Yangilanayotgan Konstitutsiya
Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning taqdiri va kelajagi, milliy taraqqiyotimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi bilan qizg‘in tanishmoqda, muhokama qilmoqda. Bu haqida siz har kuni televizor orqali ko‘rib, eshitib turibsiz. Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritish nima uchun kerak bo‘lib qoldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Har qanday rivojlanayotgan, yangilanayotgan demokratik davlatda bunday o‘zgarishlarning bo‘lishi tabiiy.
Konstitutsiya dunyo bo‘ylab yaratilishidan maqsad – inson huquqlarini amalga oshirish uchun kafolatlarni ta’minlash, insonni davlat, uning mansabdor shaxslarining huquqqa zid xatti-harakatlaridan himoya qilish hisoblangan.
Zamonaviy demokratik yondashuvlarga ko‘ra, Konstitutsiya bu – xalq va davlatning huquq va majburiyatlari aks etgan ahdnoma hisoblanadi.
Oddiy yo‘l harakati qoidalarida svetofor qanday vazifani bajarsa, u ishlamay qolgan hollarda ko‘chalardagi tartibsizlikni ko‘z oldingizga keltiring-a. Konstitutsiya ishlamasa mamlakat miqyosida nimalar sodir bo‘lishi mumkinligini yo‘l qoidalariga o‘xshatish mumkin.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida ko‘plab muammolar yechimiga qaratilgan normalar o‘z ifodasini topgan. Quyidagilarni esa siz o‘quvchilar ham bilib qo‘yishingiz kerak.
*endi paxtaga yoki ko‘cha tozalash va boshqa ishlarga hech kim majbur qila olmaydi, bolalarni darsdan chiqarib, boshqa ishlarga jalb etishga jur’at eta olmaydi – majburiy va bolalar mehnati qat’iy taqiqlanmoqda (44-modda);
*endilikda shifoxonaga borsak hamma narsa pullik deb ayta olmaydi – tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bepulligi belgilanmoqda (48-modda).
Shuningdek, loyihada:
*insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligi;
*O‘zbekiston tarixida birinchi marta xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi ham aytib o‘tilgan.
Konstitutsiyaviy komissiya bu safar yangicha yo‘ldan borib, avval xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi, shundan so‘ng Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning burchi ekanligi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri ilm-fanni, ta’limni rivojlantirishga katta e’tibor berilgani bilan izohlanadi. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki baravar ko‘paydi.