Nega gazeta-jurnal o‘qimaysiz?
Tumanimizdagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Jurnalistika va notiqlik” tо‘garagi о‘quvchisiman. Maktabimiz bir nechta gazeta va jurnallarga obuna bо‘lgan. Bosma ommaviy axborot vositalari bilan muntazam tanishib boraman. Chunki bugunning eng ishonchli xabarlarini, tahliliy, tarbiyaviy maqolalarni matbuot orqali kо‘rishimiz mumkin. “Yoshlik”, “Tong yulduzi”, “Gulxan”ning har sonini intiqib kutaman. “Yoshlik” jurnali ijodda kо‘z ochayotgan yangi buloqlarni bizga tanitib boradi. “Gulxan”ni sevib mutolaa qilishimning asosiy sababi, tengdoshlarimning fikr-mulohazalari qay darajada ekanligini kuzatib borish imkoniyatini beradi. Atrofimdagi yoshlarga e’tibor beradigan bо‘lsam, deyarli kо‘pchiligi gazeta, jurnal sо‘zini unutishgan hisobi. Sinfdoshlarimdan bu haqida sо‘raganimda, aksariyatidan salbiy javoblar olaman.
– Istalgan yangilikni internetdan topish mumkin bо‘lgan bir paytda gazeta о‘qishga sira hojat qolmadi, – deydi sinfdoshim Javlon. Uning fikriga qo‘shilmayman. Chunki internetdagi barcha ma’lumotlar ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi.
– Yangi nashrdan chiqqan gazeta va jurnallarni diqqat bilan kuzatib, mening ham she’rim chiqqandir, deya sinchiklab о‘qiyman. Mabodo she’rim chiqqan bо‘lsa, men uchun bayram, – deydi tо‘garakdoshim Laylo. U adabiyotni chindan sevadi-da!
Men ham har kuni kamida bir soatimni gazeta va jurnallar mutolaasiga bag‘ishlayman. Ilgari markaziy kutubxonadan gazeta axtarardik. Hozirda smartfonimizdagi “Gazetalar sharhi” telegram kanalida ham ba’zi gazetalarni o‘qisa bo‘ladi. Faqat sizda qiziqish bо‘lsa, kifoya. Zero, yaxshi mutolaa bu yorqin kelajak demakdir!
Mashhura USMONOVA,
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining
“Jurnalistika va notiqlik” tо‘garagi tinglovchisi