Ulug‘ saltanat
...Do‘st-u birodarlik boshlangandan beri piri murshid Mir Sayyid Baraka Temurbekni turli holatlarda kuzatdi, xursandchilik va xafagarchiliklarda o‘zini qanday tutishini nazardan o‘tkazdi. Piri murshidga shu narsa ayon bo‘ldiki, Temurbek ulkan daryo ekan, butun dolg‘alari tubida pinhon, sirtdan esa limmo-lim to‘lib oqayotgan Jayxun singari sokin... Unga birov tosh otsa, parvoyi yo‘q – tosh cho‘kadi ketadi. Bironta soy yoki anhor kelib qo‘shilsa, g‘urur tuyib to‘lqinlanmaydi. Tepasidan taqdir bo‘ronlari yelsa, bo‘ronlarning tugashini kutadi, unga qarshi junbushga tushmaydi, o‘z yo‘lida oqaveradi. Daryo yonida bo‘lganlar uning saxovatidan bahramanddurlar. Unga to‘siq qo‘ymoqchi, g‘ovlar tashlamoqni o‘ylagan kimsalar holiga voy, daryo yo‘lidagi har qanday to‘g‘onlarni surib o‘tadi, chilparchin etadi! Ha, bu daryo hozir qudratga to‘lgan, kamolga yetgan. Hinduvon qamali buning misolidir, Amir Husayn qismati uning isboti...
...Temurbek har qachongidek xayolchan, go‘yo bugun hech qanday hodisa ro‘y bermaydiganday xotirjam bir holatda edi. Uning chehrasida Turon sultoni bo‘lishdek ulkan quvonch va shodlik izlari sezilmasdi, chindan ham yutuqlardan shodlanmasligi bilinib turardi. “Turon sultoni bo‘lish, Turkiston zaminiga egalik qilish Temurbekning ming niyatidan biri xolos. Ore, rost...” – deb qo‘ydi ichida Mir Sayyid Baraka Temurbekka nazar tashlab, o‘zi ham xayol iskanjasidan qutula olmay...
... – Jumla olamdagi ja’mi ishlarning ixtiyori Ollohning izmida, oqibati Ollohning xohishidadir... – so‘zlandi Mir Sayyid Baraka fotiha o‘qilgandan so‘ng. – Qur’oni masjidda deyilmishki, sen xohlagan kishingga mulk ato etgaysen, xohlagan kishingdan ul mulkni tortib olg‘aysen... Ore, rost...
– Ha, parvardigorimning karami ham ulug‘, qahri ham qattiq... O‘zi panohida asrasun! – dedi Temurbek. – Halloqi bezavolga sallamno!
Barcha piri murshidning so‘zlariga quloq tutdi. Amirlar Temurbek bilan Mir Sayyid Baraka o‘rtasidagi samimiy munosabatni kuzatib kelishar, yaqindagina uchrashib, oz fursatda bir-birisiz turolmaydigan darajada inoqlashib ketganlaridan ham quvonishar, ham hayratga tushardilar. Amir Sohibqiron va piri murshid orasida nozik hurmat pardasi bor edi, hech kim undan nariga o‘tmasdi. Amirlar buni ham anglab oldilar.
Mir Sayyid Baraka mamlakat podshosiga aytadigan bir necha so‘zlarini dilida asrab kelardi, binobarin, uning muridi, yo‘q, muridi emas, muhibi, do‘st-u birodari Sohibqiron Temurbek Turon taxtiga minayotgan ekan, shu maslahatlarini aytib qo‘ymog‘i joiz. “Har narsaning o‘z vaqti bo‘lur. Chunki mulk bo‘stonida omad-u iqbol niholi o‘smog‘i, alal-oqibat hosil bermog‘i uchun tolei yurishgan sultonlar siyosati zarurdir. Siyosat esa simobday sirg‘aluvchi bir narsa...” – deb o‘yladi ichida Mir Sayyid Baraka.
– Zinhor bu nasihat emasdur... maslahat o‘rnida qabul qilg‘aylar, Amir Sohibqiron!
– Nasihat-u maslahatlarga haqqingiz bordur, pirim! Tinglamakka mushtoqdurbiz! – piri murshidni qo‘llab-quvvatladi Temurbek. U Mir Sayyid Barakaning muhim gap aytmoqchiligini qalban sezdi.
Odatga ko‘ra, bir chetda o‘ltirgan munshiyi xos bu so‘zlarni voqealar daftariga yozib borardi. Mashshoqlar ham chalishdan to‘xtadilar.
