Orzulari osmon qiz
Ingliz tiliga qiziquvchi jurnalxon tengdoshlarimiz o‘zlari yozgan esse, insho hamda fikrlarini “English time” sahifasiga yuborishni yaxshi ko‘radilar. Amerikadagi 8 ta, O‘zbekistondagi 2 ta universitet tomonidan 672.000 dollarlik grand bilan o‘qishga qabul qilingan zukko qiz Gulbahor Jumayevaning esselari ham ushbu sahifamizda bir necha bor e’lon qilingan.
Gulbahor Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq til o‘rganishga bel bog‘ladi va IELTS imtihonidan 6.5 ballni qo‘lga kiritdi. Ammo, u ayrim tengdoshlarimizga o‘xshab, ingliz tilini o‘qisam bo‘ldi, deb boshqa fanlarni tashlab qo‘ygani yo‘q. Maktabni oltin medal bilan tamomladi. Bu esa unga xalqaro universitetlarga topshirayotganda qo‘l keldi. Sakkiz universitet ichidan Gulbahor 75.000 dollar grand ajratgan Georg Meyson universitetini tanladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari talabalarga kamdan kam hollarda 100% grand ajratadi. Ya’ni, kontraktning qolgan qismi, turar-joy, yashash xarajatlarini talaba o‘z hisobidan to‘lashga majbur bo‘ladi. O‘zbekistonda yashaydigan oila uchun bu narxlarni to‘lash oson emas. Biroq Gulbahor, “Ee, biz baribir qolgan pulni to‘lay olmaymiz”, deya taslim bo‘lmadi. “El-yurt umidi” jamg‘armasining 366 o‘ringa mo‘ljallangan stipendiya tanloviga hujjat topshirdi va stipendiantga aylandi. Bu gaplar sizga “Ular murod-maqsadlariga yetib baxtli hayot kechirishibdi”ga o‘xshash ertakdek eshitilishi mumkin. Chindan ham xayolidagi ertakni haqiqatga aylantirish Gulbahorga oson bo‘lgani yo‘q. Yaxshisi, bu haqida uning o‘zidan eshita qolamiz.
– Universitetga hujjat topshirish pullikmi? Har bir universitetga hujjat topshirish jarayonlari haqida batafsil aytib bersangiz.
Dunyoning aksariyat top universitetlari AQSHda joylashgan. O‘z bilimiga ishongan har kim u yerda o‘qishga harakat qiladi. Buning afzallik tomonlaridan biri, siz O‘zbekistonda faqat cheklangan universitetlarga hujjat topshira olasiz. Amerikada esa bilimingizga ishonsangiz, istalgancha universitetga hujjat topshirish mumkin. Shuning uchun men ham hujjat topshirishda bitta universitet bilan cheklanib qolmadim. Ishni, avvalo, o‘z soham – kimyo va muhandislik texnologiyalari bo‘yicha eng yaxshi universitetlarni izlashdan boshladim. Universitet saytlarida abituriyentlar uchun qo‘llanmalar bor. Shularni o‘qib chiqdim. O‘zim o‘qiydigam maktabda grand yutganlar bilan suhbatlashib, maslahatlashdim. Xalqaro universitetga hujjat topshirish yaxshigina vaqt talab qiladi. Masalan, siz universitetga hujjat yuborganingizdan so‘ng ularda kamchilik bo‘lsa, universitet bu haqida sizga aytadi. Siz xatolarni to‘g‘irlab qayta yuborasiz. Bu jarayon oyma-oy ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun men javoblarni ancha vaqt kutganman. Lekin hujjat topshirish jarayoni menga juda qulay bo‘ldi. Chunki hozirda har bir davlatda universitetlarga topshirish bo‘yicha maxsus platformalar mavjud. Men Amerikaga topshirganim uchun Common App dasturidan foydalanganman. Hujjat topshirganda hamma universitetga diplom baholaringiz, yutuqlaringiz, sertifikatlaringiz, umuman grand berishga arziydigan nomzod ekaningizni tasdiqlaydigan har qanday yutuqlaringizni joylashingiz lozim. Common App dasturining afzalligi – siz so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirasiz. O‘zingiz kirmoqchi bo‘lgan universitetlarni tanlaysiz. Va dastur o‘zi o‘sha universitetlarga hujjatlaringizni yuboradi. Ya’ni har bir universitetga alohida yubormaysiz. Keyinroq o‘sha universitetlar elektron pochta orqali siz bilan bog‘lanadi. Yana qandaydir hujjatlar kerak bo‘lsa so‘raydilar. Amerikaga hujjat topshirganda ko‘p universitetlar application fee, ya’ni sizning hujjatlaringizni ko‘rib chiqishlari uchun badal to‘lash lozim. Common App bilan hujjat topshirish esa bepul. Universitetlar tanlovi juda ham katta. Top universitetlarni tanlab, bemalol hujjat topshirish mumkin..
