Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitoblar bergan boylik

Millionlab yoshlarni mutolaaga chorlagan respublika “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovining VI mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu mavsumning respublika bosqichiga qadar mamlakatimiz bo‘ylab jami 640 mingga yaqin 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar badiiy kitoblardan olgan bilimini sinovdan o‘tkazdi. 3  yosh toifasida o‘zaro bellashishgan kitobxon yoshlardan 42 nafari poytaxtimizning muhtasham Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yetib keldi.

Ishtirokchilar 10-14, 15-19, 20-30 yosh toifasida 5 ta — “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “She’riyat”, “Insho yozish” shartlari asosida bellashishdi.

10-14 yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblik navoiylik o‘quvchi Azizaxon Ibrohimovaga nasib etdi va Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobili sohibasiga aylandi. Buxoro sharafini himoya qilgan Malika Tohirova 2-o‘rinni egallab, 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. 3-o‘rin sohibi jizzaxlik Jasurbek Abdug‘afforov esa 30 million so‘mlik pul mukofotiga ega bo‘ldi. Qolgan ishtirokchilarga 10 million so‘mdan pul mukofoti va sertifikatlar topshirildi. G‘oliblarning tanlov haqidagi taassurotlari bir olam...

Azizaxon IBROHIMOVA:

— Tanlov nihoyatda adolatli o‘tdi, deb o‘ylayman. Kitob o‘qigan odam hech qachon yutqazmaydi. Menga eng yoqqani “Buyuk mutafakkir va adib” sharti bo‘ldi. Bu shartda o‘zim asarlarini sevib o‘qiydigan Mirkarim Osimning hayoti va ijodi haqida so‘zlab berdim. Sparkni qalbimda kitobga mehr uyg‘otgan inson — otamga sovg‘a qildim.

Malika TOHIROVA:

— Kitob inson hayotini nurga va go‘zallikka to‘ldirish qudratiga ega. U kishini yon-atrofdagilaridan fikrlashi, dunyoqarashi bilan ajratib turadi. Tanlovda qatnashar ekanman, har bir kitobni 50 martadan mutolaa qilganim menga ishonch va kuch berib turardi. Faqat “Insho yozish” shartida biroz omad yetishmasligi keyingi bosqichga ta’sirini o‘tkazdi. Nima ham derdim? Baribir badiiy xazinani sevib mutolaa qilishdan aslo charchamayman.

Jasurbek ABDUG‘AFFOROV:

— Harakatdan aslo to‘xtamadim. Har bir asarni o‘zgacha zavq va ehtiros bilan mutolaa qilardim. Bugun esa mehnatning rohatini totyapman. G‘oliblar safidan joy olmasam ham a’lam qilmasdi. Chunki menga eng katta boylikni kitoblar berib bo‘ldi. Shu yili tanlovga yangi shart — “Insho yozish” kiritilibdi. Inshoda kitoblardan olgan taassurotlarim haqida yozishga harakat qildim. Natija yomon bo‘lmadi. Bu shartda kitobxonning savodxonlik darajasi ochiqlanadi.

Kitobxon yoshlarni g‘oliblik bilan chin dildan tabriklaymiz. Kelgusida ulardan buyuk insonlar yetishib chiqishiga ishonamiz!

Aytgancha, hali xabaringiz bo‘lmasa kerak: 1-martdan “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovining VII mavsumida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilish boshlandi. Shunday ekan, ro‘yxatdan o‘tish va kitob o‘qishdan kechikmang!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.