Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Kitoblarni o‘qimaslik – jinoyat…”

Qadrli “Gulxan” muxlislari, sahifamizning bu galgi mehmoni – yosh bo‘lsa-da, mashhurlikka erishgan vatandoshlarimizdan biri, taniqli aktyor, huquqshunos, radioboshlovchi, bloger, shoumen Otabek Mahkamov.

Asli kasbi yurist bo‘lishiga qaramay unda aktyorlik, boshlovchilikka tug‘ma iste’dod kuchli bo‘lgan. Shu boisdan odatda uni bir kasb bilan emas, aksincha bir nechta kasblari bilan tanishadi.

U 1984-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. “Bo‘rilar-3, Oxirgi qarz”, “Majruh”, “Men yulduzman”, “Jodugar”, “Yondiradi-kuydiradi”, “Fotima” kabi filmlarda hamda ko‘plab videokliplar, reklama roliklarida suratga tushgan. 2016-yilda AQSHga ko‘chib ketgan Otabek Mahkamov ayni paytda Nyu-York radiosi va shaxsiy YouTube kanalida jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Biz mashhur hamyurtimiz bilan bolalik, maktab, o‘qigan kitoblari, ustozlari va albatta, siz – o‘quvchilarga hayotingizda asqotadigan maslahatlari, tavsiyalari xususida suhbatlashdik...

 

Sodiqlik

Bolaligimni eslasam, qandaydir ichki xotirjamlikni his qilaman. Chunki hech qanday muammoyingiz yo‘qdek, borlarini ham siz uchun kattalar hal qilishadi. Sizning vazifangiz esa ularning aytganini o‘z vaqtida bajarish. Meni onajonim, buvijonim va opam katta qilishgan. Oilamdagilar qattiqqo‘l edilar. Ularning tarbiya uslubi  shunday edi. Hech qanday qarshiliksiz, e’tirozlarsiz hamisha ularning aytgani bo‘lishi kerak. Men esa doim ham ularga amal qilavermaganman. O‘zimning fikrlarim, qarashlarim bo‘lgan. Ba’zan tanlovlarim noto‘g‘ri bo‘lsa-da, o‘zimning gapimda turib olardim, fikrlarimga sodiq edim.

Ustozlarim – suyanch tog‘larim

Faoliyatimni yurist-o‘qituv­chi­likdan boshlaganman. Hozirgisi telejurnalistika. Har bir kasbda ustozlar izidan borib, ulardan nimadir  o‘rganishga intilganman. Avvalo, birinchi ustozim bu – onajonim bo‘ladilar. Joylari jannatda bo‘lsin, Mahkamova Ra’noxon Erkinovna rus tili o‘qituvchisi edilar. Ular O‘zbekistonga birinchilardan bo‘lib yangi pedagogik texnologiyalar, ya’ni sinflarda o‘quvchilar bilan ishlash, ularga dars o‘tishda samarali, qulay uslublarini olib kirganlar. Keyingisi, yuridik soha bo‘yicha ustozim Akmal Xolmatovich Saidov. U kishidan huquqshunoslik borasida juda ko‘p bilimlarni o‘rganganman. Aktyorlik bo‘yicha esa mashhur “Garri Poter” kinosida bosh rolni ijro etgan Deniel Redkliff.

Shu o‘rinda o‘quvchilik paytlarimda faoliyatini kuzatib borganim uchta ulug‘ jurnalist –   AQSHda Fil Donaxyu, Sobiq SSSRda Vladimir Pozner, O‘zbekistonda Nasiba Ibrohimovalarni o‘zimga  ustoz deb bilganman.

Ikkita maktabda oqiganman

Boshlang‘ich ta’limni Toshkentda olganman. Keyin, oilamiz vodiyga ko‘chgan. Men tahsilni u yerdagi gimnaziyada davom ettirganman. Ingliz tiliga bo‘lgan qiziqish bolaligimdan kuchli edi. Onam rus tili o‘qituvchisi bo‘lgani bois men bu tilni ham oson o‘zlashtirib olganman. Ikki tilni bilishim va so‘zlasha olishim ortidan maktabda doim maqtov eshitardim. Ustozlarimiz hamisha meni boshqa tengdoshlarimga o‘rnak qilib ko‘rsatishardi.

Bilasizmi, u yerdagi barcha o‘quvchilar ingliz tilida bemalol gaplashishardi. Gimnaziyada “Siz ingliz  tilini bilasizmi?” deb emas, aksincha, “Siz hali ham ingliz tilida gapirishni bilmaysizmi?” deb so‘rashardi. O‘z ona tilingizda qanday to‘liq, ravon gapirsangiz bu tilda ham shunday darajaga ega bo‘lishingiz talab qilinardi.