– Siz universitetga ma’lum bir foizdagi grandni qo‘lga kiritdingiz. “El-yurt umidi” jamg‘armasiga hujjat topshirish jarayonlari qanday bo‘ldi? Jamg‘arma qanday xarajatlar uchun mablag‘ ajratdi?
– “El-yurt umidi” jamg‘armasi grandiga hujjat topshirgan paytda siz universitetga qabul qilingan bo‘lishingiz va qo‘lingizda shu haqida xat bo‘lishi kerak. Ammo istalgan universitetga kirib, grandni qo‘lga kirita olmaysiz. Siz qabul qilingan universitet xalqaro reytingda top 300 talikka kirgan bo‘lishi kerak. Jamg‘arma o‘zi bu reytingni saytga joylashtirib qo‘ygan. Bemalol ko‘rib tekshirib olish mumkin. Tanlovning birinchi bosqichida insho yoziladi. Unda siz o‘zingiz, kelajakdagi maqsadlaringiz va bunda “El-yurt umidi” jamg‘armasining roli, o‘sha universitetga kirishingizdan maqsad, nega aynan shu yo‘nalishni tanlaganingiz, qiziqishlaringiz, O‘zbekistonga qaytgach olgan bilimlaringizni qaysi yo‘nalishni rivojlantirish uchun ishlatmoqchi ekaningiz haqida insho yozishingiz kerak. Keyin suhbat bo‘ladi. Unda ham inshoda berilgan savollarga o‘xshash savollar beriladi.
– Hozir Amerikada o‘qiyapsiz. U yerdagi ta’lim tizimi qanday? Yashash bir o‘zingizga qiyin bo‘lmayaptimi? Yotoqxonada turasizmi? Darslar, ustozlar, muhit haqida aytsangiz.
Men avval oilamdan uzoqda bo‘lmaganman. Shuning uchun boshida Amerikaga moslashishga qiynaldim. Lekin atrofimda menga o‘xshagan, dunyoning turli burchaklaridan kelgan xalqaro talabalar ko‘pligi, bir-biriga mehribonligi, yordamga shayligi tezroq moslashib olishimga yordam berdi. Bundan tashqari, professor ustozlar juda ham mehribon, darslar qiziqarli. Har bir dars onlayn va oflayn formatda bo‘ladi. Talabalar o‘zlariga qulay formatni tanlashlari mumkin. Menga eng yoqqani talaba o‘zi xohlagan fanlarni tanlab, o‘zi xohlagan vaqtda tahsil olish imkoniga ega. Hozirda universitet yotoqxonasida yashayman. Sharoitlari juda ham yaxshi, o‘qish joyimga yaqin.
– Hozir xorijga o‘qishga topshirmoqchi bo‘lganlar turli firma xizmatlaridan foydalanadi. Siz ham foydalandingizmi yoki kimdir maslahat berdimi? Universitetni tanlash jarayonlari qanday kechdi. Sizdan IELTS, TOEFL, GRE, GMAT, SAT kabi imtihonlar talab etildimi?
