Eng yaxshi muallim
Men to‘rtinchi sinfda o‘qiyman. Sizlarga birinchi ustozim Bibirobiya opa haqida yozgim keldi. Maktabga kelganimdanoq sinfdoshlarim qatori ustozimning har bir topshiriq va vazifalarini jon-jahdim bilan bajarishga kirishdim. Har gal ustozimdan maqtovlar eshitish menga bir olam quvonch bag‘ishlar, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim yanada ortar edi. Afsuski...
Ikkinchi sinfga o‘tganimizda ustozimiz 10-15 kun o‘qitgach maktabga kelmay qo‘ydi, o‘rniga boshqa ustoz kirdi. Negadir darslar miyamga kirmas, hadeb eshikka termular, avvalgi ustozimni kutar edim. Uyga kela solib, oyim (ular ham maktabda o‘qituvchi)ning yoniga yugurdim.
– Oyi-oyi, nega Bibirobiya ustozim maktabga kelmadi?!
– O‘g‘lim, ustozing endi sizlarga dars o‘tmaydi.
– Nega?! – dedim-u yig‘lab yubordim.
– U endi nafaqaga chiqdi, o‘g‘lim. Xafa bo‘lma, yangi ustozingga ham o‘rganib ketasizlar.
Men esa tuni bilan yig‘lab chiqdim. Qanday qilib bizni tashlab ketadilar, axir?! O‘zlari doimo sizlarni yaxshi ko‘raman, beshinchi sinfgacha o‘qitaman, derdilar. O‘quvchilarga hamisha “O‘g‘lim”, “Qizim” deb murojaat qilar, “Men maktabdagi onangizman” – derdi-ku! Ona ham bolasini tashlab ketaveradimi?
Ertasi kuni ham maktabda faromush o‘tirdim. Yangi o‘qituvchimiz – yoshgina Nurjamol opa har qancha darsni kuyib-pishib tushuntirmasin birinchi ustozimni qo‘msardim. Darsdan so‘ng sinfdoshlarim bilan Bibirobiya ustozning uyiga bordik. U kishining uyi maktabga yaqin edi. Ustozimiz bizni ko‘rib quvonib ketdi, quchoqlab ko‘rishdi, choy damlab dasturxon yozdi, mehmon qildi. Biz hadeb: “Maktabga qayting, ustoz, bizni o‘zingiz o‘qiting”, – deb yalinar, muallimamiz esa ko‘z yoshlarini artib qo‘yardilar. Aslida o‘qituvchimiz ham jon-jon deb bizni o‘qitmoqchi ekanlar-u...
– Sizlar yaxshi o‘qinglar, mening bolalarim, deb faxrlanib yuray, – dedilar ustoz.
Ustozning uyida uzoq o‘tirdik, zo‘rg‘a xayrlashdik.
Keyin ham uylariga tez-tez borishni kanda qilmadik.
3-sinfligimda sinflararo ona tili va matematikadan tanlov o‘tkazildi. Har bir sinfdan eng a’lochi o‘quvchilar tanlab olindi. Bizdan beshta o‘quvchi qatnashdi. Har ikki fandan ham a’loga topshirib, tanlovda birinchi o‘rinni egalladim.
Hamma meni tabriklayapti-yu, xayolimda kulib turgan birinchi o‘qituvchimning siymosi. Ular “Har bir yutug‘ingiz mening ham yutug‘im”, der edilar. G‘oliblikdan ruhlanib, tirishqoqlik bilan o‘qishni davom ettirdim. She’r, hikoya, maqolalar yoza boshladim.
Bibirobiya ustoz maktabdan ketgan bo‘lsalar-da, qalbimizdan ketmadilar.
Og‘abek SHUKURULLAYEV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Beruniy tumani 47-maktab 4-sinf