Yerni siz qutqarasiz
Ha, bolalar, bizni ko‘tarib turgan, boqayotgan saxovatli sayyoraning ahvoli juda ham og‘ir. Uni qutqarib qolish sizning qo‘lingizda.
Hayotimiz uchun eng muhim bo‘lgan yer va suv bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. Sayyoramiz borgan sari ifloslanmoqda. Bilasizmi, har kuni Yer yuziga 5 milliard 754 million kilogramm chiqindi chiqarilarkan. Shuncha chiqindining arzimagan 30%i qayta ishlanadi, xolos. Qolgani qayerlardadir uyilib yotaveradi, ko‘cha-ko‘y, atrof-muhit, tabiat undan aziyat chekadi. Har kuni shunchadan to‘planib borsa, bir necha yilda Yerimiz ulkan axlatxonaga aylanib qolmaydimi?
Albatta, buni tasavvur qilishning o‘ziyoq dahshatli. Bunday bo‘lishini hech kim istamaydi. Ammo, ming afsuski, shu chiqindilar ko‘payishiga siz-u biz – odamlar aybdor.
Shu sabab, barchamiz bu aybimizni yuvish, ona sayyoramizni o‘z holicha saqlab qolishga jiddiy yondashishimiz kerak. Bu mas’uliyatli vazifani uddalash arzimagandek tuyulgan ishlarni bajarishdan boshlanadi.
Siz har kuni maktabga borasiz. Chanqasangiz, qorningiz ochsa, bufetdan qadoqlangan suv, yeguliklar olasiz. Lekin ularning chiqindisini qayerga tashlaysiz? Plastik idishlar, polietilen paketlarni hech qachon ko‘cha chekkasiga, oqar suvga tashlamang. Atrofga yaxshilab qarasangiz, chiqindi tashlaydigan maxsus joylar bor. Chiqindini shu yerga tashlang, yoki uyingizgacha erinmay ko‘tarib keling-da, chiqindi to‘planadigan joyga tashlang. Maxsus xodimlar ularni olib ketishadi.
Bahor keldi. Oilangiz, yaqinlaringiz bilan toqqa, dam olgani tabiat qo‘yniga chiqasiz, to‘g‘rimi? Hammasi ajoyib, faqat oxirida oziq-ovqatdan qoladigan har qanday chiqindini yig‘ib, o‘zingiz bilan olib keling. Ona tabiatga ziyon yetkazmang. Axir, sizdan keyingilar ham undan bahramand bo‘lishlari, toza havodan nafas olishlari, toza yerda o‘tirib, hordiq chiqarishlari kerak-ku! Bu yaxshi ishni odatga aylantiring, do‘stlaringiz, aka-ukangizni ham ogohlantirib qo‘ying. Unutmang, sizga Alloh in’om etgan, ota-bobolardan meros bo‘lib kelayotgan yer va suvni kelajak avlodga ham yetkazishingiz kerak.
Darvoqe, bugun suvni ham asrab-avaylash, undan tejamkorlik bilan foydalanish talab qilinadi. Sababi, Yer yuzida mavjud hamma suvning atigi 2-3-foizi toza ichimlik suvi, qolgani iste’molga yaramaydi. Tasavvur qiling, dunyoda 2 milliarddan ko‘proq odam toza suv iste’mol qilmaydi. Bunday muammo bizda ham bor. O‘zbekistonning ba’zi joylarida toza suv juda tanqis, shunday ekan, suvni tejashimiz, ortiqcha isrof qilmasligimiz kerak. Suvni qanday tejash haqida men sizga zo‘r usullarni o‘rgataman:
– Vodoprovod jo‘mraklarga e’tiborli bo‘ling, ochiq qolmasin. Maktabda, uyda, ko‘chada behudaga oqib yotgan suv jo‘mragini erinmasdan darrov yopib qo‘ying.
– Uyingizdagi jo‘mraklar yaxshi ishlashiga e’tiborli bo‘ling. Ular buzilib, doimiy suv oqib turmasin. O‘zingiz yoki kattalardan biri zudlik bilan tuzatsin. Bu ham suvni, ham ota-onangiz suv uchun to‘laydigan pulni tejaydi.
– Tishlaringiz, yuz-qo‘lingizni yuvayotganda suvni oqizib qo‘ymang. Chovgumga suv olib yuving. Statistikaga ko‘ra, buning natijasida bir oyda 700 litrdan ortiq suv tejash mumkin.
– Ichimlik suvini ko‘chaga sepmang.
– Idishlarni yuvsangiz, tog‘orachaga suv to‘ldirib yuving. Chunki, idish yuvilguncha ochiq jo‘mrakdan juda ko‘p suv oqib, uvol bo‘ladi.
– O‘rgangan va o‘zingiz amal qilayotgan odatlarni boshqalarga ham o‘rgating. Do‘stlaringiz va oila a’zolaringizni suvni isrof qilmaslikka chaqiring. Sababi, isrof qilish – katta gunoh, tejamkorlik esa yaxshi amal.
Muhammadali PO‘LATOV