Dunyoni zabt etgan taʼlim
Shveytsariya – dunyoda sayyohlar eng koʻp boradigan mamlakatlardan biri sanaladi. Bu oʻlka chet elliklarni nafaqat betakror tabiati, purviqor togʻlari, yuqori sifatli taʼlim tizimi bilan ham oʻziga jalb qiladi.
Kuzatuvlarga koʻra, jahonga mashhur siyosatchilar, davlat arboblari, yirik tadbirkorlarning koʻpchiligi Shveytsariyada taʼlim olgan. Hozir ham boylarning farzandlari Shveytsariya oʻquv yurtlarida tahsil olishni sharaf deb biladi. Xoʻsh, bu mamlakatdagi taʼlim tizimi qanday jihatlari bilan olamda yetakchilik qilmoqda?
Sayyohlik biznesi asosi
Shveytsariya taʼlim tizimi universalligi bilan jahonga mashhur. Yaʼni, u bir vaqtning oʻzida Amerika, Fransiya va Germaniya maktablariga xos xususiyatlarni birlashtiradi. Bu tizim mamlakatda 4 ta rasmiy til – fransuz, nemis, italyan va retoroman tillarining amal qilishi natijasida shakllangan. Zamonaviy Shveytsariya 26 ta har biri mustaqil kichik maʼmuriy hududiy boʻlinma va viloyatlarga boʻlingani bois mamlakatdagi boshlangʻich va oʻrta maktablar kichik boʻlinmalarga, universitetlar esa federal hukumatga boʻysunadi. Shuningdek, Shveytsariya taʼlimda mehmondoʻstlik modelini boshlab bergan birinchi davlat boʻlib, uning maktab va universitetlari sayyohlik biznesining asosi hisoblanadi.
Til bilganga sertifikat
Mamlakatda taʼlimning birinchi bosqichi 6 yoshdan boshlansa-da, ayrim maktablarda iqtidorli bolalar 4 yoshdan qabul qilinadi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilarining taʼlim dasturida asosiy eʼtibor bolaning bilimini rivojlantirish hamda chet tillarni oʻqitishga qaratiladi. Hukumat bola xorijiy tillarni oʻrganishni qancha erta boshlasa, unga moslashishi shuncha oson kechadi, deb hisoblaydi. Maktablarda har bir chet tilini oʻqitish boʻyicha alohida xalqaro dasturlar mavjud boʻlib, ularni tamomlagan oʻquvchilarga maxsus sertifikat beriladi.
Shveytsariya oʻqituvchilari oʻz oʻquvchilaridan (ayniqsa boshlangʻich sinf oʻquvchilaridan) intizomga rioya qilishni talab qilmaydi, chunki ular agar bolada salohiyat va imkoniyat bor boʻlsa, har qanday sharoitda oʻzini namoyon qiladi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham boshlangʻich sinf oʻquvchilarining fikr doirasi boshqa mamlakatdagi tengdoshlariga nisbatan torroq.
Xohlaganingni tanlab ol
Shveytsariya maktablari oʻquvchilarga ingliz-amerika, fransuz, nemis, shveytsar, italyan taʼlim tizimidan istalganida oʻqish imkoniyatini bergan yagona davlat. Maktablarda darslar oliy oʻquv yurtlarida yuqori baholanadigan “International Baccalaureate” – universal xalqaro dasturi asosida oʻtiladi. Oʻqish davomida bolalarga mahalliy tildan tashqari, kamida yana 2 ta xorijiy til oʻrgatiladi. Yuqori sifatli taʼlim tizimi bilan jahonda yetakchilik qilayotgan Shveytsariya maktablarini bitirgan oʻquvchilar bemalol dunyoning istalgan oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kira oladi. Boshlangʻich va oʻrta maktablar turli kichik maʼmuriy boʻlinmalarga boʻysungani bois barcha maktablar uchun majburiy dastur yoʻq. 26 ta boʻlinmaning har biri maktabida oʻquvchilarni oʻz oʻquv rejasi asosida oʻqitadi.
Xususiyning xususiyati
Shveytsariyadagi xususiy maktablar ish uslubi bilan dunyoga mashhur. Shveytsariyada 260 ta xususiy maktab boʻlib, ular mamlakatning noyob “mahsuloti” hisoblanadi. Bu maktablar oʻzining sifatli taʼlimi, yuqori darajadagi qulayligi, xavfsizligi, mashhurligi va albatta, oʻqish narxning nihoyatda qimmatligi bilan nom chiqargan. Bu yerda Shveytsariya va fransuz bankirlari, arab shayxlari, Amerika diplomat va yirik biznesmenlarining farzandlari oʻqiydi. Yashab-oʻqishga moʻljallangan xususiy maktab-pansionlarda oʻquvchilar uchun yotoqxonalar mavjud.
Ammo, hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan davlat maktablari ham taʼlim sifati borasida xususiy maktablardan qolishmaydi. Biroq davlat maktablari hududida bolalarning yashab, oʻqishi uchun yotoqxonalar yoʻq. Shu bois ularda xorijliklar, asosan, mamlakatda uzoq vaqt yashovchi diplomatlar, xalqaro tashkilotlar aʼzolarining farzandlari tahsil oladi.
Soʻlim tabiat bagʻrida
Xususiy maktablarning aksariyati togʻ yonbagʻirlarida joylashgani bois bir qarashda sihatgohni eslatadi. Aslida har bir bolaga boʻlgan alohida eʼtibor hamda oʻquvchilarga beriladigan 5 mahal ovqat hech bir sihatgohnikidan qolishmaydi. Bu yerda aksariyat darslar soʻlim tabiat bagʻrida oʻtiladi. Ayniqsa, amaliy fanlarni oʻqitish uchun bu – ayni muddao.
Internet manbalari asosida Islom Asilbekov tayyorladi.