Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Endi o‘z yulduzlarimiz bor

Futbol – millionlar o‘yini. Katta-yu  kichikni  o‘ziga  birday  mahliyo qilgan  o‘yin.  Siz bolalarning esa o‘z futbol  yulduzlaringiz bor. Ronaldo, Messi, Neymar... ularning  may­donga tushadigan  raqamini  siz  ham o‘z futbolkangizga  yozib  olgansiz. Ularga  o‘xshashni  istaysiz. Ba’zan “Eh,  qaniydi  o‘zimiznikilardan  ham  shunday  jahon  chempionlari, mohir o‘yinchilar  chiqsa” deb orzu  qilardingiz.   

Yurtimizda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha U-20 Osiyo kubogi chempionatida jamoamiz erishgan  g‘alaba  tufayli  orzungiz  ushaldi.  O‘zbekistonda yetuk futbolchilar yetishib chiqayotganini jahonga  namoyish qildi.  O‘zbek  futboli  osmonida ham   yulduzlar  porladi.  

1-18-mart kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan bellashuvda jami 16 ta jamoa ishtirok etdi. O‘zbekiston chorak finalda Avstraliyani mag‘lub etib, yarim finalda Janubiy Koreya terma jamoasi bilan maydonga tushdi. Hal qiluvchi final bahsida esa Iroq terma jamoasi bilan to‘qnash keldi. Vanihoyat, g‘alaba!

Bu  g‘alaba o‘zbeklarda o‘z futbollariga nisbatan ishonch orttirdi, yangi iste’dodlar kashf etildi. Abbosbek Fayzullayev Osiyo ku­bo­gining eng qimmat futbolchisi deb topildi. O‘yinlarning eng yaxshi darvozaboni ham bizning milliy terma jamoa vakili Otabek Boymurodov. Finaldagi hal qiluvchi gol esa 10-raqamda to‘p surgan Umarali Rahmonaliyev  hisobiga  yozib  qo‘yildi. Bu golni hyech qaysi o‘zbekistonlik futbol muxlisi unutmasa kerak. Yarim finaldan keyin hal qiluvchi o‘yinni butun mamlakat intiqib kutgandi. O‘sha kuni “Bunyodkor” stadionida 33834 nafar tomoshabin yig‘ildi. Eng  quvonarlisi, bu o‘yinni tomosha qilish uchun o‘yingohga Respublika Prezidenti o‘z  oilasi bilan tashrif buyurdi. Maydonga tushgan 11 bahodir esa xalq ishonchini  sharaf bilan oqladi. Stadiondagi va ekran qarshisidagi ishqibozlarining hayajonini  bir tasavvur qilib ko‘ring. O‘sha kun  o‘zbekistonliklar uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. O‘zbekiston – Osiyo kubogi chempioni. Jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Endi navqiron futbolchilar jahon chempionatida ishtirok etishadi.

Demak, vatanimizda o‘zbek futbolini jahonga tanitadigan yosh futbolchilar shakllanayapti. Kelajakda ular Messidan ham, Ronaldodan ham mashhur, mohir futbolchi bo‘lishadi, deb ishonamiz. Ota-onasining, xalqining duosini olgan o‘zbek yigitlari hamisha g‘olib bo‘ladi. Darvoqe, o‘yindan keyin Umarali Rahmonaliyev onasining quchog‘iga otilgan damlarda volidaning chehrasidagi g‘ururni ko‘rgandirsiz?!   “Futbol­chi bo‘laman” deb yurgan bolalar uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rgan bo‘lsa kerak. Haqiqatan ham, bolalar, havas qilsa qilgudek ish bo‘ldi. Albatta, undan o‘rnak olishingiz, o‘rganishingiz kerak.  Futbolchi bo‘lmasangiz ham, o‘zingiz tanlagan sohangizda eng zo‘ri bo‘lib, ota-onangizning yuzini yorug‘ qiling. Siz bilan hamma faxrlansin, uka-singillaringiz sizga havas qilsin.

Futbolchi akalaringizga esa hamisha omad va yangidan-yangi g‘alabalar tilaymiz. O‘lkamizda ular kabi zo‘r to‘purarlar ko‘payaversin. O‘zbekning dong‘i doston bo‘laversin!

                                                                                           

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.