– Qulluq, Amir Sohibqiron! – piri murshid qo‘lidagi guldor tasbehini mamnun aylantira boshladi. – Parvardigor manglayini silag‘on banda farmon bermoq iqboliga erishg‘ay, saodat tojiga munosib topilg‘ay. Iqbolli sulton o‘z mamlakatida amri ma’ruf va nahyi munkar yo‘llarini qattiq tutg‘ay. Fikri-zikri illat-u zalolatni yo‘q qilishga yo‘naltirilg‘ay. Butun xayoli zulm-u sitamni qandoq yitirsam, degan qutlug‘ o‘ylar birlan band bo‘lg‘ay. Fitna, fisq-u fasod tikonlarining o‘sishiga yo‘l qo‘ymag‘ay. Qudratini o‘z fuqarolarining himoyasiga qaratg‘ay. Bandalar ichida ravo ko‘rilg‘on baland martaba faqir-u miskin, bechoralar g‘amini yemak uchun ato etilg‘onini tushung‘ay. Saltanat shavkatini holdan ketib yiqilg‘onlarg‘a qo‘l cho‘zishda, deb bilg‘ay. Jumla mo‘minlarni, el-ulusni baxtli aylamakning yagona yo‘li shu ekanini anglag‘ay!.. Olloh in’om aylag‘on kuch-qudratni, adolatni yuzaga chiqarishga sarf etg‘ay, kuch adolatda erkonini aslo unutmag‘ay!..
Mir Sayyid Baraka saltanat oyini, tartibi, ravishi haqida so‘zlardi. Temurbek biladi, saltanatni yurgizmak uchun qoida rusum lozim, Chingizxon yasosi yanglig‘ bir to‘ra-tuzuk kerak. Temurbek barchasini o‘ylab qo‘ygan, faqat u tuzukni sahifaga tushirish darkor. Vaqt musoid etsa bas...
– Inshoolloh, – tasdiqladi Temurbek va beixtiyor chap qo‘lidagi oltin uzukka, undagi “Rosti-yu rusti” so‘zlariga qaradi-da, asta silab qo‘ydi. – Kuch adolatdadur! Ha, pirim! Dilimga tugmishmenkim, har fursat, har maskanda dini islomni quvvatlasam, rivoj bersam... Saltanat tarixini shariat ila bezasam... adolatni qaror toptirsam...
...Amir Temur Samarqand shahriga qadam qo‘ydi...
Uning bolaligi shu qadimiy shaharda o‘tgan deyish mumkin, padari buzrukvori Amir Tarag‘ayga ergashib ko‘p marta Samarqandga kelgan... O‘smirlik, yigitlik chog‘larida esa Samarqandda, Konigilda bo‘lgan ko‘pkari, kurash yoki boshqa shunday tomoshalarning barchasida qatnashgan, ulardagi sovrin-u hadyalar hamisha keshlik amirzodaga halvoday gap edi. U Samarqandni besh qo‘lday bilardi. Biron narsadan siqilsa, zeriksa, shartta Mamatni olib shu yoqqa jo‘nab qolardi. Samarqandni aylanib yurganda shuurida dunyoning kengligini tuyar, dili yayrardi. Hali bolaligidayoq, o‘smirligidayoq jahongirlik havasida betizgin xayollarga berilar ekan, Samarqandni poytaxt qilajagi xususida orzularga g‘arq bo‘lardi.
Beshinchi iqlimdagi go‘zal shaharlardan biri Samarqand mamlakatning markazida joylashgan. Temurbek Kesh madrasasiga qatnab yurgan mahallar qaysidir bir kitobda o‘qigani esida. Xalifa Ma’mun Samarqand viloyati haqida so‘raganida, unga shunday javob berishgan ekan: “Samarqand bamisli Oyqo‘rg‘onning o‘zi. Daryosi falak qasrining daryosiga monand, dalalari esa osmon yoritqichlariday fusunkordir...”
Amir Temur nazarida bu juda o‘rinli ta’rif. Chindan ham, dalalari serhosil, bog‘lari ajabtovur tarovatli, suvlari sharqiroq va ravon bu maskanning fayzi mutlaqo o‘zgacha. Kuz faslida shahar havosi biroz salqin bo‘ladi. Sharq tarafdagi tog‘dan necha kunda bir qattiq yel esib turadi. Qish fasli sovuq, ba’zan qor uch qarichgacha yog‘adi. Yozlari esa mo‘tadil, bahori nihoyatda go‘zal. Tuprog‘i bamisli jannat tuprog‘i, g‘allaning baridan uchraydi. Mevalarini aytsangiz! Sohibqiron, ayniqsa, Samarqandning noshpoti, murudi va anjirini yoqtirardi. Gullari esa ajoyib! Amir Temurning bir odati – qayerga borsa, o‘sha yerda o‘sadigan gullar urug‘ini oldiradi va olib kelib ektirishni yaxshi ko‘radi...(romandan parcha)
MUHAMMAD ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi