Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hojimurod – Vatan va oila o‘rtasidagi tanlov

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov shunday degan edi: “Iste’dodli yozuvchi desam ko‘z o‘ngimga birinchi bo‘lib Lev Tolstoy keladi. Pushkin, Dostoyevskiylar ham buyuk. Lekin unga yetadigani yo‘q. Uning mehnatkash, haqiqatgo‘y bo‘lganiga, tamasiz yashaganiga havasim keladi. Boisi ko‘nglidagini baralla ayta olgan”. Tolstoy insonlarni qiynayotgan muammolarga javob topishga, o‘zini anglashga, ma’naviy quvvat berishga ko‘maklashuvchi asarlar muallifi. Uning ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan, davr chig‘irig‘idan o‘tgan asarlaridan biri “Hojimurod” qissasidir.

Yozuvchi yetti yil davomida (1897-1904) bu kichik asar ustida qunt bilan ishlagan. Hikoyaning 23 xil boshlanishi, 10 ta nashri, Nikolay I haqidagi bobning 25 xil talqini, 2152 qoralama sahifasi saqlanib qolgan. Qissa 1912-yilda yozuvchining vafotidan keyin nashr etilgan va tarixiy fan­tastika toi­fasiga kira­di. Lev Tols­toyning “Ho­­­­jimurod” qis­­sasi Uyg‘un to­­­­monidan o‘zbek tiliga tarjima qi­­lin­­gan bo‘lib, 1978-yil G‘a­fur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan. Oradan yillar o‘tgach O‘zbekiston  radiosi tomonidan qissa asosida tayyorlangan radiopyesa tinglovchilarga taqdim etilgan.

Asar jasur rahnamo – chechen o‘g‘loni, sarkarda Shomilning noibi Hojimurodning  mudhish, turli murakkabliklarga to‘la hayoti, jonini saqlab qolish uchun ruslar tomonga qochib ketishga majbur bo‘lgani haqida. Aslida Hojimurod ruslar yoki Shomil taraf emas, u yakka holda chechen yurtini idora etish, tog‘-u toshlarda hukmronlik qilishni istaydi. Muallif ushbu romanida bir qancha nozik mavzularga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa-da, asosiylaridan biri urushning befoydaligidir. Tolstoy keraksiz urush va u keltiradigan halokatni qoralaydi. Romanda tasvirlangan ko‘plab voqealarga muallifning o‘zi guvoh bo‘lganligi qissani yanada real va shiddatli qilgan.

Qissa yanchilgan, toptalgan, lekin nov­dalaridan biri gullab turgan buta tasviri bilan boshlanadi va yakun topadi: “Naqadar zo‘r quvvat! – deya o‘yladim men – inson hammasini yengibdi, millionlarcha o‘t-o‘lan­larni mahv etibdi, bu esa hamon taslim bo‘lmaydi”, “Haydalgan dala o‘rtasidagi yan­chilgan tikanak menga ana shu o‘limni eslatdi...”

Yozuvchi bosh qahramonning millatini nega chechen qilib oladi? Chunki vatanparvarlik, qoni qaynoqlik, kurashuvchanlik chechen xalqiga xosdir! Shu sabab Tolstoy uni barkamol, ma’nan yetuk, o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga nisbatan boshqalardan farqli o‘laroq mustaqil va shaxsiy fikriga ega komil inson sifatida gavdalantiradi. Hojimurodning ruhiy holati, dunyoqarashi atrofidagilar bilan bo‘lgan suhbatida ochib beriladi. Erk, ozodlik, nomus yo‘lidagi kurashi g‘alaba va mag‘lubiyatlarga sababchi bo‘lsa, undagi ishonch va g‘ayrat yo‘lboshchilarga xosdir.

Hojimurod mahalliy xonlar bilan do‘st edi, chunki onasi ularda qirol hamshirasi bo‘lib ishlagan. Muridlar undan Rossiyaga qarshi urushda yordam so‘raydi. U ikkilanadi, lekin rozi bo‘ladi. Shomil musulmon leytenanti bo‘lib, uning rus amaldorlariga qilgan hujumida Hojimurodning yaqinlari vafot etadi. Shu sabab u Shomilga ergashishdan bosh tortadi va Shomil uning oilasini garovga oladi. 

Chechen xalqining shafqatsiz jangchisi o‘z oilasini himoya qilish va ularni o‘g‘irlab ketgan Shomilga qarshi kurashish uchun ruslar tomoniga o‘tadi. U o‘z millati va oilasi o‘rtasida tanlov qilishi kerak edi. Ko‘pgina kavkazliklar Hojimurod Rossiyaga qochib ketganiga qaramay, unga sodiq qoladilar. Urushning yovuzligi romanda ruslar va chechenlar jang qilganda azob chekayotgan begunoh tomonlar orqali ifodalangan. Bir vaqtlar askar bo‘lgan Tolstoy o‘z asarida urush dahshatlarini juda jonli tasvirlaydi. U qissani urushdan taxminan yarim asr o‘tib yozgan va bu orqali urush jamiyatga qanday ta’sir qilishi haqida ogohlantirgan.

Hojimurod har bir xalqning erkkacha bo‘lgan yo‘lida bor! Undagi kabi urush, vatan, erk, ozodlik, kurash, munozara, she’riyat, g‘ayrat, shijoat, ishonch, mardlik tushunchalari butun dunyo xalqlariga tanish. Asardagi Hojimurod bu Jaloliddin Manguberdi, Shiroq, To‘marislardir. Hojimurod ham e’tiqodi mustahkam, o‘z elini, ovulini sevuvchi, qo‘li ochiq, dushmanga nafrati kuchli, oilasini ardoqlovchi shaxs. Hozirgacha u haqida hayajonlanib gapirishadi, afsonalar to‘qishadi. Demak, u hamon tirik... U o‘z xalqining yuragida yashamoqda.

Hojimurod haqida ko‘proq o‘qib, uning go‘zal va yengilmas shaxsiyati bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, “Oilasini qutqara oladimi?” degan savol sizni o‘ylantirayotgan bo‘lsa, qissani to‘liq holda o‘qib chiqing. Mutolaa davomida quyidagi savollarga javob topishni, fikr va mulohazalaringizni biz bilan bo‘lishishni unutmang (telegramdagi manzilimiz @GulxanBilimdon). Savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob bergan kitobxonlarni ajoyib sovg‘alar kutib turibdi.

Savollar:

1.  Chechen xalqiga isyonchi Hojimurodni qabul qilishni kim taqiqlagan?

2.  Hojimurodning rus podshosiga xizmat qilishiga nima xalaqit beradi?

3.  Hojimurod muridlaridan qaysi biri kuchli xarakter va temir irodaga ega edi?

4.  Hojimurodning Shomil tomonidan asirga olingan to‘ng‘ich o‘g‘lining ismi nima edi?

5.  Hojimurodning eng sevimli qo‘shig‘i nima haqida edi?

6.  Hojimurod oilasini ozod qilish uchun qaysi shaharga bostirib kirmoqchi edi?

7.  Qaysi gulga qaraganingizda Hojimurodning hayoti yodga tushadi?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.