Kitob bayrami va Andersen
(2-aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni)
Aprel oyi rosa bayramlarga boy-da! 1-aprel – Xalqaro kulgi kuni, Xalqaro qushlar kuni. Bu bayramlarni maktablarda bir-biringiz bilan hazillashib, qushlarga inlar yasab o‘tkazishingizning ertasiga yana bir judayam chiroyli bayram – Xalqaro bolalar kitobi kuni boshlanadi. Bayram ayniqsa, kitobsevarlar uchun juda yoqimli. Chunki shu kundan “Kitobxonlik haftaligi” start oladi. Haftalikda bolalar o‘zlari sevgan taniqli yozuvchi – shoirlar bilan uchrashadilar, davra suhbatlarida qatnashadilar, viktorinalarda o‘z kitobxonliklarini sinovdan o‘tkazadilar. Yangi kitoblar taqdimotida ishtirok etadilar. Kutubxonalarini yangi asarlar bilan boyitadilar. Haftalik jarayonida bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Bayram arafasida Toshkent shahrida ilk marotaba bolalar kutubxonasi ishga tushdi. Eh, bu tuhfadan shaharlik bolalarning qanchalik shodlanganlarini ko‘rsangiz edi... Ana shu tantanada zukko kitobxon bolalardan biri “Nega Xalqaro bolalar kitob kuni aynan 2-aprelda o‘tkaziladi?” deb so‘rab qoldi. Savolning javobini bilish sizga ham qiziq, albatta.
Chunki shu kuni butun dunyo bolalarining suyukli ertakchi bobosi, bolalar qalbida kitobga ilk muhabbat uyg‘otadigan daniyalik yozuvchi Hans Kristian Andersen tug‘ilgan.
Uning “Irkit o‘rdakcha”, “No‘xat ustidagi malika”, “Qor malikasi”, “Qalayi soldat” ertaklarini mazza qilib o‘qigansiz, filmlari va multfilmlarini tomosha qilgansiz. Ertakchi bobo umri davomida oz emas, ko‘p emas, naq 3342 asar yozgan. Ular 150 ga yaqin tilga tarjima qilingan.
1962-yildan buyon buyuk ertakchining hurmati uchun ham 2-aprel dunyo bo‘ylab Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida nishonlanadi. Bayramning asosiy maqsadlaridan biri – bolalarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yaxshilash, yangi avlod ma’naviy va intellektual salohiyatini shakllantirishda bolalar kitobi rolini oshirish bolalar adabiyoti, kitob san’ati va madaniyatini rivojlantirish. 1956-yilda YUNESKOning Xalqaro bolalar va o‘smirlar adabiy kengashi tomonidan Hans Kristian Andersen nomidagi mukofot ta’sis etilgan. Har ikki yilda bir marta beriladigan bu xalqaro mukofot adabiyot olamida “Kichik Nobel mukofoti” deb ham ataladi.
Xabaringiz bor, mamlakatimiz ham Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi a’zosi. Demak, endi bizning yozuvchilarimiz ham xalqaro tanlovda ishtirok etib, ushbu mukofotni qo‘lga kiritishlari mumkin. Bu sohada ilk qadamni biz tashladik.
Kitobxonlikni davom ettirib, adabiyot olamiga kirib borsangiz, ehtimol siz ham ana shu mukofot sohibi bo‘larsiz.
Gulnoza Tojiboyeva,
Vilyam Shekspir nomidagi Xalqaro mukofot sohibasi