Xalqaro informatikadagi ilk g‘alaba
Zamonaviy davlatni kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Elektronika dastlab Yevropada ildiz otgan bo‘lsa, bugunga kelib yurtimizda ham ushbu soha shahar-u qishloqlar aro o‘z tomirini yoymoqda. Ayniqsa, XXI asrning umid nihollari go‘daklikdanoq raqamli texnologiyani binoyiday tushunib olishmoqda. Ularning aka-opalari esa professional IT mutaxassisi bo‘lib jamiyatga kirib bormoqda. Buning isbotini esa O‘zbekiston yoshlari ilk marotaba 35-Xalqaro informatika olimpiadasida g‘olib bo‘lishgani ko‘rsatib turibdi.
28-avgust — 4-sentabr kunlari Vengriyaning Seged shahrida o‘tkazilgan ushbu olimpiadada 4 nafar iqtidorli o‘quvchimiz jahon arenasida dunyoning eng kuchli yosh informatiklari bilan bellashishdi. Natija esa yomon emas. Ular orasidan Andijon shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Dilyorbek Valijonov hamda Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Xo‘jayev bronza medali bilan O‘zbekistonga qaytishdi.
Aytish joizki, bu marragacha yetib kelish oson bo‘lgani yo‘q. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ilk bor terma jamoamiz a’zolarini olimpiadaga tayyorlash uchun xorijdan xalqaro darajadagi murabbiy jalb qilindi. Informatika olimpiadasi oltin medali sohibi, Polsha yoshlar informatika olimpiadasi bosh koordinatori Bartosh Kostka 10 kun davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan intellektual oromgoh majmuasida o‘quvchilar bilan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi. Xayriyatki, trenerning o‘rgatganlari zoye ketmadi.
Albatta, yangi yo‘nalishdagi ilk urinishlar o‘z samarasini ko‘rsatdi. Biz ishonamiz, bu tajriba va harakatlar kelgusi yilda yoshlarimizning oltin medalni qo‘lga kiritishlariga poydevor bo‘ladi. Qolaversa, mashaqqatning rohati ham bor, albatta. Ya’ni, bronza medali sohiblari 66 mln. so‘m, ustozlari esa 49,5 mln. so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, Prezident farmoniga ko‘ra, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Kelgusida ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan bo‘lsa, maoshiga har oy 100 foizlik ustama qo‘shiladi. Ilmli odam — ilikli suyak, deb shunga aytishsa kerak-da!
Eslatib o‘tamiz, shu yili o‘quvchilarimiz 5 ta nufuzli olimpiadadan 13 ta medal bilan qaytdi. Bu tariximizdagi eng zo‘r natija!
Azim AXTAMOV