Yesangiz xurmo – yo‘qdir muammo
Ota-bobolarimiz arab xurmosini xush ko‘rib yeganlar. Ramazon oyida bu ajoyib meva bilan og‘izni ochish qadimdan odat bo‘lib qolgan.
Pishgan xurmo mevalari naviga qarab sariq-qizildan to‘q jigarranggacha farq qiladi. Xurmolarning quritilganligini ularning tashqi ko‘rinishidan aniqlash mumkin. Po‘sti qanchalik silliq bo‘lsa, meva shunchalik yangi bo‘ladi.
Xurmoning qanday “sehri” bor? Uning sinoati juda ko‘p mineral va vitaminlarga boyligida. Tarkibidagi 23 ta aminokislota boshqa mevalarda uchramaydi. Arab xurmosini kuniga 2-3 dona yeb turilsa, tananing kasalliklarga chidamliligi oshadi.
Miya faoliyatini yaxshilaydi
Meva tarkibidagi fruktoza shakar o‘rnini bemalol bosa oladi. Uni yong‘oq yoki bodomga qo‘shib, ajoyib shirinlik tayyorlashingiz mumkin. Bu sport bilan shug‘ullanuvchi bolalar uchun quvvatni oshiruvchi ajoyib taom hisoblanadi. U suyaklarning mustahkam bo‘lishiga yordam beradi.
Uning tarkibida magniy, kaliy va kalsiy kabi bir qancha foydali minerallar mavjud. Ushbu moddalar kattalar orasida ko‘p uchraydigan suyak to‘qimalari kasalliklarini, shu jumladan, osteoporoz – suyak yemirilishining oldini oladi. Tarkibidagi kletchatka esa qondagi shakar miqdorining keskin ko‘tarilishiga barham beradi.
Infeksiyadan himoya qiladi
Odatda, yuqumli kasalliklar antibiotiklar yordamida davolanadi. Bu qimmat usul bo‘lib, immunitetning tushishiga ham sabab bo‘ladi. Bilasizmi, antibiotiklarni tabiiy mahsulotlar bilan almashtirish mumkin. Qaynatilgan xurmo danagi va barglaridan tayyorlangan ekstrakt ko‘plab zararli bakteriyalarga faol qarshilik ko‘rsatishi aniqlangan.
Ammo…
Barcha foydali jihatlariga qaramay, ba’zi hollarda xurmo iste’molini kamaytirgan ma’qul. Shifokorlar ichaklar faoliyatida buzilish aniqlangan bolalar va kattalarga ushbu mevani tavsiya etmaydilar.
Chunki tarkibida sorbitol moddasi mavjud bo‘lib, u diareya keltirib chiqarishi mumkin. Xurmo fruktoza manbai bo‘lgani sabab qorinni shishirib, oshqozonni bezovta qilishi ham mumkin.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi