Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Haqiqatga aylangan ertak

Ijod! U shunday ilohiy qudratki, og‘ushiga olgani sari, ajib hislarni tuya boshlaysiz: gohida masrur, gohida esa mahzun tuyg‘ular qurshovida qolasiz. Bugun yana o‘sha qadrdonim – qalamimni oppoq qog‘oz uzra chorladim. Chorladim-u, ming bir istihola kishanlarining iskanjasida qoldim. Kechmishimizning shunday shaxsiyatlari borki, ular haqida qo‘lga qalam olib, shunchaki yozib ketolmaysan. Zero, shoir Abdulla Oripov aytganidek, “Bunday buyuklarning kahkashoni”, bosib o‘tgan yo‘li haqida aytgan so‘zlaring ularning salobati oldida nursizlanib, ojizlanib qoladigandek go‘yo.

Harf tanib, kitobga mehr qo‘ygan onimdan boshlab, Hamid Olimjon va Zulfiya nomlari tasavvurimda Tohir va Zuhra, Layli va Maj­nun, Oygul va Baxtiyor kabi afsonaviy qahra­monlar tarzida jonlanardi. Bu afsona, bu dos­ton biz ko‘rib, his etib turgan, haqiqatga aylangan ertak edi.

Zulfiyaxonimning qaysi bir she’rini o‘qimaylik, misralar qatidan mo‘ralab turgan tog‘dek bardosh, asrlarga sirdosh bo‘lgan metin matonat, hayotga va yashashga bo‘lgan ishtiyoq beixtiyor kitobxonning ham yurak torlarini chertib o‘tadi:

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,

Hayotni kuylayman chekinar alam.

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.

– Chindan, so‘z san’atkorining jasorati uning to‘rt misrasida aks etadi. Ko‘ngildagini ochiq-oydin aytishga hayiqmaslik, dil daf­tarini o‘quvchisi oldida keng ochib qo‘yish asl ijodkorning buyuk jasoratidir, menimcha. Ana shunday jasoratga yelkadosh bo‘lgan Zulfiyaxonim hayotning har qanday jilosidan harorat topa olgan, shu haroratga qalbidagi otashin taftni qo‘shib ko‘ngil sirdoshlariga, she’riyat ixlosmandlariga yetkaza oldi.

Bu nazm bog‘iga kirolmas xazon,

Bizni mahv etolmas zavol lashkari,

Men ketsam mung‘aymas umrim hech qachon,

Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali...

– deya she’riyat bog‘ining kelajagini o‘z izdoshlariga ishonib topshirayotgan shoiraning dilidagi ishonch va orzu biz – keyingi avlod vakillarining zimmasiga yuksak va mashaqqatli mas’uliyatni yuklaydi. She’rlari qo‘shiq bo‘lib vujudlarni titratadi, har bir o‘quvchisini hayotdan zavq olib yashashga chorlayveradi.

 

Dilnoza Fayziyeva,

Buxoro viloyati Kogon tumani

3-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.