Dostonlardan kuch olgan yoshlik
O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon elimizning chinakam ijodkori, milliy adabiyotimizning zabardast vakili. Bugun o‘zining 75 yoshini nishonlayotgan ustoz mudom ijod quchog‘ida. Odamlarga, dunyoga aytar so‘zi, niyati ko‘p.
O‘ylaymizki, ijodkorning ushbu sahifamizdan joy olgan bolalik xotiralari biz uchun qiziqarli, ham ibratli.
“Gazetxo‘r” buzog‘im
Men 1943-yilning 14-fevralida Xorazm viloyati Yangibozor tumani Bog‘olon qishlog‘ida tug‘ilganman. Otam Matjon Jumaniyozov tuman pochta bo‘limining boshlig‘i lavozimida ishlar edi. Mutolaa qilish otamning jon-u dili edi va bu mehrni bizga ham singdirgandi. Shuning uchun ham biz juda ko‘plab gazeta-jurnallarga obuna bo‘lgandik...
Bir kuni otam ishdan kelsa, hovli jim-jit emish. Hayron bo‘lgancha to‘g‘ri molxona tomonga o‘tibdi. Qarasa, jonivorlar och-nahor, bir ahvol bo‘lib yotgan emish... Ichkari uyning eshigi ochilib tomoq qirib qo‘yilgan ovozdan otamning kelganini bilganmiz. Otam tabiatan og‘ir, bosiq bo‘lgani uchun bizga bir muddat tikilib turdi-da, “Mollarga ham gazeta olib borib beringlar. Zora o‘qib qorni to‘ysa”, dedi. Buni qarangki, yangi gazetalarni o‘qishga shunchalik berilib ketganimizdan mollarga suv va yem berish butunlay yodimizdan ko‘tarilibdi...
Ko‘pincha uy yumushlarini bajarayotgan paytimda qo‘limda gazeta bo‘lardi. Ayniqsa, qiziqarli hikoya o‘qiyotgan bo‘lsam, davomi nima bo‘larkin, deya sabrim yetmas, ishlarni bajarguncha yo‘l-yo‘lakay o‘qib yurardim. Bu ishim uchun dadamdan ko‘p tanbeh eshitar edim. Shunday kunlarning birida mollarga yemish berish maqsadida qo‘limda gazeta bilan molxonaga bordim. Buzog‘imning oldiga suv qo‘ydim. Gazeta o‘qib serrayib tursam, buzoq qo‘limdagi gazetani tumshug‘i bilan shartta tortib oldi-da, chaynab tashladi. “Voy-voy”lagancha jahl bilan qarasam, u ham menga ko‘zini lo‘q qilib “Avval yemishimni bermaysanmi”, degandek kavsh qaytaryapti. Shu-shu buzog‘imning yoniga gazeta bilan bormaydigan bo‘ldim...
Ko‘pincha otam uyga bozorliq qilishni menga ishonib topshirardi. Qo‘limga ro‘yxat berib bozorga jo‘natardi. Men obdan savdolashib, aytilgan yeguliklarni arzonroq olishga harakat qilardim va buning uddasidan chiqardim. Qaytishda orttirgan pullarga do‘kondan kitob xarid qilardim. Bu men uchun shunchalik zavqli, sevinchli onlar bo‘lar ediki, uyga yetguncha sabrim chidamay, kitobni bir-bir varaqlab qo‘yardim...
“Pat-pat”
Yoshlik – sho‘xlik deganlaridek juda o‘yinqaroq bola bo‘lganman. Bir kuni ko‘chaga chiqsam, mahallamizning mashhur “Pat-pat” traktori turibdi. Biz bolalar uni shunday nomlagandik. Yoniga borib ko‘rsam, haydovchi amaki traktorni tashlab qayergadir ketibdi. Suyunib ketdim. Sakrab traktorga chiqib oldim. Shoshilgancha o‘zimcha nimani bosib, buradim, bilmayman, traktor tarillab yurib ketsa deng. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardim... Keyin qo‘shnilarimizdan biri yugurib kelib traktorga chiqdi-da, uni to‘xtatdi. “Pat-pat” to‘xtaguncha yo‘lda bolalar unutib qoldirgan koptogi-yu, o‘yinchoqlarini majaqlab ketibdi. Rangimning dokadek oqarganini ko‘rgan qo‘shnim uyiga olib kirib suv ichirgan. Shundan keyin “Pat-pat”ga yaqin yo‘lamaydigan bo‘ldim.
