Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qat’iyat sharofati

Aziz o‘quvchi! Yodingizda bo‘lsa, jur­nalimizning 2021-yil 5-sonidagi “Sokinlik bag‘­ridagi tuyg‘ular” sarlavhali maqolada Aziza ismli rassom qiz haqida hikoya qilgan edik. Yaqinda uning buvisi Anifa opa tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib: – “Gulxanjon”, bizda yana bir xushxabar bor.  Azizaning singlisi Ma­li­kabonu fortepiano bo‘yicha Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro onlayn tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, – dedi sevinchi ichiga sig‘may.

Nabiralarida yilt etgan qobiliyatni ko‘rsa, uni shakllanishi uchun yelib-yuguradigan nafa­qadagi pedagog Anifa opaning quvonchi bejiz emas, albatta.

Malikabonu Zulfiqorova Toshkent tumanidagi 32-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining 5-sinfiga o‘tdi. Unga ustozlik qilayotgan Malohat  Erkaboyeva fortepiano sirlarini egallash uchun tartib-intizomga rioya qilish, mas’uliyatli bo‘lish muhim ekanligini tushuntirdi. Musiqa jon-u dili bo‘lgan qiz berilgan vazifalarni o‘z vaqtida mukammal tay­yorlashga, qolaversa, umumta’lim mak­tabidagi darslariga ham o‘z vaqtida ulgurishga harakat qiladi.

–  Shogirdimda mas’uliyat va qat’iyat kuchli, – deydi Malohat opa. – Tanlovlarga tayyorlanish jarayonida biror marta o‘ziga nisbatan ishonchsizlik, “Uddalay olarmikanman?” degan ikkilanish bo‘lmagan. Shuning uchun qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Muvaffaqiyatning bir qismini iste’dod, ikkinchi qismini izlanish va harakat tashkil etadi. 2019-yilda musiqa maktabi miqyosida o‘t­kazilgan  “Etyudlar” tanlovida birinchi o‘rinni egalladi.  Shu bilan birga tuman miq­yosida har ikkala maktabdagi tadbirlarda quv­noq, yoqimli musiqiy chiqishlari bilan qat­nashib, ustozlari e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Tinib-tinchimas qiz ustozi Barno opa­dan ikki yil davomida raqs sirlarini ham egal­ladi. Suzishni o‘rgandi. Murabbiy Mir­so­bit Ziyotovning karate mashg‘ulotlariga qat­­nashdi. Tumandagi sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Malikabonu tumandagi 3-maktabning 7-sinfiga o‘tdi.

–   O‘quvchim o‘quv yilini a’lo baholar bilan tugatib, “Faxriy yorlig‘i”ga sazovor bo‘ldi, – deydi  sinf rahbari, I toifali o‘qituvchi Gulchehra Yunusova.  –  O‘qishi, qo‘shimcha mashg‘ulotlari buvisi tomonidan doimo na­zoratda. Tabiatan vazmin. Ingliz, rus, o‘zbek tili va adabiyoti fanlariga qiziqadi. Shuning uchun fikrlari ravon, o‘z dunyoqarashiga ega.

Malikabonu iyul oyida O‘zbekiston qo­zoq milliy madaniyat markazi tomonidan Qozog‘istonning Akmola viloyatidagi “Ay­kanat” oromgohida dam olish imtiyozini qo‘lga kiritdi. Yetti davlatning iqtidorli o‘quvchilarini bag‘riga chorlaydigan oromgohda do‘stlar orttirib, bir olam taassurotlar bilan qaytdi.

                                                                    

Dilafro‘z   ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.