Konsulting firmalar – qulay imkoniyat. Chunki har qanday o‘quvchida hujjat topshirish bo‘yicha tushunmagan joylari, savollar paydo bo‘lishi mumkin. Konsulting firmalar sizga bu vaqtda hujjatlar bilan ishlashda, sizning darajangizga qarab universitet tanlashga, viza olish jarayonlarida yordam beradilar. Universitet uchun IELTS, TOEFL, Duolingo, GMAT kabi xalqaro imtixon baholari talab etiladi. Chunki universitetda o‘qiy olishingiz uchun albatta til bilishingiz lozim. Til bilish darajangizni esa imtihon ballari ko‘rsatib turadi. Har bir universitet talablari har xil. Eng kamida 5.5 ball talab qilinadi. Ballar qancha yuqori bo‘lsa, talabaga ko‘proq grand ajratiladi. Top 100 universitetlarda SAT talab qilinadi.
– Motivatsion xat va CV ma’lumotnoma bo‘yicha tavsiyalaringiz?
Chet el universitetlariga topshiriladigan hujjatlardan biri bu CV, motivatsion xat va tavsiyanoma (recommendation letter). Motivatsion xatda nima uchun shu universitet va yo‘nalishni tanlaganingiz, bu universitet sizga nima berishi, siz tanlagan yo‘nalish bo‘yicha hozirgacha qanday yutuqlarga erishganingiz, tajribangiz, kurslarda, tanlovlarda qatnashgan bo‘lsangiz ular haqida ma’lumot berishingiz lozim. Xat so‘ngida talaba kelajakda shu universitetga qabul qilingach qanday ishlar qilmoqchiligi haqida yozadi. CV o‘zimizdagi ma’lumotnomaga o‘xshaydi. Unda talaba haqidagi shaxsiy ma’lumotlar, yutuqlari jadvalga solib qisqacha qilib yozilgan bo‘ladi. Tavsiyanomada ustoz talaba haqida, uning qiziqishlari, talabani qancha vaqtdan beri tanishi, fe’l-atvori, faolligi, fikrlashi, dunyoqarashi, yutuqlari haqida yozib, shu grandga tavsiya qiladi.
– Hozir maktabda o‘qiyotgan uka-singillaringizga tavsiyalaringiz?
O‘z kuchingizga, qobiliyatingizga ishoning. Shu ishonch orzularni maqsadga, maqsadni haqiqatga aylantira oladi. Inson o‘ziga ishonsa, maqsadidan qaytmaydi, muvaffaqiyatsizliklar, to‘siqlar uni zaiflashtirishga emas, yana-da kuchli bo‘lishga xizmat qiladi. Maqsadni katta qo‘yish kerak. Maqsadi katta odamlarning harakati ham katta bo‘ladi.
– Muvaffaqiyatli odam – deganda qanday odam xayolingizga keladi?
Muvaffaqiyatli odam maqsadi yo‘lidagi mashaqqatlarga taslim bo‘lmay orzusiga erishgan inson. Ko‘pchilik birinchi urinishdayoq ozgina omadsizlik bo‘lsa taslim bo‘lib qo‘ya qoladi.
– Liderlikka intilasizmi? Sizningcha lider kim?
Faqat o‘zinimas, balki atrofidagi odamlar uchun ham yaxshilikni xohlaydigan, ularni katta maqsadlar qo‘yishga ilhomlantira oladigan, o‘rnak bo‘la oladigan va boshlagan ishini oxirigacha yetkazadigan, o‘zi va o‘zgalarni hurmat qiladigan inson – lider inson deb o‘ylayman. Menimcha, har kim liderlikka intiladi. Shu jumaladan men ham.
– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
Eng katta maqsadlarimdan biri – bu yerda – Amerikada olayotgan bilimlarim bilan Vatanimiz rivojiga hissa qo‘shish. Kimyo yo‘nalishi O‘zbekistonda juda yosh yo‘nalish. Shu soha istiqboliga hissa qo‘sha oladigan darajada ilmli bo‘lish.
Maqsadlari uchun ilmni poydevor qilgan Gulbahorga omadlar tilab xayrlashdik. Hozirda ilm olish mashaqqatlaridan cho‘chimay bilim olayotgan, til o‘rganayotgan tengdoshlarimizga ham kuch-g‘ayrat tilaymiz. Ehtimol, keyingi sahifamiz qahramoni aynan siz bo‘larsiz.
Suhbatdosh: Dilnavoz Najimova