Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitobni do‘st bilmaganlar

Avtobusda ketyapman. Qo‘shimcha dars olish uchun yo‘lga chiqdim. Qo‘limda doimgidek ki­tob. Voqealar rivoji avj pallaga kirgan, undan sira ko‘z uzgim kelmaydi. Orada bir holat jig‘imga tegardi. Ba’zilarning ajab­tovur nigoh bilan boqishidan, “Nima, odam ko‘rmaganmi?”, deyman o‘zimga o‘zim. Shu payt bir yigit gap boshladi:

— Nima qilyapsan?

— Ko‘rmayapsizmi? Kitob o‘qiyapman.

— Iya, shoirmisan?

— Yo‘q!

— Unda nega qo‘lingda kitob?

— O‘qiyotgan insonlarning barchasi shoir bo‘laveradimi?!

— Ochig‘i, kitob ushlaganlarni hozir­da deyarli ko‘rmayapman. Shunga hayron­man. Qolaversa, kitob o‘qishni azaldan yoqtirmayman.

— Haaa, bilinib turibdi...

— Ayt-chi, senga bundan nima naf?

— Foydasi ko‘p-da, shunga!

— Hmmm!

— Miyig‘ingizda kulyapsiz, tinchlikmi?

— Achindim  senga. Quloq sol, maslahatning “dodasi”: Zamon bilan hamnafas bo‘l...

— Hee, “zamonaviy”!

      Shunday dedim-da, nariroqqa – boshqa o‘rindiqqa borib o‘tirdim. Bilib ro‘yxush bermadim. Balki javob bermay, indamay ketaverganimda asabim buzilmasmidi?

Shu payt yoshi ulug‘roq ayol yonimga kelib o‘tirdi. 

— Qaysi asar? – so‘radi qo‘limdagi kitobga ishora qilib.

— “Mening o‘g‘rigina bolam”.

— Ha... Bir paytlar qayta-qayta o‘qiganman.

— Ha, rosa ta’sirli ekan...

— Muallifi haqida ko‘plab ma’lumotlarni to‘plaganman.

— Rostanmi? Aytib berasizmi?

— Bajonidil!

Haligi xola bilan gapimiz gapimizga qovushdi. Ayniqsa, adabiyot borasidagi shaxsiy mulohazalari bilan aqlimni shoshirib qo‘ydi. Chug‘urlashib, manzilga qanday yetganimizni bilmay qolibmiz. Sal avvalgi dilxiralik maroqli suhbat bahonasida esimdan chiqib ketdi. Anchagina yengil tortdim!

 Nimagadir o‘sha “zamon bilan hamnafas” yigitga achindim. U olamni o‘zgacha, yorqin ranglarda ko‘ra olmaydi, chunki mutolaa zavqidan mosuvo. Ayrim tengdoshlarimni bilaman: ularning hayotda maqsadi yo‘q. Erishmoqchi bo‘lganlari ham mayda-chuydalar, fikrlashi juda tor, gaplari no‘noq, ko‘zini oldidagidan boshqasini ko‘rmaydi. Ularga “Mutolaaga mehr bering, shunda dunyoqarashingiz o‘sadi, kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, fikringizni atrofdagilarga chiroyli yetkazib bera olasiz, hurmat qozonasiz”, degim keladi.  

Kitobga munosabat haqida siz qanday fikrdasiz?

 

Ulug‘bek Sharobiddinov,

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani

67-maktab 10-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.