Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dostonlardan tugʻilgan mehr

Navbahor sururiga yo‘g‘rilgan tadbirlarni, she’riyat kechalarini  mo‘tabar   o‘zbek  ayoli timsoli bo‘lgan hassos shoira Zulfiyaxonim izdoshlarisiz, ayniqsa,  Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari bo‘lmish ijodkor qizlarimiz ishtirokisiz tasavvur eta olmaymiz.

Ijod olamiga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan Rohilabonu  G‘o‘chchiyeva ham ana shunday umidli qalam sohibasi. Bayram arafasida  Rohilaxon bilan qilgan suhbatimiz bo‘lajak  zulfiyachilarga  o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘ladi, deb umid qilamiz.

–    Rohilaxon, ayting-chi ijod qilishga sizni ko‘proq nima undagan. O‘zingiz  tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo vohasining betakror go‘zalliklarimi yoki  o‘qigan badiiy asarlaringizmi?

– Unisi ham, bunisi ham.   Bolaligim  Dehqonobod tumanining betakror, bepoyon adir va yaylovlarida o‘tgan.  Navro‘z kunlari   qishlog‘imiz adirlarida  xalq sayillari bo‘ladi. Bu sayillarning o‘zgacha gashti bor edi. Unda  hamma o‘zi bilgan, yoqtirgan laparlarni, ashulalarni  aytib berardi. Bu  tan­tanalarda qishlog‘imizdagi erkag-u  ayol, yosh-u qari  birday ishtirok etardi. Sayilda qatnashish  men uchun  juda hayajonli kechardi. Chunki momomdan, otamdan xalq qo‘shiqlarini  o‘rganib yodlardim. Otam dostonlarni shun­day  chiroyli  aytardiki, o‘sha ohang, o‘sha faxr tufayli bo‘lsa kerak, xalq og‘zaki ijodini  sevib qolganman. Sayillarda qozon-qozon milliy  taom­lar pishirilardi.  Biz bolalar  yugurib-yugurib o‘choqlarga  o‘tin tashiganmiz. Men tu­mandagi 71-maktabda o‘qiganman. Maktabimiz binosi eski edi, biroq uni juda yaxshi ko‘rardim. Qishning sovuq kunlarida tomidan chakka o‘tadigan, ammo men uchun bir sirli makon bo‘lgan maktabimni doimo sog‘inib borar edim. Tanaffuslar ham katta imkoniyat edi, chunki joyimdan qimirlamay badiiy kitob o‘qirdim. Nega desangiz, ko‘pincha qish kunlari uyda  chiroq bo‘lmasdi. Odamlar kitob o‘qishnimas, mol-holini sovuqdan eson-omon  olib chiqishni o‘ylardi. Shunday bo‘lsa-da kitobga bo‘lgan muhabbat meni tark etmadi. Orzu-istaklarimni ko‘zlarimdan anglaydigan ziyrak va mehribon dadajonim menga har hafta yangi kitob sovg‘a qila boshladilar. Bugungi kunga kelib, mo‘jazgina bo‘lsa-da, har birining o‘z tarixi va shirin xotiralari bo‘lgan badiiy adabiyotlar, nafaqat o‘zbek adiblari, balki jahon adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub rang-barang kitoblardan iborat shaxsiy kutubxonam ham bor. Ayni damda, kutubxonamni o‘zim sevgan adiblarim kitoblari bilan boyitib bormoqdaman.

– Yanglishmasam, dastlab she’rlar yozgansiz. Ularni kimga ko‘rsatardingiz?

– Avvaliga havaskor ijodkor sifatida o‘zimcha qog‘oz qoralab yurdim. Mashq­larimni avvalo, dadamga va she’riyatni  yaxshigina tushunadigan opamga (endilikda   taniqli shoira  Dilafro‘z Choriyeva) o‘qib berardim. Ular bergan  yo‘l-yo‘riqlar bilan qayta ishlaganimdan keyin  maktabda, qishloqda o‘tadigan tadbirlarda o‘qirdim. She’rlarim ustozlarimga ma’qul bo‘lsa, o‘zimga ishonchim ortardi.

2018-yili Zomin yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etgach,  yutuq va kamchiliklarimni bilib oldim. Bu  ijodimda  tub burilish yasadi. “Birinchi kitobim” loyihasida “Olasoyning olmasi” nomli hikoyalar to‘plamim nashr etildi. Shundan so‘ng adabiyot men uchun o‘z sirlarini ocha boshladi. Endi ko‘zimga  hadsiz-hududsiz ko‘ringan voha kengliklari, qishlog‘im dalalari men uchun torlik qildi. Dadamning roziligi bilan Toshkentga keldim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Onajonim she’riyat” hamda nasr to‘garagiga  qatnadim. Bu mashg‘ulotlar  menga  ijod sirlaridan saboq berdi. O‘rganganlarimga amal qilishga intildim. Betinim izlanishlarim samarasini berdi. 2022-yili Turkiyada “Bitmemis hikaye” nomli hikoyalar to‘plamim chop etilib, turk, ozarbayjon va o‘zbek yosh ijodkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldim. Amerikaning “Amazon” nashriyotida  “Ona bo‘ri” nomli hikoyalar to‘plamim ingliz tilida chop etildi. Shu yili  menga omad kulib boqdi – dilim tubidagi orzumga erishdim. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Oddiy bir qishloq qizi sifatida men uchun bu e’tirof katta ishonchdir.

– Bu yuksak mukofot sizga nima berdi?

– Avvalo, ota-onam va ustozlarim uchun yuksak ishonch, men uchun katta mas’uliyat. Shuning bilan birga imkoniyatlar eshigi bo‘ldi, deya olaman. Bu albatta, ona Vatanimizning bizga bergan umid va ishonchi. Sharafli yo‘lda izlanish va intilishlar bilan oshno bo‘lish.

– Rohilaxon, yutuqlaringiz bar­davom bo‘lsin. Sizga yuksak ijodiy parvozlar tilaymiz!

Muxlisa ALISHER

qizi suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.