Enaxon Siddiqova
Enaxon Siddiqova 1954-yili Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida dehqon oilasida tavallud topdi. Farg‘ona davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida (1972-1976) tahsil oldi. Oltiariq va Farg‘ona tumanlari maktablarida o‘qituvchi, maktab direktori vazifalarida xizmat qildi (1976-1996). O‘zbekiston XDP Farg‘ona tumani ikkinchi kotibi (1996). “Farg‘ona haqiqati”, “Ферганская правда” gazetasi muxbiri (1990-1997), Farg‘ona viloyati hokim o‘rinbosari, kotibiyat xodimi (1997-2001) lavozimlarida ishladi. 2001-yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari, “Qalb sadosi” haftalik gazetasining bosh muharriri vazifalarida xizmat qildi. Enaxon Siddiqova 2013-yildan Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, 2015-yildan Oliy Majlis Senati a’zosi edi.
Enaxon Siddiqova O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “oq yo‘l”i (1977) bilan adabiyotga kirib keldi. “Qorako‘z turnalar”, “Sumanbar nasim”, “Ko‘ngil ufqlari”, “Ishq ifori” she’riy to‘plamlari, “Sirli tun faryodi” hikoyalar majmuasi, “Qizoyimlarga kelinlik saboqlari”, “Tibbiyot fidoyilari”, “Xaloskorlik”, “E’zozli ayollar” kabi publitsistik asarlar nashr ettirdi.
U o‘z asarlarida inson deb atalgan sehrli mo‘jizakor xilqatning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini alqaydi, himoya qiladi, olqishlaydi. Insonga ishonch ruhi, samimiyat uning ijodida badiiyatning muhim unsurlari sifatida bo‘y ko‘rsatadi.
Enaxon Siddiqovaning adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi mehnatlari 2004-yili “Do‘stlik”, 2009-yili “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova 2023-yil yanvarda vafot etdi.