xatti-harakatlari kulgili tasvirlangan.
Adabiyotshunos olim – Abdug‘ofur Rasulov, ta’kidlaganidek, Hoshimjon ana shunday qahramonlarning ustidan kuladi, o‘rni kelganda adabini berib qo‘yadi. Yozuvchi asarida kulgu zamirida jiddiylik deya aynan ana shuni ko‘rsatib berishga harakat qilgan.
Ayni paytda Hoshimjonning biroz dangasaligi ham bor. O‘ziga buyurilgan ishni, yumushni birovga qildiradi. Bu xatti-harakatlarini boshqalarga taqlid qilgan holda izohlaydi.
Asarda Hoshimjon o‘z sayohati davomida qanchadan qancha ajoyibotlarning guvohi bo‘lib qiziq kulgili, ajoyib sarguzashtlarni boshdan kechiradi. U o‘qimay, mehnat qilmay, o‘z ustida ishlamay juda ko‘p narsalarga erishmoqchi bo‘ladi, lekin hech narsaga erisha olmaydi. Chunki unga ilmsizligi pand beradi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev – katta-yu kichik bolalarning suyukli adibi. Uning yirik hajmli asarlari bilan bir qatorda hikoyalari ham juda qiziqarlidir. Hikoyalarining qahramonlari ham – biz tengi bolalardir.
Yozuvchining “Kichkina rais” hikoyasi qahramoni – kichkintoy o‘quvchi bola. Lekin Foziljonning xatti-harakati, intilishi, paxta dalalarini sergaklik bilan kuzatishi, fikr yuritishi raislarga xos.
Foziljonda ona zaminga nisbatan qiziqish ta’sirli chizilgan. Kimsasiz, g‘irt yetim bola o‘z qishlog‘i atrofidagi odamlar bilan sevinib, quvonib yashaydi. O‘zini ularning bag‘rida erkin his etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarining barchasi ibratlidir. Uning asarlari kitobxon, joy va eng asosiysi zamon tanlamaydi. Kim qayerda qaysi paytda o‘qimasin baribir asardan bir xil zavq oladi. Shuning uchun ham bemalol, qo‘rqmasdan ayta olamizki, yozuvchining asarlari hali uzoq yillar davomida sevib o‘qiladi.
Odina ABDUQAHHOROVA,
Andijon viloyati Paxtaobod tumani 19-maktabning 6-sinf o‘quvchisi