Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jazirama kunlarda

Bobo-buvilarimiz “Suvsiz yer – jonsiz jasad” deya bot-bot takrorlashadi. Bundan shuni anglash mumkinki, yerdagi butun organizm suv bilan to‘yinib oziqlanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, inson orga­nizmining taxminan 70 foizi suvdan iborat. Tananing 10 foiz suvsizlanishi jismoniy va ruhiy layoqatsizlikka olib keladi. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida suvning inson organizmi uchun naqadar zarurligi nihoyatda bilinadi. Suv­ning qaddimizni tik saqlashdagi, organizmni yoshartirishdagi hissasi katta. Shunday ekan, yozda suzish havzalariga qatnash bolalarning salomatligi uchun ayni muddao.

Poytaxtimizning Yunusobod tuma­nida joylashgan Suv sport saroyi eshiklari katta-yu kichik yoshdagilar uchun hamisha ochiq. Ayni paytda bu bino bolalar bilan gavjum. Markazdagi basseynning uzunligi 50 metr. Suzish havzasi jami 10 ta yo‘lakchadan iborat. Chuqurlik siz o‘ylaganchalik qo‘rqinchli emas – 2 metr..

Bugungi kungacha bu yerda Mirsaid Mirzoidov, Aleksey Sidorchuk, Natalya Kritinina, Muhammadjon Abdijalilov, Xurshid Tursunov, Fotima Amilova kabi sport yulduzlari yetishib chiqqan. Hozirgi kunda ham o‘z ustida ishlab, suzish bo‘yicha o‘tkaziladigan nufuzli chempionatlarda qatnashish uchun harakat qilayotgan o‘smir yoshlar talaygina.

– Yoz mavsumida suzish havzasiga kuniga 900 nafarga yaqin yosh qatnayapti, – deydi sport ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shavkat Tadjiyev. Suzish sog‘liq uchun juda foydali. Suv organizmdagi tuzlarni eritib, mineral moddalarni tanaga tez singishiga yordam beradi. Ko‘pchilik ota-onalar bolam cho‘milsa burni va og‘zidan suv kirib shamollab qoladi, deb o‘ylaydi. Ammo bu noto‘g‘ri. Chunki suzish havzasidagi suv atmosferasi Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan texnika vositasida 1 sutkada 6 marta filtrlab turiladi. Bino ichidagi harorat mo‘tadil saqlanadi. Bolalar badan va sochlarini soch quritgichda yaxshilab quritgachgina, ko‘chaga chiqadi.

Maktab o‘quvchilari ayni paytda Suv sport saroyida vaqtini unumli o‘tkazib, salomatligini mus­tahkamlamoqda. Ushbu haqiqatni 15 yoshli Azizbek Boybuvayevning so‘zlaridan bilib olish mumkin.

– Ikki oydan beri suzish havzasiga qatnayapman. Murabbiyimiz Salohiddin Ubaydullayev menga suzish sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Shu vaqt ichida bo‘yim o‘sib, qaddim ancha rostlandi. Avval suvga tushishdan qo‘rqardim. Hozir hech qaysi baliqdan kam joyim yo‘q. O‘rtoqlarim bilan suvda quvlashmachoq o‘ynaymiz. Ba’zan kim tez suzish bo‘yicha bellashashamiz.

Shunday ekan, yozning issiq chillasida tabiatning bebaho in’omidan foydalanib qolaylik. Vujudimizni shifobaxsh unsur – suv bilan to‘yintiraylik!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.