Halima Ahmedova
Halima Ahmedova 1960-yil 1- oktyabrda Buxoro viloyati, Qiziltepa tumanidagi (hozirda Navoiy viloyatiga qarashli) Po‘lot qishlog‘ida tug‘ildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida (1978-1983), Moskvadagi Oliy adabiyot kursida (1988-1991) tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlab, Navoiy shahar pedagogika bilim yurtida dars berdi (1983-1884). Shundan so‘ng Navoiy viloyatining “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasida (1985-1986), G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida (1987-1988), “Tong yulduzi” (1994-1998) gazetasida turli vazifalarda xizmat qildi. 1998-yildan O‘zbekiston radiosi musiqiy yozuvlar bo‘limida faoliyat yuritdi.
Shoiraning “Ko‘zimning tili” (1986), “Tungi marvaridgullar” (1987), “Erk darichasi” (1996), “Tiyramoh” (2005), “Afsus” (2007), “Umid soyasi” (2008), “Shafaq ibodati”, “Nigoh qiblasi” (2011), “Yosuman gulining soyasi” (2013), “Yashil”, “Tashbeh” (2016) nomli kitoblari chop etildi.
Shoiraning “Vatan” she’ridagi rayhon, tuproq obrazlaridagi badiiylik Vatan tushunchasini butkul yangicha talqin etishga olib kelgan.
So‘zlari mardona she’riyat sohibasi Halima Ahmedovaning 2017-yilda chop etilgan “Tashbeh” nomli she’riy to‘plamida shoiraning butun hayoti, ijodi, tuyg‘ularini his etgandek bo‘lamiz. Bu kitobga jamlangan she’rlar o‘quvchini go‘zal ifodalarga yo‘g‘rilgan cheksiz olamga yetaklaydi.