Isteʼdodni ilgʻamaganlar
O‘rtog‘im juda chiroyli rasmlar chizardi. Uning ijod namunalari maktabidagi ko‘rgazmalar zalidan tushmasdi. U o‘z suratlarida mavzu qahramonining fazilat va xususiyatlarini imkon qadar ochib berishga harakat qilardi. Nazarimda, u tug‘ma rassom edi. O‘ziga yoqqan manzarani ko‘rsa, tamom. Kerakli jihozlarini yig‘ib, sehrli mo‘yqalamini ishga solardi.
Ne baxtsizlik bo‘ldiki, haligi yosh rassom ijodni tark etdi. Rasm chizishga yuragi betlamay qoldi. Avvaliga hayron bo‘ldim. Ilhom kelganda o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladigan bola nima uchun bunday yo‘l tutdi?
Surishtirdim. U kutilmaganda ota-onasidan, kamiga o‘ziga yaqin do‘st bilgan sinfdoshlaridan yaxshigina dakki eshitibdi. Nima emish, ijodkorning kosasi oqarmasmish. Undan ko‘ra, daromad keltiruvchi sohalarga qiziqish kerak ekan.
Albatta, bu – san’atdan yiroq, ma’naviyat yashasa, millat yashashini bilmagan kimsalarning fikri. Aqlimni shoshirgan bu holat meni o‘yga toldirdi. Chindan ham, bugun odamlar moddiyatga berilib, hayot uyg‘unligini unutishgan. San’at va madaniyatning inson hayotidagi o‘rniga keraklicha e’tibor berishmayapti. Holbuki, rivojlangan davlatlarda ilm-fan va madaniyat sohasiga katta e’tibor qaratiladi. Erishilayotgan yutuqlar ham shunga monand.
Yurtimizda ham iqtidorli, tasviriy san’atga ishtiyoqmand yoshlar talaygina. Lekin ularning yo‘liga g‘ov bo‘luvchi, tog‘ri yo‘ldan ozdiruvchi kimsalar ham ming afsuski, topiladi. Ilmdan bexabarlar tasavvurida yosh ijodkorlar jamiyatda o‘z o‘rnini topolmaydigandek tuyuladi. Adashishadi. Jamiyat doimo ziyolilar tomonidan boshqarib kelingan. San’atni san’atsevar insonlarsiz tasavvur etish qiyin. Haligi o‘rtog‘imga achindim. Aytilgan gap – otilgan o‘q, deyishgani rost ekan. Atrofidagilar aytgan gap va so‘zlari unga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Ijodni butkul yig‘ishtirishga majbur bo‘ldi. Hafsalasi pir bo‘lib, ijodxonasidagi bor asbob-anjomlarini suvga uloqtirdi. Oqibatda jamiyat bitta iste’doddan judo bo‘ldi.
Eshitishimcha, hozirgi kunda o‘zi qiziqmagan yo‘nalishdan repetitorlik ta’limini olmoqda. Albatta, bu tushunmovchiliklar tufayli sodir bo‘lgan. Nazarimda, har bir inson o‘z xohish va istaklari yo‘lida harakat qilishi kerak. Estetik fanlar ko‘plar uchun qiziqmasdir. Lekin, jamiyat taraqqiyoti uchun o‘ta zarur.
Savol tug‘iladi: bor iste’dodni yo‘qqa chiqarish kimga foyda keltirdi ekan?
Ulug‘bek Sharobiddinov,
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani 67-maktab 10-sinf
Tahririyatdan: hurmatli jurnalxon sizdan bu haqdagi fikrlaringizni kutamiz.