Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zilzila bolalari

Navro‘z mintaqamiz xalqlarining qa­di­miy va umumiy bayramidir. Uning mohiyatida do‘stlik, ahillik, bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik kabi olijanob fazilatlar o‘z ifodasini topgan. Xalqimiz azaldan bu bayramni do‘st-u yaqinlari, qon-qardoshlari bilan birga nishonlagan. 

Turkiy   xalqlar hamisha yaxshi va yomon kunlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Bunday do‘stlik va ahillik bugungi kunda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarga mustahkam asos bo‘lmoqda.

Joriy yil 22-mart kuni  Anqaradagi  “O‘zbek sofrasi” restoranida fayzli va  go‘zal  anjuman tashkil etildi. Baland  va bahavo tepalikda joylashgan muhtasham qal’ada    rejalashtirilgan     yig‘in  mezbonlari  Anqaradagi  O‘zbekiston elchixonasi va elchixona qoshida tashkil   etilgan   “O‘zbegim” Xalqaro jamiyat  bo‘ldi.

O‘choqlarga o‘t qalandi.  Turkiy  xalqlarning   azaliy  va  bahoriy  taomlari  bo‘lgan  sumalak,   ko‘k somsa, ko‘k chuchvaralar  tayyorlandi.  Tandirlarda  nonlar  yopildi.  Palov  damlanib,   fayzli dasturxon  tuzaldi.  Bu  anjumandan uch mushtarak maqsad  bor edi: avvalo 6-fevral kuni   Turkiyada ro‘y  bergan  va  “Asr falokati”  deb nomlangan  zilzila qurbonlarini yod  etish, og‘ir kunlarda turk  xalqining  yonida  bo‘lish, qon-qardosh, birodarlik   rishtalarini yanada mustahkamlash  va  turkiy xalqlarning  qadimiy bayrami  Navro‘z, – qutlug‘ Ramazon oyi bilan  qutlash  edi. 

Zilzila qurbonlarini xotirlab, Qur’on  tilovat qilindi.

Anqaradagi elchixonalar, Xalqaro  dar­nak­lar (jamiyat) va  baladiyalar  vakillari jafokash  turk  xalqiga hamdardlik  bildirib,   salomatlik tilashdi.

Tadbirga kelgan uch yuzdan  ortiq  mehmon orasida  zilzila  hududidagi bolalar  uchun  maxsus  xayriya  marafoni  e’lon  qilindi.  Xayriya mablag‘lari, o‘yinchoqlar  yig‘ildi.

22-mart kungi  tadbir  21-mart  kuni 12000 dan  ortiq  etnik  o‘zbeklar  yashaydigan   Ovakentda tashkil etilgan  Navro‘z saylining  mantiqiy davomi edi. Zilziladan  zarar  ko‘rgan va ayni kunlarda chodirlarda istiqomat  qilayotgan  Ovakent xalqiga ham Anqaradagi O‘zbekiston  elchixonasi  va  “O‘zbegim” Xalqaro jamiyati tomonidan osh, sumalak tortildi. Ayollar  va bolajonlarga O‘zbekistondan  keltirilgan  milliy  liboslar,  futbol  formalari,   kitob,   varrak va boshqa  sovg‘alar taqdim etildi. Hammaning  yuragidan joy olgan va o‘zbek-turk  do‘stligining  ramziga aylangan «Biz birlikda kuchlimiz” asari   muallifi   Sarvar Farmonov   tomonidan  tashkil etilgan  rasm  chizish mashg‘uloti, futbol va  varrak  sayli bolalarga haqiqiy  shodlik hadya  etdi.

OVAKENTDAGI FUTBOL

Bu  yigitchalarday  ashaddiy    futbolchilarni   hech  qayerda  ko‘rmaganman. 

Varrak sayli, rasm mashg‘uloti va   rejamizdagi  boshqa  ishlarimiz   tugamay, chuvillab bizni shoshirib  qo‘yishdi.

O‘zbekistondan  ikki xil  futbol  formasini keltirgandik. Biri Sarvar  Farmonov  chizgan va  turk-o‘zbek  do‘stligi ramziga  aylangan    surat tushirilgan  oq  rangli va  ikkinchisi  “Paxtakor” futbol komandasiga oid  bo‘lgan  ko‘k  rangdagi  liboslar edi.

“Paxtakor”  nomini aytishga qiynalganlari uni O‘zbekiston deb atadik. Shunday qilib qiyinchilik  tug‘dirgani  uchun  maydonga “O‘zbekiston”  va “Ovakent”  jamoalari tushdi.  

Bolalarni yanayam ruhlantirish uchun  O‘zbekistonning  yoshlar  futbol jamoasi  Osiyo chempioni bo‘lganini qayta-qayta takrorladim.

–   ...Sizlar esa nasib qilsa  jahon chempioni bo‘lasizlar!, – dedim ularga.

O‘yin so‘ngida “ O‘zbekiston”  futbol  jamoasi  1:0 hisobida  g‘olib  bo‘ldi.

Biz  ikki jamoa a’zolariga  ham oltin, kumush  medallarni   taqib, o‘zbek  do‘ppilarini kiydirdik. 

Bu  quvonch, bu  hayajonlarni tasvirlab  bera  olmayman.

O‘zbekistonga qaytganimizdan so‘ng bir futbolchi menga qo‘ngiroq  qildi:

– Siz medalni oltin degandingiz. Ammo u  xaqiqiy oltin emas ekan. 

–   Xafa  bo‘ldingmi? – so‘radim undan.

–   Yo‘-o‘-o‘q!  Bu   medal menga  o‘nta oltindan qadrliroq. Chunki u  ilk  medalim.  Kun kelib, Jahon chempioni  bo‘lgan  taqdi­rimda oladigan  medalimni ham siz  taqib qo‘ygan medaldan  balandga  ilmayman.

Bundan  ortiq  e’tirof   bo‘ladimi?

BU BAHORGA YETMAGANLAR

Xataya tumanidagi qishloqning  odamlari samimiy,  sodda, chehrasi fayzli ekani yuz-ko‘zlaridan ko‘rinib turardi...

Balki shuning  uchun sumalak ham boshqacha  shirin  va  barakali chiqqandir. 

Dasturxon atrofiga o‘tirgach, Qur’on tilovatlari  yangradi.  Ko‘zimdan  duv-duv    yosh oqdi.    Ko‘z yoshlarimni keyin  ham to‘xtata  olmadim. 1966-yilgi Toshkent zilzilasi haqida o‘qiganlarim yodimga tushdi.

–   Bu  bahorga yetganlar bor, yetmaganlar  bor,  – dedi  sumalakchi  nuroniy  momo xo‘rsinib, – o‘tgan yillari  qavmimiz  ancha  katta  edi.  Zilzila  sabab  ko‘pchilik   qurbon  bo‘ldi.  Ular  yeta  olmagan  bahor  bu.   Ular  yetmagan  sumalak  bu....

Qozon  cheti qotib qolgan sumalakdan  oldim, biroq qani  endi  o‘sha jimjiloqcha sumalakni   yutolsam...

Ehtimol, hammaga manzur bo‘lgan    sumalak menga vayronalar ostida qolib, halok  bo‘lgan sumalakxo‘r  bolalarsiz tatimagandir...

 

Muazzam IBROHIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.