G‘olib bo‘lamiz
Biz bu yil 8-sinfni a’lo baholarga tugatdik. Yaxshi kayfiyatda boshlangan ta’til kunlarimiz nihoyatda mazmunli va maroqli o‘tmoqda. Nega desangiz, kelajakda zarur bo‘lgan hunarlarni o‘zlashtirishga erishdik. Dadam oyimlar uchun tikuvchilik sexi ochib berganlar. U yerda shifokorlarga xalat tikiladi. Opa-singil ikkimiz bo‘sh vaqtimizda oyijonimga yordam beramiz. Tayyor bichilgan xalatlarni tikuv mashinasida tikib chiqamiz. Chevarlikka qo‘limiz binoyiday kelishib qolgan. Tikishga shunchalik o‘rganib ketganmiz-ki, xalatni kim tez tikish musobaqasida ba’zan oyimdan o‘zib ketamiz. Bunday damlarda, ustozidan o‘zgan shogirdlarim, deb oyijonimiz quvonib ketadilar. Shunday bo‘lsa-da, tikkan choklarimizni diqqat bilan tekshirib oladilar. Aytish esimizdan chiqibdi, chevarlikni bizga oyijonimiz o‘rgatganlar. Qiz bola qo‘lishirin pazanda bo‘lishi kerak, deb o‘zlari bilgan taom va pishiriqlarni o‘rgatibgina qolmay, internetda tavsiya qilingan taomlarni ham pishirib ko‘rishimiz uchun kerakli masalliqlarni olib beradilar. Pishirgan taomlarimizni ta’tib ko‘rish buvijonimiz zimmasida. Ammo buvimiz birinchi navbatda tejamkorlikni talab qiladilar. “Isrofgar bo‘lmang, taomning uvoli bor”, deydilar. Quvonarlisi, taomlarimiz ta’mi u kishiga ma’qul bo‘lyapti chog‘i, chiroyli duo qiladilar.
Bo‘sh vaqtda badiiy adabiyotlar o‘qish ham sevimli mashg‘ulotimiz. Navoiy nomidagi milliy kutubxonaga a’zomiz. Uyimizda ham kattagina kutubxonamiz bor. O‘qigan kitoblarimizdan ilhomlanib hikoya va maqolalar ham yoza boshladik. Yozuvchi Oybekning “Bolalik”, T.Malikning “Alvido bolalik”, O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kabi asarlari bizda katta taassurot qoldirdi. Kelgusi yil albatta, “Yosh kitobxon” tanlovida qatnashib, oliy mukofot – “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritmoqchimiz.
Fotima va Zuhra Ilyosovalar,
Toshkent shahridagi 59-maktab o‘quvchilari