Bundan tashqari, London, Buyuk Britaniya, Amerika kabi ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarning geografik o‘rni, madaniyati, urf-odatlarini o‘rganib, kerakli ma’lumotlarni yodlab olardik. Hech esimdan chiqmaydi, gimnaziyaga kelganimning ilk haftasida Buyuk Britaniya haqida ikki qog‘oz ma’lumotni yodlab, darsda aytib berganman.

Hozir o‘ylab qolaman, o‘sha paytlari ustozlarimiz bizga davlatlar haqidagi ma’lumotlarni yodlatib to‘g‘ri qilishgan ekan. Bundan maqsad, o‘sha davlatlarning nafaqat tili, balki madaniyatini o‘rganishga qiziqishni o‘stirish, rivojlantirish bo‘lgan ekan. Agarda siz biror mamlakat tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ishni avvalo, uning madaniyatini o‘rganishdan boshlashingiz lozim. Aks holda uning ona tilini o‘zlashtira olmaysiz.

“Yoqtirmagan” fanlarim

Ha shunday, aniq va tabiiy fanlarni uncha yoqtirmasdim. Ular menga murakkabdek ko‘rinardi. Lekin o‘qirdik: majburiy edi. Menga ko‘proq adabiyot fani yoqardi. Chet el adabiyoti namoyondalari Shekspir, Mark Tven, Bayron, Heminguey asarlarini sevib o‘qirdim, ustozlarimiz o‘qib bersa, miriqib tinglardim. Bundan tashqari, O‘zbekiston hamda jahon tarixi, huquqshunoslik fanlariga ham qiziqishim bo‘lgan.

Gimnaziyamiz direktori Abdulhamid Mutalibovich kam bo‘lmasinlar, maktabimizga o‘z sohasining yetuk, malakali kadrlarni jalb qilgan edilar. Barcha fanlardan professional o‘qituvchilar dars berishgan. Ayniqsa, ingliz tili ustozim – Denisova Larisa Nikolayevna hamda sinf rahbarimiz – Irina Nikolayevnalarni boshqacha hurmat qilardim. Ular men uchun ideal inson edi.

Birinchi o‘qigan kitobim…

Lyuis Kerollning “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” asari edi. Asarni rus tilida o‘qiganman. Mazkur kitob bir qancha avlod vakillari tomonidan sevib mutolaa qilingan va bugunning bolalari ham uni o‘qishi kerak, deb o‘ylayman.

Undagi voqealar mavzusi, ko‘lamidan qat’i nazar yosh kitobxon ko‘ngliga shunisi bilan yaqinki, unda mo‘jizalar orqali bolalar qalbi tarbiyalanadi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda bunday ma’naviy asarlarni bolajonlarimiz ko‘proq mutolaa qilishi kerak, nazarimda.

Keyingisi, Aleksandr Dyumaning “Uch mushketyor” kitobi edi. Uni ham rus tilida o‘qiganman. Men rus maktabda o‘qiganim bois asosan rus va ingliz tillaridagi kitoblarni o‘qirdim.

Ingliz tilida o‘qigan birinchi kitobim bu Jorj Bayronning “Chayld-Garoldning ziyorati” asaridir. Va yana bitta kitob bor edi, bu  Pamela Trevers tomonidan yozilgan “Meri Poppins haqida ertak” kitobi bo‘lgan. Kitob menga juda ham yoqqan. Uni o‘qib mazza qilganman. Uning kinosini ham miriqib ko‘rganman. Ertak bolalarni o‘zgarishlardan qo‘rqmaslikka va oddiy narsalarda ham ajoyib narsalarni ko‘rishga o‘rgatadi...

Haftada bir marta o‘zbek adabiyoti fani o‘tilgan. Unda Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat haqida adabiyot o‘qituvchimiz bir-biridan qiziqarli voqealarni aytib berardi. Kichik-kichik hikoyalardan namunalar o‘qirdik.

Onam repetitorga “qarshi” edi...

Men 10-11-sinfda o‘qib yurgan kezlarim sinfdoshlarim oliy o‘quv yurtiga kirish uchun repetitorga qatnar edi. Bu yaxshi albatta, bilimingiz mustahkamlanadi, o‘z ustingizda ko‘proq ishlaysiz. Ammo uning salbiyroq tomoni ham bor, ayrimlar uni biznesga aylantirib yuborishgan edi. Bu esa yaxshi emas. Axir, ilm, ziyo degan tushunchalar hech qanaqa biznes-u, savdo bilan o‘lchanmaydi-ku!

Oyim esa meni aynan mana shu maktabda dars beradigan ustozlarimizning kursiga borishimga ruxsat bermaganlar. “Oyi, nimaga axir? Butun sinf boryapti, hamma qatnayapti, nega aynan men bormasligim kerak?!” deb xunob bo‘lardim. Ular esa “Senga qo‘shimcha bilim olish kerak bo‘lsa, umuman boshqa maktabdan ustoz topamiz”, der edilar. Keyinchalik bilsam, onam meni yillar davomida bitta ustozning dars berish uslubi, texnologiyasi bilan qotib qolishimni istamagan ekanlar.