Eng sevimli o‘yinlarimdan biri – bekinmachoq edi. Ayniqsa, bu o‘yin bizning ko‘chada juda qizg‘in o‘tardi. Kimdir qamishzor orasida, kimdir daraxt tepasiga chiqar, yana kimdir gujum daraxtining orasiga berkinib olardi. Shuning uchun ham berkingan odamni topish uchun ancha ovora bo‘lardik. Uyga qaytgunimizcha sillamiz qurigan, charchab, horigan, hattoki ovqat yeyishgayam holim kelmay, yostiqni quchoqlagancha uxlab qolardim. Men hozir o‘sha damlarni o‘zgacha entikish va sog‘inch bilan eslayman.
Ilk she’r zavqi
Yoz kunlari do‘stlarim bilan Amudaryodan oqib keladigan yopdan (kanaldan kichik suv yo‘li Xorazmda yop deyiladi) baliq tutardik. Bir kuni negadir to‘rimga faqat o‘lik baliqlar ilinibdi. Ularning ahvoliga qarab juda xafa bo‘lganman. Ta’sirlanganimdan “Baliq va chirigan to‘r” deb she’r yozdim. Bu she’rim ilk bora tuman gazetasida chop etildi. Keyinchalik xorazmlik shoir Do‘stjon Matjon bu she’rga falsafiy ta’rif berib, chirigan to‘r va o‘lgan baliqlarni eski tuzumga qiyoslab, ajoyib fikrlar bildirdi. Shunday qilib she’riyat olamiga mehrim oshib, ijod qilaverdim. Hozir yozganlarimni kuzatsam, ijodimning asosini bolalik paytlarimdagi xotiralarim, o‘ylarim tashkil etar ekan.
Qishlog‘imizda deyarli chiroq bo‘lmasdi. Qarindosh ayollar, qo‘ni-qo‘shni kampirlar moychiroq yorug‘ida o‘tirib, ko‘rak chuvishardi. Biz yoshlar ularga ko‘maklashar edik. Biror-bir oliy o‘quv yurtida o‘qimagan qishloq ayollari mumtoz adabiyotimiz vakillari Navoiy, Ogahiy, Fuzuliy, Mashrab, Mulla Nafas, Maxtumquli g‘azallarini shu darajada ifodali aytishardiki, biz bolalar qilt etmay tinglardik. Xalq ertaklari, dostonlar, afsona va matallarni qiziqarli qilib so‘zlashar, xalqona qo‘shiqlar kuylashardi. Men bu sehrli kuy, qo‘shiq, ertaklarni uxlamasdan, hayrat bilan tinglardim. Balki bolalikdagi mana shu qiziqish va hayrat mening qalbimda she’riyatga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatni uyg‘otgandir. Yillar o‘tib eshitganlarim ta’sirida 40 afsonadan iborat “Haqqush qichqirig‘i” nomli doston yozganman.
O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarimizda, tarix o‘qituvchimiz Do‘simmat aka bizni tez-tez tarixiy joylarga ekskursiyaga olib chiqar, Najmiddin Kubro bilan To‘rabekaxonim haqidagi hikoyalarni, ajdodlarimiz to‘g‘risidagi ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni aytib berardilar. Shu ustozim so‘zlab bergan hikoyalar asosida tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan dramatik doston dunyoga keldi.
Onam
Vaqt, yillar o‘tib, aqlimni anglay boshlaganimda, onam men bir yarim yoshligimda egiz ukalarimni dunyoga keltirayotgan payt o‘ttiz yoshida vafot etganini, ming afsuski, ikki ukam ham omon qolmaganini bilib qoldim. Keyingi onamning aytishlaricha, haqiqiy onamning ismlari Xotiraoyim bo‘lib, u kishining chiroyiga butun mahalla lol qolgan ekan. Onam qo‘li gul chevar bo‘lgan ekan. U o‘ziga xos, hech kimnikiga o‘xshamagan bichimda ko‘ylak tikib kiyar, mahallaning bo‘lajak kelinlari havas qilib ko‘ylaklarini xuddi shunday bichimda tiktirishar ekan. Onam tozakor, o‘ta farosatli, chehrasidan nur yog‘ilgan ayol bo‘lganliklarini O‘rozbeka onam ko‘p marta gapirib bergandilar...
Meni voyaga yetishimda opalarim – Gulsara va Oyimjonlarning xizmatlari katta bo‘lgan. Gulsara opam juda xushro‘y, kelishgan qiz bo‘lib, g‘oyat bilimdon va odobli edi. Opam maktab topshiriqlarini, ona tili va adabiyotdan berilgan insho va mashqlarni zo‘r ishtiyoq bilan bajarardi. Ayniqsa, husnixatining go‘zalligi, savodli va toza yozuvi hali-hali ko‘z oldimda turibdi. O‘rta maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetiga imtihon topshirib o‘qishga kirdim. Bir yildan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildim. Uch yil Germaniyaning Drezden shahrida xizmat qildim. Harbiy xizmatdan qaytganimdan keyin o‘zimni ancha ulg‘aygan, hayotga mustaqil qadam tashlay oladigan insondek his eta boshladim...
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA