Yorugʻlik sari
Kitob o‘qish hayotimizda qanday rol o‘ynaydi va nima uchun bizga kerak?
– Yangi va noyob fikrlar tug‘ilishiga yordam beradi;
– Inson fikrini jamlaydi;
– Birgalikda kitob o‘qish ota-onalar va bolalarning o‘zaro munosabatlarini yaxshilaydi. Ota-ona o‘z farzandini mutolaaga o‘rgatar ekan, o‘zi bu ishda o‘rnak bo‘lishi kerak;
– So‘z boyligimizni oshiradi;
– Dunyoqarashimizni kengaytiradi;
– Og‘zaki nutqimizni rivojlantiradi;
– Zukkolikka yetaklaydi;
– Tasavvurni oshiradi;
– Chet tilini o‘rganishni osonlashtiradi;
Xotirjam bo‘lish va uxlashga yordam beradigan eng yaxshi usul ham kitob o‘qishdir. Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uyg‘onish kerakligi haqida signal yuboradi. Kitob o‘qish esa aksincha ta’sir ko‘rsatadi – miya uxlash vaqti bo‘lganligini tushunadi. Kitob o‘qish jarayonida o‘quvchi qahramonlar bilan birga yashaydi. Ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ladi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan.
O‘zida mana shunday ko‘plab xislatlarini jamlagan mutolaa hech kimni yomonlikka boshlamaydi, aksincha, ichki go‘zallikni oshirib yorug‘likka chorlaydi.
Internetdan foydalanish ko‘plab o‘quvchilarni izlanishdan to‘xtatib qo‘ygan.
Bizda shunday savol tug‘iladi: Internet muhimmi yoki mutolaa? Bu savol bilan ko‘pchilikka murojaat qiladigan bo‘lsak, internetni mutolaadan ustun ko‘rishlari ko‘proq foizni tashkil etadi. To‘g‘ri, internet tezkor, lekin aniqmi? Yaqinda gazetada bir ma’lumotni o‘qidim. Internetda taniqli shoirning bir she’riga boshqa muallifning ism sharifini qo‘yib yuborishgan.
Mutolaaga oilada qiziqish bo‘lmasa qilinayotgan sa’y-harakatlar befoydadek go‘yo. Mutolaa – nafaqat biz, balki yoshi ulug‘lar uchun hamdir. Bejiz xalqimizda: “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deb aytishmagan.
Ayrim tengdoshlarimizni eshitadigan bo‘lsak “Kitob o‘qib, olim bo‘larmiding?” deyishadi. Ha, to‘g‘ri, olim bo‘lmasmiz, ammo, mutolaa hammasidan muhim. Chunki, mutolaa savodxonlikni yanada oshiradi va yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishimizda o‘z hissasini qo‘shadi.
Muhammad Abdulloh,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani
102-IDUMning 8-sinf o‘quvchisi