Ilk marta oromgohda

1997-yil. 8-sinfda o‘qirdim, ana shunda birinchi marta Oqtoshda Amerikaning Soros (ochiq jamiyat instituti) fondi va Toshkent ijtimoiy ma’rifat markazi tomonidan tashkil qilingan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro oromgohga borganman. U mening hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi. Birinchi marta o‘sha yerda huquq nima, “Konstitutsiya nima?”, degan savollarga javob topganman. Har bir insonning o‘z haq-huquqlari bilan birga o‘ziga yarasha majburiyatlari borligini bilgach, ularni chuqurroq o‘rganishga ki­rishganman. Bilasizmi, u yerda 700 ta so‘zdan iborat insho yozganmiz. Mavzu “Insonga nima uchun huquq kerak?” Ehtimol, hozir bu mavzuni berishsa 700 ta emas, 7 mingta, 10 mingta so‘z ishtirokida yozish mumkin, chunki internet bor, istalgan ma’lumotni qidirsangiz topa olasiz. U paytlari esa bu juda qiyin edi. Men birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida” kitobidagi shu mavzuga oid fikrlar, mulohazalar asosida insho yozganman. Lekin g‘oliblar ro‘yxati e’lon qilinganda, mening nomim birinchi turishini xayolimga ham keltirmaganman. Bu mening birinchi xalqaro yutug‘im edi. Tadbir yakunida o‘quvchilar uchun konsert dasturi uyushtirilgan va men ushbu bayram dasturida ilk marta 700 kishilik zalda boshlovchilik qilganman. 

“Gulxan” o‘quvchilariga 4 ta tavsiya

Birinchisi: Aslida, 5-11-sinflar oralig‘i bu eng zo‘r davr hisoblanadi. Ayniqsa, til o‘rganish uchun. Bo‘sh vaqtingiz bo‘ldimi, albatta til o‘rganishga kirishing. Bular – asosan uchta til, ingliz, xitoy, arab tillari. Ko‘pchilik mendan, nega aynan arab tilini ham tavsiya qilasiz, deb so‘raydi. “Agarda siz dunyoviy bilim bilan birgalikda diniy bilimni ham o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, unda albatta, arab tili shart va zarur”, deyman. Aslida ham shunday. Siz bu tilni yaxshi bilsangiz, o‘zingiz ongli ravishda shu tilda yozilgan kitoblar, asarlarni chuqur mushohada bilan o‘qiysiz, o‘rganasiz. 

Ikkinchisi: Kasb tanlashda adashmaslik. Agarda noto‘g‘ri kasb tanlab qo‘ysangiz qo‘rqmang. “Endi nima qilaman, kasbimni qanday o‘zgartiraman?” deb vahimaga tushmang. Biz ideal inson emasmiz. Xato qilishimiz tabiiy. Muhimi, o‘sha xatolarni o‘z vaqtida anglab yetish va to‘g‘rilay olish. Nemis faylasufi Gyote shunday degan: “Dunyodagi haqiqatning asosiy tamoyillaridan biri bu tajribadir”.

Uchinchisi: Albatta, volontyorlik qiling. Bu sizda 3 ta narsani shakllantiradi: 1) Jahondagi nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirishingizga yordam beradi. O‘zingiz bilasiz, ular doim “Siz volontyorlik qilganmisiz, qayerda, kim bo‘lib?” deb so‘rashadi. 2) Atrofdagilaringizga hamdard bo‘lish tuyg‘usi shakllanadi. Masalan, men xalqaro Qizil yarim oy, Qizil xoch jamiyatining yoshlar harakati bo‘yicha lideri bo‘lganman. Ko‘plab muruvvat, saxovat uylariga borganmiz. Ana shunda mehr, shukronalik, insonlarni qadrlash, hatto hayvonlarga ham mehr bilan qarash kabi sifatlarni o‘rganganman. 3) Dunyoqarashingiz kengayadi. Taniqli bokschi Muhammad Alining yaxshi bir gapi bor “Odamlarga yordam berish xuddi ijaraga olingan xonaga o‘xshaydi, uning haqini yerda, ya’ni shu dunyoda to‘laysiz...”

Va nihoyat to‘rtinchisi: Albatta kitob o‘qing. Ko‘p o‘qing. Nafaqat o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyotining eng sara asarlarini mutolaa qiling. Bu juda muhim. Amerikalik yozuvchi Rey Bredberining “Jinoyat bu kitoblarni yoqib yuborish emas, jinoyat bu kitoblarni o‘qimaslik...” degan so‘zlarini yodingizda tuting...

 

Islom ASILBEKOV

suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.